Kelajakning yashil energiyasi: yangi kashfiyotlar sari

    Fikr 28 Dekabr 2024 289

    Bugun insoniyat yangi tahdidlar oldida turibdi. Yer shari aholisi muttasil koʻpayishda davom etyapti, tabiiy resurslar zaxirasi esa shiddat bilan qisqarmoqda. Insoniyat antropogen davriga kirdi.

    Bu inson Yer sayyorasida sodir boʻlayotgan makrofizik jarayonlarga taʼsir qila boshlaganidan dalolat beradi. Bugungi kundagi ekologik muammolarning aksariyati energiya isteʼmoli bilan bevosita bogʻliq. Iqtisodiy manfaatlar nuqtayi nazaridan qiziqarli, lekin ayni paytda atrof-muhitga zarar keltirmaydigan energiya olish va undan foydalanishning istiqbolli usullari mavjud. Shu bois dunyo boʻyicha katta kuch bilan yashil energetik (qayta tiklanuvchi energiya manbalari) tizimiga oʻtishga urgʻu berilmoqda. “Yashil”, qayta tiklanadigan yoki muqobil resurslar — bu anʼanaviy energiyaning oʻrnini bosmaydigan lekin ularni toʻldiradigan va ulardan foydalanish natijasida ekologik xavflarni kamaytiradigan tabiiy energiya manbalari.

    Soʻngi yillarda mamlakatimizning “yashil energetika”ga jadallik bilan oʻtishi, avvalo, mintaqada ekologik muvozanatni taʼminlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va aholining energiyaga boʻlgan ehtiyojini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Oʻzining toʻrt faslli betakror tabiati, yer osti va usti nodir boyliklari bilan yetti iqlimga maʼlumu mashhur boʻlib kelgan boʻlsa, endilikda uning yangi noyob xususiyatlari — oftobli osmoni, shamolli kengliklari, tezoqar daryolari, biologik manbalari ham shuhratini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Oʻzbekiston yaqin yillarda aniq reja va qatʼiy saʼy-harakatlar orqali “yashil energiya”ni Markaziy Osiyo va Yevropa mamlakatlari bozoriga ham yetkazib berish boʻyicha peshqadam boʻlmoqda.

    Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, joriy yil 13-dekabrda Xalqaro kongress markazida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida energetika sohasida yangi quvvatlarni ishga tushirish va navbatdagi loyihalar qurilishiga start berish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda davlatimiz rahbari energetika sohasidagi yangi obyektlar va loyihalarni ishga tushirish yuzasidan nutq soʻzladi. Jumladan Oʻzbekistonda ilk bor Andijon va Fargʻonada 300 megavattli yirik saqlash tizimi barpo etilganligi hamda Buxoro, Navoiy, Namangan va Toshkent viloyatlarida salkam 2,3 ming megavatt quvvatga ega 5 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda 5 ta yuqori kuchlanishli podstansiya ishga tushirilishi, Qashqadaryoda 400 megavattli elektr stansiyasi, Toshkent shahrida zamonaviy kogeneratsiya qurilmasi, Andijon, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida 4 ta kichik GES foydalanishga topshirilayotganligi taʼkidlandi.

    Shu bilan birga, “yashil energetika” sohasiga xususiy sektorlarni yanada kuchaytirishga chaqirdi. Shu kunning oʻzida davlatimiz rahbari tomonidan yurtimizning qator hududlarida quyosh va shamol elektr stansiyasi, yuqori kuchlanishli podstansiya, yirik saqlash tizimi, zamonaviy kogeneratsiya qurilmasi hamda kichik GESlar ishga tushirildi. Xususan, Saudiya Arabistonining “ACWA POWER” kompaniyasi tomonidan Peshku va Gʻijduvon tumanlarida har birining quvvati 500 MVtdan boʻlgan shamol elektr stansiyalarining dastlabki bosqichidagi 200 megavatt quvvatlar tarmoqqa ulandi. Ushbu obyektlarning qurilishi doirasida 2500 nafardan ortiq xorijiy hamda mahalliy mutaxassislar va ishchi xodimlar ishlab keldi. Shamol elektr stansiyalarini ishga tushirilishi hamda obyektlarning toʻliq foydalanishga topshirilishi natijasida Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik shamol energiyasi loyihalariga aylanadi. Inshootning tantanali ochilish marosimida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, “ACWA POWER” kompaniyasi, Peshku va Gʻijduvon tumanlari mutasaddilari, faollar va nuroniylar ishtirok etdi.

    Endilikda esa respublikamizning quyosh energiyasi salohiyatini baholash boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazishda, ushbu energetikani diyorimizda ravnaq toptirishga qaratilgan izlanishlar olib borishda moliyaviy madad berilmoqda. Xususan Buxoro muhandislik-texnologiya institutida olimlar tomonidan “yashil taraqqiyot” tamoyillari, yashil energetika boʻyicha ilmiy innovatsion loyihalar yaratilib sanoat va ishlab chiqarishga joriy qilinmoqda. Xususan energiya isteʼmoli obyektlarini “Yashil energetika”ga oʻtkazish uchun samarador ragʻbatlantirish tizimini ishlab chiqildi va joriy qilindi. Buxoro Amu-Buxoro magistral kanali suv havzasidagi nasos qurilmalarida mini va mikro GES lar oʻrnatish imkoniyatlari oʻrganilib, sanoat namunasidagi qurilmalar yaratildi. Quyosh panellarini ish samaradorligini oshirish va nuqsonlarni diagnostika qilish boʻyicha monitoring tizimi ishlab chiqildi. Bino va inshootlarning elektron energetik pasporti ishlab chiqildi hamda viloyat uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boshqarmasi bilan hamkorlikda 37 ta texnikumni bosqichma bosqich energetik auditdan oʻtkazildi. Quyosh elektr stansiyali elektr taʼminoti tizimida aktiv va reaktiv quvvat balansini nazorat qilish monitoringi va qurilmasi yaratildi. Energiya tejamkorligi va energoaudit boʻyicha innovatsion loyihalar, “Kichik toʻgʻonlarda foydalanishga moʻljallangan vertikal oʻqli mikrogidroelektrstansiya” qurilmasi yaratildi. Kanallardagi suv tezligi boʻyicha kichik gidroelektrstansiyalarni loyihalanib, ularni nasos stansiyasini oʻz ehtiyoji uchun elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun joriy etildi. Fotoelektrik batareyalarning energetik parametrlarini monitoring va diagnostika qilish qurilmasi joriy etildi.

    Energiya olish masalasi zamonaviy sivilizatsiya uchun eng dolzarb masalalardan biridir. Yashil energiya soʻnggi 5-7-yil ichida haqiqiy tendensiyaga aylandi. U koʻplab mamlakatlarni uglevodorodga qaramlikdan qutqarish uchun moʻljallangan. Bundan 10-yil oldin yashil energiyaga sarmoya kiritish foydalimi yoki yoʻqmi degan savolga koʻpchilik mutaxassislar salbiy javob berishgan. Endi vaziyat keskin oʻzgarib, uzoq muddatli sarmoya kiritish uchun qulay sharoitlar yaratildi. Optimistik prognozlarga koʻra, 2040-yilga kelib yashil energiya neft va gazni toʻliq almashtiradi. Bu nima ekanligini va iqtisodiyotning ushbu oʻsib borayotgan sektoriga sarmoya kiritish orqali qanday qilib pul ishlashni bilish investorlar uchun foydali boʻladi.

    Oʻzbekistonda 2025-yil “Atrof-muhitni asrash va «yashil” iqtisodiyot yili» deb eʼlon qilindi. Shuningdek hukumat yil nomida belgilangan eng muhim vazifalar boʻyicha davlat dasturini ishlab chiqishi belgilandi. Ushbu dasturda “yashil” texnologiyalarni joriy etish, suvni tejash, koʻkalamzor hududlarni keskin koʻpaytirish, Orol fojiasining oqibatlarini yumshatish, chiqindilar muammosini hal qilish, eng muhimi, aholi salomatligini mustahkamlash kabi masalalar ustuvor ahamiyat kasb etishi zarurligi taʼkidlandi. Kelgusi yilda ekologik muammolar yechimiga eʼtibor berilishi ekologik barqarorlik va aholi salomatligi bilan bogʻliq dolzarb masaladir. Bu mamlakatimizdagi barcha islohot va saʼy-harakatlar inson qadriga qaratilganligi dalolatidir.

    Insoniyat hayotiy jarayonlar, ishlab chiqarish, ish, infratuzilma va hokazolarni qoʻllab-quvvatlash uchun juda katta energiyaga muhtoj. Sayyoramizni saqlab qolish uchun dunyo yashil energiya va uglerod neytralligiga qarab harakat qilishi kerak. Agar biz narsalarga real qaraydigan boʻlsak, bu yerda va hozirda qazib olinadigan yoqilgʻidan toʻliq voz kechish hatto texnologik jihatdan rivojlangan va atrof-muhitga eʼtiborli mamlakatlar uchun ham xayoliydir. Sababi yetarli, ishonchli, ilmiy va hayotiy baza ishlab chiqarish quvvatini yaratmasdan turib, toza energiyani haqiqatga aylantirib boʻlmaydi. Ishonchim komilki, davlatimiz rahbari tomonidan energetika sohasida yaratib berilgan imkoniyatlar natijasida biz olimlar yanada yangi tajriba-sinov va innovatsion loyihalar yaratamiz.

    Sadoqat Siddiqova,

    Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektori