“Darband” postidagi tarozi hokimning qarindoshiniki emas

    Surxondaryo hokimligi “Darband” postidagi tarozi hokim qarindoshiga tegishli degan xabarlarni rad etdi.

    Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari chegarasida, M–39 xalqaro avtomobil yoʻlining 1326-chaqirigʻida joylashgan “Darband” yoʻl-patrul postidagi tarozi goʻyoki viloyat hokimining qarindoshiga tegishli ekani haqidagi xabarlar tarqaldi.

    Bu borada Surxondaryo viloyati hokimligi quyidagilarni maʼlum qildi:

    “Darband” postida oʻrnatilgan «Tenso M VA–20P» rusumli yuk tarozisi — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktyabrdagi PQ–330-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 26-dekabrdagi 342-son qarori asosida faoliyat yurituvchi Boysun tumani Yoʻllardan foydalanish korxonasi davlat muassasasiga tegishli.

    Demak, mazkur tarozi xususiy shaxsga emas, balki davlat muassasasi balansida boʻlib, uning hokim qarindoshiga tegishli ekani haqidagi maʼlumotlar asossiz va haqiqatga toʻgʻri kelmaydi.

    Hokimlik taʼkidlashicha, “Darband” postidagi yuk ogʻirligini oʻlchash tizimi — yoʻl infratuzilmasini asrash, harakat xavfsizligini taʼminlash va ortiqcha yuk tashish holatlarining oldini olish maqsadida oʻrnatilgan.

    Hozirgi paytda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi hamda Avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi tomonidan postdagi nazorat jarayonlari 24/7 rejimida kuzatuv va tahlil ostiga olingan.

    Tekshiruvlar natijasiga koʻra, ayrim yuk mashinalari nazoratdan qochish maqsadida post atrofida sunʼiy tirbandlik keltirib chiqargani aniqlangan. Ularga belgilangan tartibda tarozidan oʻtish taklif qilingan boʻlsada, baʼzilari bundan bosh tortgan.

    Shu bilan birga, meʼyoriy yuk bilan harakatlanayotgan transport vositalari tarozidan toʻsiqsiz oʻtmoqda, ularning harakatida hech qanday muammo kuzatilmayapti.

    Surxondaryo viloyati hokimligi aholini ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan asossiz maʼlumotlarga ishonmaslikka va faqat rasmiy manbalarga tayanishga chaqiradi.