Toshkent viloyatida turizm salohiyatini yanada rivojlantirishda talabalarning ham ishtiroki va hissasi oshadi

    Koʼhna tamaddun va madaniyatlar chorrahasida joylashgan Oʼzbekiston jahondagi turizm salohiyati yuqori va jozibador davlatlardan biri. Mamlakatimizda 7 mingdan ziyod nodir tarixiy yodgorlik, betakror arxitektura namunalari mavjud.

    Iqtisodchilar turizm mamlakat taraqqiyoti drayveri, iqtisodiy yuksalishning muhim harakatlantiruvchi kuchi ekanini taʼkidlaydi. Haqiqatan, rivojlangan davlatlar — Frantsiya, Ispaniya, АQSh, Xitoy, Italiya, Meksika, Buyuk Britaniya, Turkiya, Germaniya, Tayland, Shveytsariyada hayot farovonligi darajasi oshishi sayyohlar koʼpligi, turizm infratuzilmasi rivojlangani bilan bevosita bogʼliq.

    Hujjatlar muhim dasturilamal boʼlmoqda

    Soʼnggi yillarda mamlakatimizda sohani rivojlantirishga qaratilgan koʼplab islohotlar boʼy koʼrsatdi. Farmon va qarorlar qabul qilinib, pirovardida betakror yurtimizga sayyohlar oqimi oshdi.

    Prezidentimiz raisligida mamlakatimiz turizm salohiyatini jadal rivojlantirish yuzasidan joriy yil 29 mart kuni oʼtkazilgan videoselektor yigʼilishida Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutiga Toshkent viloyatining Boʼstonliq, Parkent va Ohangaron tumanlari hamda Аngren shahrining turistik salohiyatini oshirish asosiy vazifa etib belgilandi.

    Shuningdek, davlatimiz rahbari 2023-yil 26-aprel kuni “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qarorni imzoladi.

    Turizm xizmat koʼrsatish sohasini ragʼbatlantiradi hamda shu orqali aeroportlar, vokzallar, umuman, transport tizimi, mehmonxonalar, mehmon uylari, xostellar, umumiy ovqatlanish, savdo, hunarmandchilik, madaniyat va sanʼat sohalari rivojlanishining asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani ham bejiz emas. Bu jarayonda turizm sohasidagi qonun hujjatlarini oʼz muddatida sifatli ijro etish muhim ahamiyatga ega.

    Videoselektor yigʼilishi hamda qarorda belgilangan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida tajribali mutaxassislar, professor-oʼqituvchilar hamda iqtidorli talabalardan iborat ishchi guruh shakllantirilib, ish boshlab yuborildi. Eng avvalo, turizm klasterini tashkil etish maqsadida institutimiz hududida 10 qavatli mehmonxona kompleksini barpo etish yuzasidan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqildi.

    Turizm klasteri bu — turizm sohasi tarmoqlarining ham geografik, ham ishlab chiqarishning oʼziga xosligi va yaqinligini nazarda tutadigan innovatsion shakli. U alohida turistik korxonalar, tashkilot va firmalarning mavjud turistik resurslardan samarali foydalanish, barcha asosiy faoliyat uchun xarajatlarni kamaytirish, sinergetik samaraga erishish hamda oʼzaro hamkorlik doirasidagi tashkiliy tuzilmalarning raqobatbardosh ustunliklariga erishish imkonini beradi.

    Turizm klasteri shakllanishi texnik-texnologik, tashkiliy, marketing va boshqa sohalarga innovatsiyalarni joriy etish orqali uning unumdorligi va samaradorligini oshirishga olib keladi hamda tadbirkorlik faoliyatining zamonaviy shakl va turlari kengayishini ragʼbatlantiradi.

    Hududlarda Singapur tajribasini ommalashtirish

    Mamlakatimizda turizm endi-endi taraqqiyotga yuz burmoqda. Demak, hali oldimizda ishlar koʼp. Bu yoʼnalishda xalqaro tajribalar oʼrganilib, amaliyotga joriy etilyapti.

    Biz turizm sohasini rivojlantirishda Singapur tajribasini tatbiq qilish imkoniyatlarini oʼrganish maqsadida Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda hududlarga bordik va chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqdik.

    Sohada mutaxassislar tayyorlash, ularning malakasini oshirish dolzarb masalalardan sanaladi. Turizm va mehmondoʼstlik sohasi mutaxassislari uchun qisqa muddatli treninglar, malaka oshirish kurslari va mahorat darslari dasturlari ishlab chiqildi. Xorijiy til va muloqot koʼnikmalari, mehmon kutib olish va kuzatish, mehmonxona va restoran, xona xizmatlari, axborot texnologiyalari, buxgalteriya, marketing mutaxassisligi kabi yoʼnalishlarda darslar oʼtildi. Oʼzbek, rus va ingliz tillarida shu sohaga oid maxsus soʼzlashgich kitobi tayyorlandi.

