Jumladan, murojaatda qurilish tashkiloti — “Golden House Property Group” MCHJ isteʼmolchi oʻz tashabbusi bilan shartnomani bekor qilgan taqdirda toʻlangan mablagʻning yoki shartnoma qiymatining 10 foizi miqdorida jarima undirish huquqiga egaligi, shuningdek, mijozlar ushbu kompaniya faoliyatidan norozilik bildirib rasmiy idoralar yoki OAVga murojaat qilgan taqdirda ham ularga nisbatan jarima qoʻllanishi belgilangani qayd etilgan.
Raqobat qoʻmitasi tomonidan oʻrganishlar olib borilib, “Golden House” kompaniyasi ulush kiritish asosida koʻp qavatli uydan xonadon sotib olish shartnomalarida aynan shunday tartib joriy etgani aniqlandi. Bu esa isteʼmolchi huquqlarini cheklovchi shart hisoblanadi.
Shu munosabat bilan Raqobat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni 4, 6, 21 va 23-moddalari talablariga asosan, kompaniyaga qonun buzilish holatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etish boʻyicha rasmiy koʻrsatma berdi.
Eslatma: “Tadbirkorlik faoliyati erkinliklari kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 9-moddasiga koʻra, tadbirkorlik subyektlari raqobat toʻgʻrisidagi va isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etishi shart.








