Tabiat qoʻynida dam olib, choʻlda ov qilish, hayvonot bogʻini tomosha qilish istagidagi sayyohlar tumanda yagona ana shu ekomaskanga keladi. Qumliklar qoʻynidagi bu bunyodkorlik, bu goʻzallikning yaratuvchisi esa Iqlima Joʻrayeva boʻladi.
Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oldidan bir guruh faol yurtdoshlarimiz qatori Iqlima Joʻrayevani ham “Shuhrat” medali bilan taqdirladi. Salkam 30 yildan buyon tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanib kelayotgan ayol uchun bu quvonchli voqea bir tomon boʻlsa, Prezidentimiz bilan samimiy muloqoti yanada hayajonli boʻldi. “Davlatimiz rahbari koʻksimga mukofotni taqayotganida “men hududimizda birinchilardan boʻlib ekoturizm barpo qildim, u yerda ihota tashkil etdim, sizni rosa kutdim, bormadingiz”, deganimda, albatta, boraman, deb aytgani qulogʻimdan ketmayapti”, deydi Iqlima opa suhbat anosida.
Ovchilikda hushyorlik zarur
Ayolni hudud ahli ishbilarmon, bir ishning boshini tutsa, amalga oshirmaguncha qoʻymaydigan tadbirkor sifatida yaxshi biladi. Bu xislat uning feʼliga bolalikdan singgan boʻlsa kerak. Hali 17 yoshidayoq payabzal fabrikasi, keyinroq ip yigiruv va toʻquv fabrikasida ishlagan qahramonimiz qariyb 30 yildan beri koʻplab xususiy korxonalarga rahbarlik qildi.
— 1999-yilda turmush oʻrtogʻim vafot etib, bir oʻgʻlim bilan qolgach, tadbirkorlikning etagidan mahkam tutdim, — deydi Iqlima opa. — Birin-ketin MCHJlar ochib, 2008-yilda maishiy xizmat koʻrsatish doʻkonini qurdik. Keyinroq, 2013-yilda “Firdavs Amon Oʻktam omadi” savdo majmuasi, 2019-yilda “Gold Opel Firdavs” MCHJning 40 dan ortiq oʻrinli mehmonxonasini ishga tushirdik. Faoliyatimizning asosiy qismi odamlarga, mehmonlarga xizmat koʻrsatishdan iborat.
Iqlima opaning yana bir sevimli mashgʻuloti bor, bu — ovchilik. Bolalikdan boshlangan bu qiziqish unga otasidan oʻtganini aytadi. Ammo bu oʻtkinchi qiziqish emasdi, mana, 20 yildirki, ayol ovchilik bilan ham shugʻullanib keladi. Qahramonimiz Oʻzbekistonda ovchilik guvohnomasini olgan yagona ayol. Merganlikda uncha-muncha ovchi erkaklarni ortda qoldiradi. Oʻta qiziquvchan va tavakkalchi boʻlmagan insonning bu mashgʻulotga kirishishi oson emas. Ayniqsa, u nozik xilqat vakilasi boʻlsa, doim yelkasida ov quroli bilan yovvoyi tabiat bagʻriga qoʻrqmay kirishiga toʻgʻri kelsa.
— Maktabda tir toʻgaraklari bor edi. Oʻsha paytdan miltiq ushlashga mehrim tushgan, — deydi Gʻijduvon farzandi. — Koʻpincha ayollar qilmagan ishlarni qilishni yaxshi koʻraman. Men juda qiziquvchanman. Birinchi marta quyonni bitta otishda yiqitganman. Otishda kam xato qilaman. Ovchilarning arzimagan xatosi orqasidan katta koʻngilsizliklar boʻlishi mumkin. Shuning uchun juda diqqatli boʻlish kerak. Jaydari qilib aytganda, ovchida oltinchi sezgi ishlashi lozim. Qolaversa, har doim hushyor, sergak boʻlish muhim. Ov qilayotgan kishi otgan oʻqi qayerga borishini oldindan bilishi kerak.
Iqlima opa har bir ishni tartibli qilishga odatlangan. Ovda ham shunday. Belgilangan meʼyorlardan chetga chiqmaydi, qonun doirasida ov qiladi. Har bir otiladigan jonzot uchun toʻlov borligini yaxshi biladi. Ortiqcha otilgan hayvon uchun jarima ham bor. Biror taqiqlangan joyda, man etilgan jonivorga ozor bermaydi.