    Turizm va mehmondoʼstlik sohasida tahsil olayotgan yoshlar hamda mutaxassislar oʼrtasida “Innovatsion startap” loyihasini ishlab chiqish boʼyicha tanlov eʼlon qilindi. Ishtirokchilarga oʼz loyihalarini amalga oshirish boʼyicha institut tomonidan muntazam koʼmak berib boriladi.

    Hududlarning diqqatga sazovor manzillari toʼgʼrisidagi “Turizm xaritasi” hamda qiziqarli faktlar toʼplamlari uchun maʼlumotlar jamlandi. Biriktirilgan hududlarning turistik salohiyati toʼgʼrisida maʼlumotlar bazasi tayyorlandi. Ularni 12 xorijiy tilga tarjima qilish belgilangan. Bu mamlakatimizga tashrif buyurgan yoki yurtimiz sayyohlik salohiyatiga qiziqqan xorijliklarga sayohat obʼektlari bilan tanishish imkonini beradi.

    Talabalar sayyohlik firmasi ochdi

    Nazariy bilimlar amaliyot bilan uygʼun olib borilsa, talabalar professor-oʼqituvchidan eshitgan maʼlumotini amalda qoʼllash imkoniga ega boʼlsa, bu talaba yoshlar uchun sohani yanada jozibador qiladi. Oʼz ishiga qiziqish va mehr bilan yondashadi.

    Institutimiz talabalari ishtirokida barqaror turizmga oid “Eng qiziqarli videoroliklar” tanlovi eʼlon qilinishi ularning sohaga qiziqishiga, yangi gʼoyalarni oʼrtaga tashlashiga, shu asosda soha taraqqiyotiga hissa qoʼshishiga sabab boʼladi. Loyiha doirasida tayyorlangan eng yaxshi roliklar tanlov asosida “Video-jurnal” shaklida internet sahifalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritiladi.

    Institutimizga biriktirilgan hududlarda Buyuk Britaniya taʼlim dasturi asosida turizm yoʼnalishi boʼyicha tahsil olayotgan talabalarning malaka oshirish amaliyoti tashkil etildi. Shuningdek, boshqa yoʼnalishda tahsil olayotgan talabalarning hududlarga mavsumiy sayohatlari amalga oshirilmoqda.

    Turkiy davlatlarning turizm va mehmondoʼstlik yoʼnalishidagi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda hududlarda “Tourism Fest” festivalini oʼtkazish belgilandi. Bularning barchasi talabalar uchun yaratilayotgan muhim imkoniyatdir.

    Xorij tajribasini oʼrganish uchun yana bir hamkorlikka qoʼl urildi. Gap shundaki, Frantsiyaning Oʼzbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda Frantsiya oʼqitish metodologiyasiga asoslangan oʼzaro almashuv dasturlari, xalqaro konferentsiyalar, yozgi maktablar, oʼqituvchilar malakasini oshirishda oʼzaro stajirovka dasturlarini amalga oshirish rejalashtirildi. Bu oʼqituvchilar va talabalar uchun xalqaro tajribani oʼrganishda muhim qadam boʼlishi shubhasiz.

    Biriktirilgan hududlar turistik jozibadorligini oshirish maqsadida institutimiz tomonidan har yili tashkil etiladigan “IV Millenials Tourism Festival” xalqaro turizm festivali doirasida tadbirlar tashkil etish rejalashtirildi. Mazkur tadbirlarga tashrif buyuradigan xorijiy mehmonlarga sifatli xizmat koʼrsatish maqsadida institutning turizm fakulьteti talabalari tomonidan yangi “New Age team” sayyohlik firmasi tashkil etildi. Bu — talabalar uchun tayyor amaliyot. Ular sohadagi har bir jihatga eʼtibor bilan qarashga, masʼuliyat bilan yondashishga oʼrganmoqda. Hozirda talabalar ishtirokida hududlarga sayohatlar tashkil qilinib, shu orqali kamchilik va muammolar tizimli bartaraf etiladi, yigit-qizlar oʼz mahoratini oshirib boradi.

    Zamonaviylik asosida ishlaymiz

    Yuqorida taʼkidlaganimizdek, Boʼstonliq, Parkent va Ohangaron tumanlari, Аngren shahrida allaqachon ishlar boshlab yuborildi. Аprelь oyida institutimiz shu hududlarda turizm va mehmondoʼstlik sohasi vakillari uchun seminar-trening tashkillashtirdi. Unda professor-oʼqituvchilar, yetakchi mutaxassislar, talabalar hamda turizm vakillari ishtirok etdi. Institutimiz innovatsion trening dasturi rivojlangan xorijiy mamlakatlarning shu soha boʼyicha yetakchi taʼlim muassasalari oʼqitish uslubiga asoslangan.

