Shota Rustaveli koʻchasida harakat tartibidagi oʻzgarishlar haqida maʼlumot berildi

    2025-yil 7-oktyabrdan boshlab Shota Rustaveli koʻchasida markaziy avtobus yoʻlagi faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda. Transport vazirligi ushbu hududda harakatlanish boʻyicha qisqa qoʻllanma berdi.

    Qayd etilishicha, birinchi bosqichda ushbu yoʻlak orqali 37, 57 va 58-sonli avtobus yoʻnalishlari harakatlanadi.

    Avtobuslar endi yoʻlning oʻrta qismidagi maxsus ajratilgan yoʻlakda harakatlanadi. Yoʻlovchilar avtobusga yoʻl oʻrtasida joylashgan maxsus platformalar orqali chiqib tushadi.

    Yoʻlovchilar uchun:

    • Platformaga faqat belgilangan piyodalar oʻtish joylari orqali chiqing, belgilanmagan joydan oʻtish qatʼiyan man etiladi.
    • Avtobusni faqat old tomonidan aylanib oʻting. Yoʻlovchilar yoʻlni faqat belgilangan piyodalar oʻtish joylari orqali kesib oʻtishlari mumkin.
    • Platformada sariq xavfsizlik chizigʻi ortida turing, avtobus toʻliq toʻxtagachgina eshikka yaqinlashing.
    • Avval keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va bolali yoʻlovchilarga yoʻl bering.
    • Bekat atrofida toʻxtab, suratga olish yoki telefondan foydalanishda ehtiyot boʻling – xavfsizlikni unutmang.

    Haydovchilar uchun:

    • Shota Rustaveli koʻchasining oʻrta yoʻlagi faqat avtobuslar harakati uchun moʻljallangan.
    • Bu yoʻlakda boshqa transport vositalarining harakatlanishi, toʻxtashi yoki yoʻlni kesib oʻtishi qatʼiyan taqiqlanadi.
    • Markaziy yoʻlakda avtobuslarga ustuvorlik beriladi. Ruxsat etilgan kesishmalarda avtobus harakatiga yoʻl bering.
    • Ikki yoʻnalishda ham chapga burilish va ortga qayrilib olish taqiqlangan.
    • Chapga burilish yoki qayrilish zarur boʻlgan haydovchilar belgilangan chorrahalar orqali harakatlanishlari lozim.

    Markaziy avtobus yoʻlagi — Toshkent transport tizimini zamonaviylashtirish yoʻlidagi muhim qadamdir.

    Barcha yoʻl harakati ishtirokchilaridan hamkorlik, ehtiyotkorlik va madaniyatli harakatlanish soʻraladi.