Tashlandiq joydagi goʻzallik
Iqlima opa, ayniqsa, choʻl bagʻrida ov qilishdan zavq oladi. Buni boshqalar ham oʻzida his etishi, sahro ichida gastronomik turizmni rivojlantirish, Gʻijduvonga koʻproq sayyohlarni jalb qilish maqsadida oʻtgan yili katta loyihaga qoʻl urdi. Uning gʻoyasi suvsiz, tashlandiq boʻlib yotgan choʻl maydonini obod maskanga aylantirib, u yerda dam olish maskani tashkil etishdan iborat edi. Loyihasi bilan xalqaro tanlovda ishtirok etib, oʻtgan yil boshida AQSHning USAID tashkilotidan 31 ming dollarli grant yutib oldi. Tashkilot tadbirkorga tanlangan hududda 10 ta oʻtov oʻrnatib berib, grant doirasida u yerni obod qilishga koʻmaklashdi.
Ekoturizm zonasi Gʻijduvon tumani markazidan 20 kilometr uzoqlikda joylashgan “Baraka” mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli choʻl hududida tashkil etildi. Qisqa vaqtda oʻtovlar koʻtarilib, atrofiga 40 mingga yaqin turli-tuman koʻchat ekildi. Ularning orasida hudud iqlimiga mos daraxtlarning 30 dan ortiq turi bor. Hozir bari ancha boʻy choʻzib, choʻl bagʻrida goʻzal bogʻ manzarasini hosil qilgan.
Dam olish maskanida mehmonlar uchun barcha sharoit muhayyo. Oʻtovlar ichi zarur narsalar bilan jihozlangan. Mehmonlar bir necha kun tunab qolishi uchun ham qulayliklar yaratilgan. Hatto choʻlning oʻrtasiga gaz, elektr tarmoqlari tortib kelingan. Bu yerda kuniga 120 mehmonga xizmat koʻrsatish imkoniyati bor.
Salkam 33 gektarli maydonda ot sporti, dam olish zonalari, baliqxona, tuya sutidan qimron tayyorlash, miltiq otish sport turi yoʻlga qoʻyilgan. Mehmonlar betakror tabiat, oʻziga xos choʻl manzarasini tomosha qilish bilan birga, tuya va otda sayohat, kamondon oʻq otish, Shoʻrkoʻl kanalida baliq ovlash, “Safari” koʻngilochar mashgʻulotlarida qatnashishlari mumkin. Shuningdek, maskanda tuya, ot, tuyaqush, parranda va turli qushlardan iborat kichik hayvonot bogʻi tashkil etilgan. Bu yerning eng oʻziga xos tomoni shuki, mehmonlar ovga chiqib, ovlagan hayvonlarini yovvoyi tabiat bagʻrida oʻzlari pishirib yeyishi mumkin. Bu hozirgi kunda dunyoda rivojlanib borayotgan ekoturizm, gastronomik turizm, ekstremal turizm ishqibozlari uchun juda qiziqarli boʻladi.
— Bu yerlar avval suvsiz, tashlandiq joylar edi, — deydi Iqlima Joʻrayeva. — Yodimda, ilk bor 1980-yillarda oʻzlashtirilgan va ana shu oʻzlashtirish ishlarida otam rahmatli ham ishtirok etgan. U bu joylarni obod qilishga harakat qilgan, ammo boʻlmagan. Bir kun shu yerga kelganida, menga qarab, “qachonlardir shu yerlarni mening farzandim obod qilishini bilmagan edim, men senga ishonaman, oʻzimga oʻxshab bir narsani to koʻkartirmaguncha qoʻymaysan”, dedi. Har gal shu soʻzlarini eslasam, yanayam koʻproq kuchga toʻlaman.
Bunaqa tajriba oldin Gʻijduvonda qilinmagan. Oʻzi odatim shunday, biror yangi narsa topsam, tadbirkorlikda yangicha yoʻnalishni koʻrsam, uni rivojlantirgim, odamlar hayotiga olib kirgim keladi. Tashlandiq yerni obod qilish ham oson emas. Faqatgina foydani oʻylagan kishi choʻlning oʻrtasiga kelib pul tikmaydi. Buning uchun odamga yurak kerak, qiziqish kerak. Nimaga tavakkal qilayotganini his qilib, ertangi kunini koʻra bilishi lozim. Bu hayotda hech narsa oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Bu yerlarni obod, goʻzal maskanga aylantirish uchun minib yurgan mashinamgacha sotganman. Qolaversa, USAID ham menga katta yordam berdi. Bu tashkilot loyihalari ortidan koʻplab tadbirkor ayollarimiz ishini kengaytirayotganini eshitib, koʻrib xursand boʻlaman. Men ham ulardan biriman.
