Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi

    Fikr 26 Dekabr 2024 68

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 18-avgust kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqoti davomida belgilangan ustuvor vazifalar doirasida tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va ularni rag‘batlantirish masalalari muhim ahamiyat kasb etadi.

    Ushbu tashabbuslar iqtisodiyotni rivojlantirish, soliqlarning o‘z vaqtida to‘lanishi va qonunchilikka rioya qilish madaniyatini oshirishga xizmat qiladi. Shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil, 23-yanvardagi tegishli qaroriga binoan “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga binoan Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

    Barqarorlik reytingi tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini baholash va ularga qo‘shimcha imtiyozlar taqdim etish maqsadida joriy etilmoqda. Reyting tizimi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasi tomonidan boshqariladigan “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” elektron platformasi orqali avtomatik ravishda shakllantiriladi. Platforma idoralararo axborot almashinuvi asosida ishlaydi va Savdo-sanoat palatasining rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi. Mazkur tizim faqat yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi. Tadbirkorlik subyektlarining faoliyati baholash mezonlari asosida ball tizimi orqali baholanadi, va umumiy ball ushbu mezonlar yig‘indisidan kelib chiqib belgilanadi. Reyting shkalasi “yuqori barqarorlik”, “o‘rta barqarorlik” va “qoniqarli barqarorlik” kabi toifalarga bo‘linadi.

    Barqarorlik reytingi klassifikatori

    Reyting tizimini joriy etishdan asosiy maqsad qonunchilik talablariga rioya qilgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarini aniqlash, ularni qo‘shimcha rag‘batlantirish va iqtisodiyotda barqarorlikni ta’minlashdir. Ushbu tizim orqali tadbirkorlik subyektlarining faoliyati tahlil qilinib, ular to‘rt xil barqarorlik darajasiga bo‘lingan holda baholanadi. Reyting tizimida tadbirkorlik subyektlari quyidagi toifalarga ajratiladi:

    Yuqori barqarorlik reytingi: “AAA”, “AA” va “A” toifalar;

    O‘rta barqarorlik reytingi: “BBB”, “BB” va “B” toifalar;

    Qoniqarli barqarorlik reytingi: “SSS”, “SS” va “S” toifalar;

    Quyi barqarorlik reytingi: “D” toifa.

    Reytingni shakllantirish avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi. Soliq qo‘mitasining “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” elektron platformasi orqali idoralararo axborot almashinuvi vositasida onlayn rejimda reyting tahlillari olib boriladi. Mazkur ma’lumotlar Savdo-sanoat palatasining rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi, bu esa tadbirkorlik subyektlari uchun shaffof va o‘zini baholash imkoniyatini yaratadi.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yuqori barqarorlik reytingiga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarini rag‘batlantirish uchun quyidagi chora-tadbirlar tasdiqlandi. Qarorga ko‘ra “AAA” reytingiga ega tadbirkorlik subyektlari faoliyatida soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi (faqat jinoiy ishlar doirasidagi tekshiruvlar bundan mustasno). Shuningdek ushbu toifaga kiruvchi tadbirkorlik subyektlari qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi bir kun muddatda, tekshiruvlarsiz qaytariladi.

    4 va 5-toifadagi hududlarda faoliyat yurituvchi “AA” toifadagi va undan yuqori reytingga ega tadbirkorlar uchun davlat aktivlari bo‘yicha dastlabki to‘lov summasi 35 foizdan kam bo‘lgan holatlarda qolgan summaga yillik foizlar hisoblanmaydi. Bo‘lib-bo‘lib to‘lash muddati esa 7 yil etib belgilanadi. “A” toifadagi va undan yuqori reytingga ega tadbirkorlik subyektlari soliqlar bo‘yicha ortiqcha to‘lovlarni uch kun muddatda qaytarish huquqiga ega bo‘ladi. “BBB” va undan yuqori reytingga ega tadbirkorlik subyektlari tovarlarni import qilish va realizatsiya qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini o‘zaro hisobga olish imkoniyatidan foydalanadi.

    Barqarorlik reytingi ballar tizimi

    Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini shakllantirish jarayonida ularning faoliyat ko‘rsatish davomiyligi va moliyaviy ko‘rsatkichlari asosiy mezonlardan biri hisoblanadi. Tadbirkorlik subyektining faoliyat davomiyligi uning davlat ro‘yxatidan o‘tgan sanasidan boshlab hisoblanadi. Bu jarayonda tadbirkorlik subyekti harakatsiz holatga o‘tkazilgan davr hisobga olinmaydi. Tadbirkorlik subyekti faoliyat ko‘rsatgan har bir yil uchun 2 balldan, besh yil va undan ortiq faoliyat ko‘rsatganlik uchun esa qo‘shimcha 10 ball ajratiladi. Ushbu yondashuv tadbirkorlik subyektining uzoq muddatli barqaror faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan.

    Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining EBITDA bo‘yicha rentabellik darajasi ham muhim mezon sifatida inobatga olinadi. Ushbu ko‘rsatkich tadbirkorlik subyektining moliyaviy sog‘lomligini va faoliyat natijalarining samaradorligini ko‘rsatadi. EBITDA bo‘yicha rentabellik darajasi sof foydaga foiz to‘lovlari, asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar amortizatsiyasi, shuningdek, foyda solig‘i summasi qo‘shilib, tovarlarni (xizmatlarni) sotishdan olingan sof tushumga bo‘linadi va natija 100 ga ko‘paytiriladi. Bu ko‘rsatkich quyidagi mezonlar asosida baholanadi:

    - Agar ko‘rsatkich sohaning o‘rtacha ko‘rsatkichidan 20 foiz va undan yuqori bo‘lsa, tadbirkorlik subyektiga 10 ball beriladi.

    - Agar o‘rtacha ko‘rsatkichdan 15-20 foiz yuqori bo‘lsa, 8 ball;

    - 10-15 foiz yuqori bo‘lsa, 6 ball;

    - 5-10 foiz yuqori bo‘lsa, 4 ball;

    - O‘rtachaga teng yoki 5 foizgacha yuqori bo‘lsa, 2 ball beriladi.

    Bu jarayonda tegishli hududdagi iqtisodiy faoliyat turi bo‘yicha tadbirkorlik subyekti yagona bo‘lgan hollarda, mazkur mezon hududning o‘rtacha ko‘rsatkichi bilan solishtiriladi.

    Mazkur ko‘rsatkichlarni baholash uchun moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotlar va moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga asoslangan yuridik shaxslarning foyda solig‘i hisobotlari ma’lumotlaridan foydalaniladi. Shu tariqa, reyting tizimi tadbirkorlik subyektlarining iqtisodiy barqarorligi va samaradorligini baholashda xolis va ishonchli ma’lumotlarga asoslanadi. Bu yondashuv tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga va iqtisodiy faoliyatni yanada barqarorlashtirishga xizmat qiladi.

    Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini aniqlashda ularning yer uchastkalari va ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan egalik huquqi yoki ulardan foydalanish shartlari muhim o‘rin tutadi. Ushbu mezon tadbirkorlik subyektlarining iqtisodiy barqarorligi va huquqiy tartibga rioya qilish darajasini aniqlashda asosiy ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Yer uchastkalari va ko‘chmas mulk obyektlarining mavjudligi tadbirkorlik subyekti foydalanayotgan yer uchastkalari va ko‘chmas mulk obyektlariga egalik yoki ulardan foydalanish huquqi asosida baholanadi. Bunda quyidagi mezonlar qo‘llaniladi:

    - Agar yer uchastkasi yoki ko‘chmas mulk obyektlari mulk huquqi asosida tadbirkorlik subyektiga tegishli bo‘lsa, ularga 10 ball beriladi. Bunda oilaviy korxona ishtirokchilarining ulushli yoki birgalikdagi mulkida bo‘lgan umumiy mol-mulk ham hisobga olinadi.

    - Agar yer uchastkasi yoki ko‘chmas mulk obyektlaridan foydalanish ijara shartnomasi asosida amalga oshirilayotgan bo‘lsa, tadbirkorlik subyektiga 7 ball beriladi.

    Shuningdek, baholash jarayonida yer uchastkalari yoki ko‘chmas mulk obyektlari mavjud bo‘lmaganligi yoki tadbirkorlik subyektining ko‘rsatilgan manzilda faoliyat yuritmayotganligi aniqlangan taqdirda, reytingdan 5 ball chegiriladi. Ushbu qoidalar tadbirkorlik subyektlarining faoliyat ko‘rsatish barqarorligini aniqlashda muhim rol o‘ynaydi va ularga iqtisodiy muhitda barqarorlikni oshirishga rag‘bat beradi. Mazkur baholash tartibi tadbirkorlik subyektlarining huquqiy intizomini mustahkamlash, ularning mol-mulk bo‘yicha hisob-kitoblarini aniqlashtirish hamda ularni qonuniy faoliyat yuritishga undash maqsadida joriy etiladi. Shu tariqa, bu tizim mamlakatda tadbirkorlik subyektlarining iqtisodiy va huquqiy barqarorligini oshirishga xizmat qiladi.

    Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini aniqlash jarayonida bir qator ko‘rsatkichlar asosida baholash amalga oshiriladi. Ushbu ko‘rsatkichlar tadbirkorlik faoliyatining barqarorligi va qonuniyligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, ular tadbirkorlik subyektining iqtisodiy va huquqiy jihatlarini to‘liq yoritishga qaratilgan.

    Ushbu reyting jadvalini yuritishda tadbirkorlik subyektlarining ballarini chegirish dasturi ham belgilangan. Joylashgan joyning (pochta manzili) o‘zgarishi bo‘yicha baholashda, agar tadbirkorlik subyekti oxirgi 12 oy davomida joylashgan joyini uch va undan ortiq marta o‘zgartirgan bo‘lsa, ballar yig‘indisidan 5 ball chegiriladi. Shu bilan birga, rahbariyatdagi o‘zgarishlar ham muhim ahamiyatga ega. Agar tadbirkorlik subyekti rahbari oxirgi 12 oyda uch va undan ortiq marta o‘zgartirilgan bo‘lsa, ballar yig‘indisidan yana 5 ball chegiriladi. Shuningdek, ta’sischi yoki rahbar ishonchsizligi mezoni bo‘yicha, agar oxirgi 36 oyda tadbirkorlik subyekti ta’sischisi yoki rahbari jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa yoki bankrotlik asosida tugatilgan tadbirkorlik subyektiga rahbarlik qilgan bo‘lsa, bu holatda ham 5 ball chegiriladi.

    Tadbirkorlik subyektlari tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotlariga mustaqil tuzatishlar kiritilishiga qarab baholashda, bir marotaba o‘zgartirish uchun 1 ball, ikki marta uchun 2 ball va shunday tartibda har bir ortiqcha o‘zgartirish uchun 5 ballgacha chegiriladi. Bunda soliq hisobotlaridagi tuzatishlar faqat kalendar yili davomida hisobot topshirish muddati kelgan barcha soliqlarga nisbatan hisobga olinadi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchilarining maxsus guvohnomasi bekor qilingan yoki to‘xtatilgan hollarda, ballar yig‘indisidan 10 ball chegiriladi. Soliq qarzini mol-mulk hisobidan undirish mezonida, agar bunday holatlar aniqlansa, ballar yig‘indisidan 5 ball chegiriladi, lekin qarz to‘liq to‘langanidan so‘ng bu ballar qayta tiklanadi. Soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun qo‘llanilgan ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari ham reytingga ta’sir etuvchi omil sifatida baholanadi. Soliqqa oid huquqbuzarliklardan kelib chiqadigan ma’muriy javobgarlik uchun 2 ball, jinoiy javobgarlik uchun esa 5 ball chegiriladi. Agar ma’muriy chora yoki jinoiy javobgarlik asossiz deb topilgan bo‘lsa yoki qaror bekor qilingan bo‘lsa, bu ballar qayta tiklanadi.

    Xulosa

    Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi tizimi iqtisodiyotda sog‘lom raqobatni shakllantirish, tadbirkorlik subyektlarini qonuniy faoliyat yuritishga rag‘batlantirish va ularning huquqiy va moliyaviy intizomini mustahkamlashda asosiy vosita sifatida ko‘zda tutilmoqda. Ushbu reyting tizimi tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy ko‘rsatkichlari, faoliyat davomiyligi, huquqbuzarliklarga oid ma’lumotlar, soliq intizomi va mulkka egalik huquqlarini baholash orqali ularning iqtisodiy barqarorligi darajasini aniqlaydi.

    Ushbu tashabbus mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shib, tadbirkorlik subyektlari uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Shu tariqa, tadbirkorlik subyektlarini baholashning mazkur tizimi ularning faoliyat samaradorligini oshirishga, qonuniylikni mustahkamlashga va davlat bilan tadbirkorlar o‘rtasidagi ishonchni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Ushbu reyting bir tomondan, korxonalar o‘z majburiyatlarini, jumladan, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lashni ta’minlashi juda muhim rol o‘ynaydi. Boshqa tomondan, hukumatning, ayniqsa murakkab iqtisodiy sharoitda, biznes rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashdagi roli juda muhim ahamiyatga ega.

    Аҳрор Хошимхонов

    ТДЮУ 1-проректори,

    халқ депутатлари Тошкент шаҳар кенгаши депутати