Yaratuvchanlik va yakdillik yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga xizmat qiladi

    Fikr 26 Dekabr 2024 320

    Diplom uchun emas, mutaxassis boʻlib yetishish uchun oʻqiydigan payt keldi.

    Yurtimizda ishlab chiqarish sohasidagi yangilanishlar, yirik korxonalar bunyod etilishi iqtisodiyot rivojlanishiga xizmat qiladi. Mamlakatimiz qudratini oshiradi. Odamlarni ishli qiladi. Mehnatga munosabatni oʻzgartiradi. Bu, oʻz navbatida, shu tizimda faoliyat yuritishga qodir malakali mutaxassislarga talabni kuchaytiradi.

    Prezidentimiz raisligida joriy yil 20-iyun kuni muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu haqda atroflicha fikr yuritildi.

    Mamlakatimizda ishlab chiqarish korxonalari soni yildan yilga koʻpayib bormoqda. Ularning rivojlanishi mahsulot salmogʻi, sifati, eng asosiysi, malakali kadrlar salohiyatiga koʻp jihatdan bogʻliq. Agar har yili yurtimizda oʻrtacha 3 mingta sanoat korxonasi ishga tushirilishini inobatga olsak, bu 150 ming atrofida ish oʻrni yaratilishiga asos boʻladi. Xoʻsh, ularda mehnat qiladigan mutaxassislarning hammasi ham yetarli koʻnikmaga egami? Prezidentimiz yigʻilishda bu masala xususida ham alohida toʻxtalib oʻtdi. “Iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirish uchun bizga yuqori malakali muhandis-texnologlar suv bilan havodek zarur. Har bir vazir, tarmoq rahbari, rektor va professor-oʻqituvchi masʼuliyatni chuqur his qilib, qattiq ishlasa, izlansa, bunga albatta erishamiz”, deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

    Kadrlar salohiyati birgina oliy taʼlim muassasasi beradigan bilim bilan chegaralanib qolmaydi. Shuning uchun davlatimiz rahbari sohani rivojlantirish uchun yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Texnika yoʻnalishida oʻqitish va ilmiy tadqiqot jarayonlari ilgʻor tajribalar asosida toʻliq oʻzgarishi taʼkidlandi. Bu tizimdagi 36 ta oliy taʼlim muassasasi va ularning filiallari bosqichma-bosqich yiriklashib, jami 20 ta oliygoh qolishi, ular dual taʼlim tizimiga toʻliq oʻtishi belgilandi. Har bir hududda kamida bittadan texnika universiteti boʻlishi qayd etildi.

    Yigʻilishda belgilab berilgan vazifalar ijrosi bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti misolida aytadigan boʻlsak, Qashqadaryo viloyatidagi yirik sanoat korxonalari – “Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi” MCHJ, “Uzbekistan GTL” MCHJ va Dehqonobod kaliy zavodidagi muammolarni bartaraf etishga qaratilgan 5 ta loyiha bajarilmoqda. “Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi” MCHJ bilan hamkorlikda “Gaz-kimyo va energetika” ilgʻor muhandislik maktabi ochildi. “Tarmoq – korxona – oliygoh” tamoyili yoʻlga qoʻyildi.

    Yetuk kadr boʻlib yetishish uchun oʻqiydigan payt keldi

    Joriy yil 10-dekabr kuni Prezidentimizning “Qarshi davlat texnika universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinishi ham yuqoridagi vazifalar ijrosi yoʻlidagi muhim qadamlardan biridir. Unga muvofiq, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filiali hamda Toshkent kimyo-texnologiya institutining Shahrisabz filiali negizida Qarshi davlat texnika universiteti tashkil etildi.

    Universitetning asosiy vazifalaridan biri muhandislik, geologiya, ishlab chiqarish, qurilish, transport, energetika, axborot texnologiyalari va dasturlash, xizmat koʻrsatish hamda irrigatsiya tizimlari va agrotexnologiyalar sohalari boʻyicha zamonaviy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega muhandis kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishdan iborat. Bundan tashqari, taʼlim jarayoniga ilm-fan va texnikaning soʻnggi yutuqlarini qoʻllash, xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingida birinchi 300 talik roʻyxatga kirgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari tajribasi asosida taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish koʻzda tutilgan. Bir soʻz bilan aytganda, mehnat bozoriga raqobatbardosh kadrlar yetkazib berish, buning uchun barcha imkoniyatlarni yaratish va tatbiq etish talab etiladi.

    Mehnat bozorida talab yoʻq mutaxassisliklardan voz kechish vaqti keldi. Oliy taʼlim muassasalari oʻz taʼlim yoʻnalishlarini ishlab chiqarish sohasidagi talablardan kelib chiqib belgilashi lozim. Sababi, tizimda xususiy taʼlim tashkilotlari faoliyati ham rivojlanib borayotgani raqobat muhitini kengaytirmoqda. Ota-onalar, yoshlarning dunyoqarashi oʻzgaryapti. Diplom uchun emas, mutaxassis boʻlib yetishish uchun oʻqiydigan payt keldi.

    Qarorda malaka talablari va fanning oʻquv dasturlari ish beruvchilar takliflari hamda yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari dasturlari asosida xalqaro taʼlim standartlariga moslashtirilgan holda taʼlim jarayoniga joriy etilishini taʼminlash belgilangani bejiz emas. Bugun biz dunyoga yuz tutyapmiz, demak, oliygohlarimiz tayyorlagan kadrlar ham xorijiy uskunalarni bemalol boshqara oladigan, yuqori talablarga javob bera oladigan darajada tajribaga ega boʻlishi lozim. Bu tajribaga ega boʻlishning tamal toshi universitet bazasida boʻlishi maqsadga muvofiqdir.

    Taʼlim klasteri – mutaxassislar “fabrika”si

    Fan, taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasidagi integratsiyani kuchaytirish, kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan xayrli ishlar izchillik bilan davom etmoqda.

    Prezidentimizning 2022-yil 7-iyuldagi “Neft va gaz sohasida taʼlim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori taʼlim va korxonalar oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamladi. Qarorga koʻra, talabalarning nufuzli korxonalarda amaliyot oʻtashi, professor-oʻqituvchilarning esa oʻz bilim va malakasini oshirishi uchun imkoniyat eshiklari ochildi. Xoʻsh, uning amaliy natijalari nimalarda koʻrindi?

    Institutimiz misolida eʼtirof etishimiz mumkinki, qaror talablaridan kelib chiqib, viloyatdagi neft-gaz kimyosi sohasiga ixtisoslashgan yirik korxonalar bilan hamkorlik keng yoʻlga qoʻyildi. Bu hamkorlik samarasi oʻlaroq, talabalarning amaliyotini tashkil etish bilan bogʻliq koʻplab muammolar yechildi. Yaʼni talabalar uchun transport, maxsus kiyimlar, laboratoriyalardan foydalanish, korxona tomonidan mutaxassis biriktirish imkoniyatlari yaratildi. Ishlab chiqarish sohasi ilgʻor mutaxassislari oliy taʼlim muassasalarida dars oʻtmoqda. Iqtidorli professor-oʻqituvchilar va talabalarni saralash maqsadida turli tanlovlar joriy qilindi.

    2023-2024-yillar davomida institut talabalaridan 700 nafarining amaliyoti taʼlim klasteri tarkibidagi korxonalarda tashkil etildi. Ishlab chiqarish korxonalari takliflari asosida neft va gaz ishi, texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish hamda boshqarish, kimyoviy texnologiya, neft, neft va gazni qayta ishlash texnologiyasi kabi taʼlim yoʻnalishlari, yuqori molekulali birikmalar kimyoviy texnologiyasi, neft-gaz sanoati mashinalari va jihozlari mutaxassisligi boʻyicha 10 dan ortiq yangi fan kiritildi va fan dasturlari takomillashtirildi.

    Korxonalarning malakali xodimlaridan 20 nafari oʻquv jarayoniga jalb etildi, institut professor-oʻqituvchilaridan 28 nafarining ishlab chiqarish korxonalarida stajirovkasi tashkil qilindi. Klaster korxonalari tomonidan iqtidorli talabalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida amaliyot va stipendiya boʻyicha tanlovlar joriy etildi. Natijada institut talabalaridan 20 nafari “Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi” MCHJ va 5 nafari “Uzbekistan GTL” MJCH joriy etgan stipendiya tanlovlari gʻolibi boʻldi. 69 talaba ish bilan taʼminlandi. Institut professor-oʻqituvchilaridan 4 nafari “Uzbekistan GTL” kompaniyasi tomonidan oʻtkazilgan “Eng fidoyi ustoz” tanlovi gʻolibi sifatida eʼtirof etildi.

    Ilgʻor muhandislik maktabi istiqboli

    Gaz-kimyo va energetika ilgʻor muhandislik maktabi tashkil etilishi sohada kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarning muhim tizimiga aylandi.

    Boʻlajak muhandis, albatta, laboratoriya koʻrishi kerak. Agar u maʼruzalarda olayotgan bilimlarini laboratoriyada qoʻllab koʻrmas ekan, ertaga amaliy mashgʻulotlarida faol ishtirok eta olmaydi. Axir auditoriyada olingan bilim amaliyotda mustahkamlanadi. Demak, agar talaba mana shu jarayonlardan oʻtmasa, ertaga, ishlab chiqarishga borganida, yaxshi mutaxassis sifatida ishlay olmaydi. Hozir 1-bosqich magistrlaridan 23 nafari ilgʻor muhandislik maktabiga tanlov asosida olingan boʻlib, neft va gazni qayta ishlash texnologiyasi, elektr taʼminoti va kimyoviy texnologiya boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi.

    Bu maktabning asosiy maqsadi sanoat hamkorlari ehtiyojlari va atrof-muhit talablarini hisobga olgan holda nafaqat yuqori texnologiyali va koʻp tarmoqli texnologiyalarni oʻzlashtirishga qodir boʻlgan, balki kreativ fikrlaydigan, muhandis-tadqiqotchi malakasiga ega yangi avlod kadrlarini tayyorlashga qaratilgan. Ana shu maqsaddan kelib chiqib, maktabning oʻquv-uslubiy taʼminoti jahondagi yetakchi 300 universitet, jumladan, Malayziyaning Petronas texnologiyalar universiteti, Drezden texnika universiteti (Germaniya), Tomsk texnika universiteti (Rossiya), Belarus milliy texnika universitetining chuqurlashtirilgan modulli oʻquv dasturlari, oʻquv rejalari, xorijda chop etilgan darslik va oʻquv qoʻllanmalar, ilgʻor pedagogik texnologiyalar asosida shakllantirildi.

    Magistrlar dastlabki yilda korxonalar buyurtmasi asosida yangi mahsulotlarni loyihalashtiradi, ilmiy izlanishlar oʻtkazadi. Oʻquv dasturiga “Tannarx muhandisligi”, “Qiyoslash muhandisligi” maxsus modullari kiritildi.

    Ikkinchi yilda esa yangi mahsulotlar boʻyicha tajriba-konstruktorlik namunalarini yaratish bilan bogʻliq texnologik jarayonlar korxonalarda sinovdan oʻtkaziladi. Yangi texnologiyalar va ilmiy-texnik yechimlar yaratiladi hamda joriy etiladi.

    Taʼlimning ham institutda, ham korxonada olib borilayotgani magistrlar uchun amaliyot imkoniyatlarini oshiryapti va koʻproq maʼlumotga ega boʻlishlariga imkon yaratyapti. Qolaversa, ular ilmiy tadqiqot ishlarini bevosita zavodning oʻzidagi laboratoriyalarda olib boryapti. 2024-2025 oʻquv yilida 23 magistr, 6 nafar yosh olim va doktorant ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil etish, korxonaning ilmiy texnologik muammolari boʻyicha jami 3 milliard soʻmlik 3 ta ilmiy loyiha bajarilishi rejalashtirildi.

    2025-2026-yillarda 20 dan ortiq magistrlik va 3 ta doktorlik dissertatsiyasi himoya qilinadi, 2 ta innovatsion ishlanma ishlab chiqarishga joriy etiladi. Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi va institut olimlari hammuallifligida 2 ta ilmiy ixtiroga talabnoma topshiriladi. 10 dan ortiq mavzuda ilmiy texnologik muammolarning muhandislik yechimlari ishlab chiqiladi.

    Talabaga yengillik

    Bugun qay bir sohani olmang, rivojlanishni, taraqqiyotni, oʻzgarishni, yangilanishlarni koʻrasiz. Raqamlashtirish kunning muhim mavzusiga aylanib ulgurdi. Prezidentimizning “Qarshi davlat texnika universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorida taʼlim xizmatlarini koʻrsatish samaradorligini oshirish maqsadida universitet oʻquv-uslubiy boʻlinma hamda dekanatlar shtatlarini maqbullashtirish hisobidan Registrator ofisi faoliyati yoʻlga qoʻyilishi belgilandi. Ushbu tizimning vazifasi nima va qanday afzalliklarga ega?