Ekosayohat zavqi
Qahramonimizning tabiatga, goʻzallik yaratishga, yashashga boʻlgan muhabbati boshqalarnikidan farq qiladi. Bu ayol biror joyni obod qilsa, yerga bitta boʻlsa ham koʻchat qadasa, shundan xursand boʻladi. Inson oʻzidan yaxshi nom va bogʻ qoldirishi kerak, deb hisoblaydi, doim shunga intiladi. Aks holda mahalla, tuman hududlarini obod qilishda ham faollik koʻrsatarmidi?! Ayol tashabbusi bilan mahalladagi 1,7 kilometr yoʻl qayta taʼmirlanib, asfalt qilindi. Soʻnggi 3 yilda mahallada 2 ming tup gul koʻchati ekishda ham barchaga ibrat boʻlib kelyapti. Oilasi bilan birga oʻz hisobidan tumanda “Koinot” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohini obod qilishdi.
Qahramonimiz choʻlning qoq oʻrtasida tashkil qilgan yangicha usuldagi voha ham qisqa vaqtda soʻlim dam olish maskaniga aylandi. Hozir bu joy dunyoning turli burchaklaridan keladigan sayyohlarni kutib olib, gastronomik turizm xizmatlari koʻrsatyapti. Qator oʻtovlar esa tunda chiroqlar yogʻdusida yanada chiroyli va ertaknamo koʻrinadi.
Iqlima opaning aytishicha, choʻl hududida oʻtov juda qulay boʻlib, bir joydan ikkinchi joyga koʻchirish ham oson. Qolaversa, ular oddiy uychalarga qaraganda noanʼanaviy koʻrinadi. Ular faqat tabiiy xomashyo — tol daraxti, tuya juni aralashtirilgan matolardan tayyorlanib, ichi keng boʻladi. Eshigi kunchiqarga, yaʼni shamol yoʻnalishiga qarshi tomonga oʻrnatilgan. Oʻtovlar ichi yozda salqin, qishda issiq boʻlishi, ayniqsa, qulay. Qishning izgʻirinida eshik ochiq tursa ham ichkari issiqligicha qolaveradi. Shunday boʻlsa-da, sovuq mavsumda oʻtov ichiga sandal oʻrnatiladi.
Iqlima opa choʻl tabiatini ham, u yerda odamlarni nima koʻproq qiziqtirishini ham yaxshi biladi. Chunki oʻzi shu yer farzandi, qolaversa, uzoq yillar ovchilik bilan shugʻullanib, bu yerni yaxshi oʻrgangan. Shu bois, sayyohlarga qiziq boʻladigan yangiliklarni qoʻshib borishdan charchamaydi.
— Buxoro, xususan, Gʻijduvonga keladigan mehmonlarga meʼmoriy binolarni tomosha qilishdan tashqari, gastronomik turizm, yovvoyi tabiat juda qiziq, — deydi tadbirkor. — Ularni ovga olib chiqqanimizda, koʻpchiligi suvning labida yoki sahroning oʻrtasida taom pishirishni istaydi. Buning uchun barcha sharoitni yaratganmiz. Mehmonlarimiz maza qilib dam olib qaytishini istaymiz. Chunki har bitta keladigan sayyoh — bu investitsiya, daromad manbai. Dunyoda turizm rivojlanib borayotgan hozirgi davrda biz oʻz imkoniyatlarimizdan yuqori darajada foydalanib, koʻproq sayyohlarni jalb qilishga intilishimiz kerak. Buning ortidan hudud ham, odamlarning turmush tarzi ham rivojlanadi.
Iqlima opa koʻp tarmoqli tadbirkor boʻlib, aniq bir yoʻnalishni tanlab oʻtirmaydi. Shunchaki, oʻziga maʼqul kelgan ishni ishtiyoq bilan bajaradi, boshlagan ishini oxiriga yetkazmaguncha qoʻymaydi. Faoliyati kengayib borishi ortidan 40 dan oshiq kishini ish bilan taʼminlagan. Faol tadbirkor sifatida turli tanlovlar gʻolibasiga aylanib, eʼtirof etib kelinyapti. U bundan yanada koʻproq kuch, ragʻbat oladi: “Bizdagi kabi tadbirkorlarga boʻlgan eʼtibor boshqa birorta davlatda boʻlmasa kerak. Alohida himoya, qoʻllab-quvvatlash, imtiyozlarni koʻrib, qanday qilib ishlamaslik mumkin. Inson oʻzini shu hududga oid deb bildimi, boʻldi, oʻsha joyni yaxshilashga harakat qilsa, koʻpchilikka foydasi tegadi. Men gʻijduvonliklarda shu tuygʻuni koʻraman. Tumandoshlarim orasida tadbirkorlar juda koʻp. Ularning bari men kabi davlatimiz boy boʻlsin, xalqimiz toʻkin-sochinlikda yashasin, turmush sharoiti yaxshilansin, degan maqsadda ekaniga ishonaman”.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri