Jizzax va Samarqandda noqonuniy dori vositalari savdosi fosh etildi

    Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Jizzax va Samarqand viloyatlarida noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shugʻullangan shaxslar qoʻlga olindi.

    Jumladan, Jizzax shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda 1993-yilda tugʻilgan ikki nafar fuqaro tegishli hujjatlarsiz 400 dona “MISOPROSTOL” tabletkalari, 139 dona kapsula, 2 dona balzam va ularni qadoqlash uchun moʻljallangan 26 dona qutini 5 ming AQSH dollariga sotish paytida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Tadbir davomida shahardagi bir ayollar fitnes-klubida qoʻlga olingan shaxslar tashkil etgan yashirin sex faoliyati fosh etildi. U yerda turli xil dori vositalari qoʻlbola usulda qadoqlanib, sotuvga tayyorlanayotgani aniqlandi.

    Joyni koʻzdan kechirish jarayonida 1 dona qadoqlash uskunasi, 141 dona tayyor kapsula, 1 040 dona soxta gologramma, 237 dona shtrix-kod, 1 014 dona boʻsh kapsula hamda turli xil quti va paketlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.
    

    Shuningdek, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbirda 1998-yilda tugʻilgan, farmatsevtika mahsulotlari chakana savdosi bilan shugʻullanuvchi MCHJ menejeri qoʻlga olindi.

    U Qirgʻiz Respublikasidan aylanma yoʻllar orqali olib kirilgan va tarkibida psixotrop moddalar mavjud boʻlgan 9 800 dona dori vositasini shartli xaridorga 25 million soʻmga sotishga uringan paytida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Hozirda har ikki holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.