Farzandini “lager”ga yuborayotgan ota-onalar uchun huquqiy eslatmalar berildi

    Ijtimoiy hayot 31 May 2023 4452

    Oromgohlar sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlari, xavfsizlik talablariga toʻliq javob berishi shart.

    1. Oromgohlar qanday talablarga javob berishi kerak?

    Oromgohlar sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlari, xavfsizlik talablariga toʻliq javob berishi shart.

    Har bir oromgohda tibbiy punkt tashkil etilib, u tez tibbiy yordam koʻrsatish uchun zarur boʻlgan barcha dori-darmonlar va tibbiy asbob-uskunalar bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.

    1. Oromgohdagi guruhlar tarkibidagi bolalar soni qancha boʻlishi kerak?

    Oromgohda bolalarning yoshini hisobga olgan holda guruhlar tuziladi. Guruhlardagi bolalar soni 7 – 9 yoshdagi bolalar uchun 30 nafardan, 10 – 14 yoshdagi bolalar uchun 40 nafardan oshmasligi kerak.

    1. Oromgohlar davomiyligi necha kun?

    Oromgoh davomiyligi odatda uning egalari tomonidan belgilanadi. Bunda sogʻlomlashtirish muddatlari yozgi mavsumda 10 kundan, kuzgi, qishki va bahorgi mavsumda 7 kundan kam boʻlmasligi lozim.

    Mehnat va dam olish oromgohlarida har bir mavsum 12 kundan koʻp boʻlmagan muddatga belgilanadi.

    1. Oromgoh uchun yoʻllanmalar pulida imtiyozlar bormi?

    Bolalar oromgohlarga yoʻllanma asosida yuboriladi. Yoʻllanma oromgohlardan sotib olinadi.

    Ota-onasi ishlayotgan bolalar kasaba uyushmalari tizimidagi oromgohlarga yuborilganda yoʻllanma narxining 55 foizi kasaba uyushmasi tomonidan toʻlab beriladi.

    Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari farzandlari uchun oromgohlarga yoʻllanma olganda yoʻllanma narxining 50 foizgacha qismi ish beruvchining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan berilishi mumkin.

    1. Bola kasal boʻlganda oromgohga qabul qilinadimi?

    Oromgohlarda 5 kishilik tarkibda bolalarni qabul qilish va kuzatish komissiyasi tuziladi.

    Bolalar yoʻllanma va bolaning sogʻligʻi haqidagi tibbiy maʼlumotnoma (079/x-shakl) asosida oromgohga qabul qilinadi. Oromgohga bolalar oromgoh tibbiyot xodimlari koʻrigidan oʻtkazilgan holda qabul qilinadi.

    Tibbiy koʻrik jarayonida bolada biror kasallik alomati aniqlansa, bola oromgohga qabul qilinmaydi va uning davolanishi uchun 3 kun muddat beriladi. Bola 3 kun ichida davolanib kelganda qabul qilinadi.

    Davolanish 3 kundan koʻp davom etsa, ota-onasining 10 kunda bergan murojaatiga asosan bolaga berilgan yoʻllanma qaytarib olinadi, yoʻllanma uchun toʻlangan mablagʻning 85 foizi qaytariladi.

    1. Ovqatlar xavfsizligiga kim javobgar?

    Oromgohlarda bolalarning yoshi va mavjud kasalliklarini eʼtiborga olgan holda kun tartibi ishlab chiqilib ovqatlantirish tashkil etilishi va muntazam ravishda nazorat qilib borilishi shart.

    Bolalar uzluksiz ravishda oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanishi, ularning sifati va belgilangan meʼyorlarga mosligi doimiy ravishda nazorat qilib borilishi kerak.

    Oshxona ishi ustidan doimiy nazorat olib borilib, taomnoma tuzishda shifokor ishtirok etishi kerak. Tayyor ovqatlar kaloriyasi tekshirib boriladi, tashqaridan keltirilgan oziq-ovqat mahsulotlari shifokor ruxsatisiz bolalarga berilmaydi.

    Oromgoh maʼmuriyati bevosita oziq-ovqat xavfsizligiga javobgar boʻladi.

    1. Oromgohda bolalar kasal boʻlib qolsa yoki shikastlansa, qanday choralar koʻriladi?

    Bolalar kasal boʻlganida yoki ular yiqilib shikastlanganda bepul birinchi tibbiy yordam koʻrsatiladi.

    Bolalarning hayoti, sogʻligʻi uchun tibbiyot xodimlari va oromgoh rahbariyati masʼul hisoblanadi.

    Bolalarning sogʻligi muntazam ravishda kuzatib boriladi, ular shifokor tomonidan reja asosida tibbiy tekshiruvdan oʻtkazilib boriladi.

    Mavsumiy kasalliklar (oʻtkir ichak kasalliklari) koʻpayishi mumkin boʻlgan oylarda tibbiyot xodimlari tomonidan kasallikning oldini olish va zarur boʻlganda davolash ishlari tashkil etiladi.

    Yuqumli kasalliklar aniqlanganda, bu haqda sogʻliqni saqlash muassasalariga va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining hududiy boʻlinmalariga maʼlum qilinadi va bemor bola bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi rahbari nazoratida shifoxonaga yotqiziladi.

    1. Bolalar xavfsizligini taʼminlash uchun qanday choralar koʻriladi?

    Oromgohlarda tartibni saqlash va xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha doimiy navbatchilik tashkil etiladi.

    Bolalarning har qanday xavfsizligi uchun oromgoh maʼmuriyati masʼul hisoblanadi.

    Bolalar oʻzaro janjallashishi, bir-biriga nisbatan har qanday tazyiq oʻtkazishi mumkin emas, oromgohning ichki tartib-qoidalariga bu kabi qoidalar kiritiladi. Mazkur qoidalar barcha bolalar uchun majburiy boʻlib, bolalar oromgohga kelgan dastlabki kunlarda bu qoidalar ularga tushuntiriladi.

    Bolalar xavfsizligini taʼminlash maqsadida bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari hududiga begona kishilarning kirishi yoki u yerda yashashiga yoʻl qoʻyilmaydi.

    1. Oromgohda bolalar toʻgarakni oʻz xohishiga koʻra tanlashi mumkinmi?

    Ha, bolalar oromgohda qiziqishiga koʻra toʻgarak turini tanlash va unda bepul taʼlim olish huquqiga ega.

    Bundan tashqari, bolalar quyidagi huquqlarga ega:

    • oromgohning ichki tartib-qoidalari bilan tanishish;
    • oromgohning tibbiy va qoʻshimcha taʼlim xizmatlaridan foydalanish;
    • oromgohning moddiy-texnika bazasidan samarali foydalanish;
    • oromgohdagi sharoit, ovqatlanish, tibbiy xizmat va oʻquv jarayoni masalalarida yuzaga kelgan muammolar boʻyicha oromgoh rahbariyatiga murojaat qilish;
    • oromgoh faoliyatini takomillashtirishga oid takliflar berish.
    1. Oromgoh muddati tugamasidan ota-onalar oʻz farzandini olib ketishi mumkinmi?

    Ha mumkin, ota-onalar oʻz xohishiga koʻra bolalarni oromgohdan muddatidan oldin olib ketish huquqiga ega.

    Shuningdek, ota-onalar oromgoh tomonidan bolalarga sifatli xizmat koʻrsatilishini talab qilish, oromgohning ichki tartib-qoidalari, kun tartibi va taomnoma bilan tanishish huquqiga ega.