Dastlabki saralash natijalariga ko‘ra, tuman va shahar hokimliklari tavsiyasi asosida shakllantirilgan 210 nafardan ortiq nomzod test sinovlarida ishtirok etmoqda. Sinovlar davomida ularning bilim darajasi, mantiqiy va tahliliy fikrlash qobiliyati, shuningdek, davlat boshqaruvi hamda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga oid bilimlari baholanmoqda.

Farmonga muvofiq, mahalla tizimida samarali faoliyat yuritib, so‘nggi ikki yil davomida yuqori natijalarga erishgan mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim va soliq inspektorlari orasidan 1000 nafar salohiyatli kadrlar zaxirasi shakllantiriladi. Zaxiraga kiritilgan nomzodlar Boshqaruv samaradorligi agentligi tavsiyasi asosida ayrim rahbarlik lavozimlariga tanlovsiz tayinlanishi mumkin.

Saralashning keyingi bosqichi – suhbat jarayonida nomzodlarning kasbiy kompetensiyasi, rahbarlik qobiliyati, tashabbuskorligi, muammoli vaziyatlarda qaror qabul qilish hamda boshqaruv ko‘nikmalari baholanadi.

Yakunlarga ko‘ra, eng munosib va istiqbolli nomzodlar “Salohiyatli kadrlar zaxirasi”ga tavsiya etiladi.

Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad – hududlar taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan, zamonaviy fikrlaydigan va yuqori boshqaruv salohiyatiga ega rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda ularning kasbiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Farhod NЕ’MATOV