    Treningdan koʼzlangan asosiy maqsad turizm sohasi mutaxassislari bilim va koʼnikmasini, shuningdek, xizmat koʼrsatish sohasini boshqarishda malakasini oshirishdan iborat. Eng muhimi, seminar-treninglar amaliy samarasini beradi.

    Hali oldimizda vazifalar koʼp

    Har bir ish tizimli, muayyan reja asosiga quriladi. Toshkent viloyatida turizm rivoji uchun amalga oshirilayotgan ishlar qizgʼin pallaga kirmoqda. Buning uchun, avvalo, hududning turizm brendini yaratish, turizm va mehmondoʼstlik sohasida malaka oshirish qisqa oʼquv kurslarini tashkil etish muhim vazifalardan sanaladi. Bundan tashqari, viloyatning turistik salohiyatini namoyon qiluvchi saytini yaratish, bosqichma-bosqich takomillashtirib borish talab etiladi.

    12 xorijiy tilda maʼlumotlar jamlangan kontent tayyorlash, sayohat yoʼnalishlari ishlab chiqish, oʼzbek, rus, ingliz, koreys, nemis, ispan va boshqa tillarda videoroliklar, qisqa metrajli filьmlar tayyorlash, hududlarning turistik xaritasini ishlab chiqish orqali sayyohlar jalb etiladi. Bunda 21 ta turizm mahallasida yangi sayyohlik maskanlarini tashkil etish, mutasaddi xodimlarni Singapurga qisqa muddatli oʼquv va amaliyot kurslariga yuborish rejalashtirilgan.

    Turizmni rivojlantirishning jahon amaliyoti shuni koʼrsatadiki, mazkur industriyani yuqori daromadli sohaga aylantirish uchun davlat va xususiy sektordagi barcha ishtirokchilar saʼy-harakatini birlashtirish va mustahkamlash zarur. Bunda hukumatning roli turizm sohasida rivojlanish siyosatini muvofiqlashtirish va rejalashtirishni taʼminlashdan iborat.

    Shu maqsadda Ohangaron tumanida yangi sayohat yoʼnalishlari ishlab chiqish, turizm qishloqlariga xorijlik sayyohlarni jalb qilish, tumanda faoliyat yuritmayotgan oromgohlarda turistik xizmatlar tashkil etish yoʼlga qoʼyiladi.

    Boʼstonliq tumani boʼyicha etno qishloqlar, diqqatga sazovor joylar va tabiat yodgorliklari toʼgʼrisida joyning manzili (lokatsiyasi) aks etgan va batafsil tarixi toʼgʼrisida kitob tayyorlash rejalashtirilgan. Bu boʼyicha boshlangan ishlar amalga oshsa, hududning sayyohlik obʼektlari haqida sayyohlarda yoki tumanga tashrif buyurishni niyat qilgan xorijlik va yurtimiz fuqarolarida yaqqol tushuncha va taassurot paydo boʼladi.

    Bundan tashqari, institutimiz talabalarining Boʼstonliq tumanidagi turistik obʼektlar haqida kontent va rolik tayyorlab, ijtimoiy tarmoqlar (TikTok, Instagram, Telegram, Fasebook) orqali keng yoritib borishi yoʼlga qoʼyiladi. Madaniy va koʼngilochar festivallar tashkil etish, tanlab olingan koʼchani “Turizm koʼchasi”ga aylantirish belgilangan. Ichki sayyohlikni rivojlantirish maqsadida oʼquvchi va talabalarning Parkent tumaniga sayohatlari uyushtiriladi. Sayyor seminar-treninglar hamda sport musobaqalari oʼtkaziladi. “Uzum sayli” festivali tashkil qilinadi. Bu yoʼnalishdagi ishlar Аngren shahrida ham amalga oshiriladi. Intensiv malaka oshirish kurslari olib boriladi.

    Prezidentimiz oʼtgan yili sentyabr oyida Toshkent viloyatiga tashrifi chogʼida turizm sohasi imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanilmayotganini tanqid qilib, “Imkoniyatimiz bor, lekin foydalanmaymiz. Odamlarga sharoit yaratib berilsa, dam olishga chiqishni xohlaydiganlar juda koʼp. Xudoga shukr, xalqimizda pul bor. Lekin ularga yetarli sharoit yoʼq. Parkent, Аngren va Ohangaron togʼli hududlarida zamonaviy turizm klasterlarini tashkil etish ishlarini boshlash vaqti keldi”, degan edi.

    Bugun Toshkent viloyatida boshlangan va katta ishtiyoq bilan amalga oshirilayotgan islohotlarga institutimiz jamoasi ham daxldorlik hissi bilan yondashmoqda. Bu soha taraqqiyotida talabalarimiz ishtirokini va hissasini yanada oshiradi.

    Ilhom MАMАTQULOV,

    Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti rektori