Unda biz uchun ham olis, ham yaqin boʻlgan Shinjondagi uzumchilik tarixi va uni riviojlantirish tendensiyalari haqida hikoya qilinadi. Lekin men ushbu filmda biz hayotda koʻpam eʼtibor beravermaydigan oddiy odamlarning hayoti, oʻy-tashvishlari va turmush tarzini koʻrdim.
Oʻzbek jurnalisti Turfonda yashaydigan zamondoshlarimizdan birining xonadoniga kirib boradi.
Uy egasi bilan sodda, samimiy suhbat quradi.
Qiziq-da, inson qayerda yashamasin, u mehnat qiladi va ana shu saʼy-harakati orqali hayoti va turmushini bezaydi, umrini yanada mazmunli qiladi.
Filmda dokumentalistika va publitsistika elementlari juda koʻp.
Chunki muallif koʻpchilik bizda qoʻl urmaydigan oʻzbek surishtiruv jurnalistikasining daholaridan.
U oddiy yozmaydi.
Olgan mavzusiga doir katta-kichik muammoga har safar original yondashadi.
Tesha tegmagan qochirimlar, badiiy topilmalarini-ku gapirmasa ham boʻladi.
Bu oʻrinda muxbirning soʻz boyligidan tashqari, filmning umumiy qurilishi, uning tarkibiy qismlarida yaqqol koʻzga tashlanadigan noyob tasvirlarni ham qayd etish oʻrinli.
Operator obyektlar va ayrim detallarni goh qush uchadigan balandlikdan turib, goh baliq suzadigan suv ostidan tavsirga shunday rakursda koʻrsatadiki, siz ana shu kadrlarni tomosha qilayotib, hayratdan nafasingiz 1-2 soniya toʻxtaganini sezmay qolasiz.
Oʻzi asl telejurnalistikaning sehri, ohangrabosi ham shu boʻlsa kerak.
Ustoz jurnalist Muhammadjon Obidov hikoya qilar ekan, “Shinjondagi bugun oʻsayotgan uzumlarning ajdodi ehtimol oʻzimizning Fvrgʻonadan boʻlsa kerak”, degan haqli gipotezani ilgari suradi.
Filmda hamma narsa bir oʻq atrofida harakat qilayotgandek. Bu oʻq Turfondagi suv qadri edi. Turfon yer yuzidagi dengiz sathidan eng chuqur joy. Shuning uchun u hamisha issiq. Harorat hatto 62 darajaga koʻtarilgani aytiladi. Birin-ketin almashgan tasvirlarda Tyanshan togʻlaridan oqib tushgan jilgʻalar yer osti ariqlari orqali dala-bogʻlarga keltirilayotgani aks ettirilgan. XIV asrda esa Chingizxon avlodlari ana shu suv yoʻlini toʻsib qoʻygani uchun aholi shaharni tashlab ketgani va u vayronaga aylangani ishonchli dalillar bilan koʻrsatib berilgan.
Taqdimotda soʻzga chiqqan “Oʻzbekkino” raisi Shuhrat Rizayev, professor Sherzodxon Qudratxoʻja, akademik Neʼmatillo Ibrohimov, shayx Abdulaziz Mansur, professor Xurshid Doʻstmuhammedov hujjatli publitsistik film ijodkorlari erishgan yutuqni tahliliy izohlab berdilar.
Darvoqe, “Shinjon: Turfon moʻjizalari” filmi qaysidir taniqli studiyalarda emas, balki muallif va boshlovchi Muhammadjon Obidov boshchiligida “Fargʻona haqiqati” gazetasi huzuridagi “Koʻngil” ijodiy guruhi tomonidan tahririyat mablagʻiga yaratilgan.
Tasvirchi Elyor Olimov uchun bu birinchi yirik kinoasar boʻlsa-da, voqelikning kishi payqamas nuqtalarini topa olgan va tasmaga muhrlagan.
– Film biz uchun yangi yil arafasidagi quvonchli voqea boʻldi va u Oʻzbekiston – Xitoy davlat rahbarlari qabul qilgan ikki mamlakat munosabatlaridagi strategik sheriklik maqomining amaliy natajalaridan biri, deyish mumkin, – dedi taqdimotda ishtirok etgan Xitoyning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun. – “Fargʻona haqiqati” gazetasi, jurnalist Muhammadjon Obidov nafaqat Oʻzbekistonda, balki Xitoyda ham taniqli. Gazeta Xitoyning kambagʻallikdan chiqarish tajribasi haqida maqolalar tanlovini yuksak darajada oʻtkazgani bizga maʼlum edi. Mana, endi u ikki mamlakat xalqlari munosabatlarini mustahkamlashga chorlovchi ajoyib filmni sovgʻa qildi.
Mazkur film premyerasi aynan jurnalistika universitetida boʻlib oʻtgani bejiz emas. Chunki u boʻlgʻusi jurnalistlar, yosh mediatadqiqotchilar uchun ajoyib mahorat darsi boʻldi.
Film muallifi, ustoz jurnalist Muhammadjon Obidovni yangi ijodiy asar bilan chin qalbdan tabriklayman.
Beruniy ALIMOV,
“Yangi media” taʼlim markazi» NNT direktori,
filologiya fanlari doktori.