    Keyingi yillarda yoshlar uchun imkoniyatlar maydoni tobora kengayib bormoqda. Oliy taʼlim muassasalari moddiy-texnik bazasi mustahkamlanyapti, talabaning darsdan boʻsh vaqtida ishlashiga ruxsat berildi, shartnoma asosida ijara xonadonlarida yashayotgan talabalarning ijara pullarining yarmi davlat tomonidan qoplab berilyapti.

    Registrator ofisi faoliyatining asosiy maqsadi talabaga yengillik qilish, uning muammolarini bir joyning oʻzida, markazlashgan tizim orqali hal etishdan iborat. Bu ortiqcha ovoragarchilik va qogʻozbozlikka barham beradi. Masalan, talabalar oʻqishini tiklash, koʻchirish, toʻlov-shartnoma, stipendiya masalalari – hammasi shu yerning oʻzida hal qilinadi. Bir soʻz bilan aytganda, ofisning vazifasi talabalarga xizmat koʻrsatishga qaratilgan.

    Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlangan namunaviy nizom loyihasida Registrator ofisi oliy taʼlim tashkilotlarining talabalikka qabul, oʻquv jarayoni va talabalarga xizmat koʻrsatish, akademik faoliyatni tashkil etish hamda taʼlim jarayonining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash kabi vazifalarni amalga oshiruvchi tarkibiy tuzilma ekani belgilangan. Bu, oʻz navbatida, sohada byurokratik toʻsiqlar yuzaga kelishining oldini olishga va tahliliy maʼlumotlarni shakllantirish, qaror qabul qilish jarayonlarini optimallashtirishga yordam beradi.

    Dars jadvallari shu paytgacha har bir dekanatning oʻzida alohida-alohida yuritilgan edi. Endi ular Registrator ofisida markazlashgan holda tuziladi. Bu oʻqituvchilarning dars soatlarini toʻgʻri taqsimlash, faoliyatini nazorat qilish imkoniyatini yaratadi. Bundan tashqari, fakultetlardagi dekan oʻrinbosari shtatlari qisqartirilib, ularning koʻplab vazifalari yangi tizim xodimlari zimmasiga yuklatildi.

    Bugun “talabaga yengillik” degan ibora koʻp qoʻllaniladi. Yoshlarga oid davlat siyosatining asosini ham ana shunday xayrli ishlar, maqsadlar tashkil etadi. Registrator ofisining muhim vazifasi talabaning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin qilishdan iborat. Maqsad shuki, yoshlar hujjatbozlikka ortiqcha vaqt sarflamay, foydali mashgʻulotlar bilan shugʻullansin.

    Yangi tizim, yangi imkoniyatlar

    “Qarshi davlat texnika universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaror muhandislik sohasida kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Fan, oliy taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasidagi integratsiya kuchaytiriladi. Xorijiy nufuzli universitetlar bilan mustahkam aloqa oʻrnatiladi. Jahon taʼlim tizimining ilgʻor tajribalari oʻzlashtiriladi. Xalq xoʻjaligi va sanoat uchun zarur boʻlgan taʼlim yoʻnalishlari ochiladi. Ilmiy tadqiqot ishlarining mavzusi kengayadi. Yangi avlod darsliklari yaratiladi.

    Bu saʼy-harakatlarning barchasi iqtidorli yoshlarning va yosh olimlarning oʻz salohiyatini yanada keng namoyon etishi, oʻz ustida ishlashi, ilmiy tadqiqot ishlarini izchil amalga oshirishi uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Natijada yurtimiz iqtisodiyoti tobora rivojlanadi. Yoshlarning oʻz bilimi, mahoratiga ishonchi, qatʼiyati ortadi. Professor-oʻqituvchilarning masʼuliyati, yangiliklarni oʻzlashtirish va taʼlim tizimida joriy etishga intilishi yanada kuchayadi. Bugungi oʻzgarishlardan kutilgani ham aslida ana shulardan iborat.

    Orifjon BOZOROV,

    fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent