Navoiy viloyatida Qiziltepa tumani Favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi «my.gov.uz” portali orqali kelib tushgan murojaat asosida savdo va maishiy xizmat koʻrsatish kompleksiga yongʻin xavfsizligi boʻyicha ijobiy xulosa berish evaziga 3000 AQSH dollari talab qilgan. U Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan pulni xizmat xonasida olgan paytda ushlangan.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Surxondaryo viloyatida Jarqoʻrgʻon tuman Majburiy ijro boʻlimi boshligʻining oʻrinbosari va davlat ijrochisi ikki holatda pora olgan paytda qoʻlga tushdi. Ular xorijga chiqish taqiqini bekor qilish uchun 600 dollar va fermer xoʻjaligining yer maydonlarini auksionga chiqarmaslik uchun 10 million soʻm olgan.
Ularning qilmishi boʻyicha Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Toshkent shahrida advokatlik byurosi advokati va advokatlik hayʼati aʼzosi qamoq ehtiyot chorasini uy qamogʻiga oʻzgartirish evaziga 14 ming dollar talab qilgan. Ular Olmazor tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.
Ushbu ikki shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a,v” bandlari va 28 orqali 211-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Eslatib oʻtamiz, xizmat mavqeyini suiisteʼmol qilish va pora orqali boyish qonunchilikka muvofiq jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi. Korrupsiya jamiyatda ishonchni yoʻqotadi va fuqarolar manfaatiga zarar yetkazadi.
Ogoh boʻling, korrupsiya domiga tushmang.









