Inson salomatligi hamma zamonlarda mamlakatning eng katta boyligi, oila, jamiyat va mamlakat rivojining tayanchi bo'lib kelgan. Shu bois, sog'liqni saqlash tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, malakali mutaxassislar tayyorlash, tibbiy xizmatning sifatini davr talablari darajasiga ko'tarish kun tartibidagi muntazam masala bo'lib qolaveradi.
Mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifatini oshirish bilan bog'liq islohotlar, sa'yharakatlar, ayniqsa, so'nggi 4-5 yilda keng bo'y ko'rsatmoqda. Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan poytaxtimizning Yashnobod tumanida bunyod etilgan Bolalar milliy tibbiyot markazi bolalar salomatligiga qaratilayotgan yuksak e'tiborning yana bir amaliy ifodasidir.
Markaz tibbiyot va ilm-fanning so'nggi yutuqlariga tayanib faoliyat yuritadigan, pediatriya, diagnostika va reabilitatsiya bo'yicha ixtisoslashtirilgan, klaster shaklidagi, zamonaviy tibbiyotning barcha yo'nalishlarini o'z ichiga olgan noyob loyiha hisoblanadi. Ayni paytda muassasada og'ir xastaliklarga chalingan bolalarda jahon standartlari darajasida murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirilib, sog'lom hayotga qaytarilmoqda.
Bolalar milliy tibbiyot markazi xirurgiya, kardioxirurgiya, interventsion kardioxirurgiya, urologiya, neyroxirurgiya, nevrologiya, molekulyar genetika va endokrinologiya, plastik jarrohlik, oftal`mologiya, LOR, gemato-onkologiya, nefrologiya, pul`monologiya va gastroenterologiya yo'nalishlarida faoliyat ko'rsatib keladi.
— Markaz o'z faoliyatini boshlaganidan buyon jahon standartlari va yuqori texnologiyalarga asoslangan davolash usullarini qo'llash orqali yuqori natijalarni namoyish qila oldi, — deydi nefrologiya bo'limi boshlig'i, tibbiyot fanlari nomzodi Bahrom Mamatqulov. — Respublikamizda ilk bor shu erda bolalar molekulyar genetika bo'limi tashkil etildi. Bu esa irsiy kasalliklarni erta tashxislash, oldini olish, molekulyar genetikaga asoslangan tekshiruv o'tkazish, zarurat bo'lganda yondosh soha mutaxassislarini jalb qilgan holda samarali davolash imkonini beradi. Molekulyar genetik laboratoriya irsiy kasalliklarni homila vaqtidayoq molekulyar darajada tashxislash dunyo tibbiyotidagi juda samarali, noyob usul hisoblanadi.
Mitti yurakni davolash uchun xorijga borish shart emas
Xirurgiya yo'nalishida qo'llanilayotgan yangi usullar jarrohlik amaliyotisiz tuzalmaydigan, tug'ma nuqson bilan dunyoga kelgan bolalarning taqdirida hal qiluvchi rol` o'ynaydi. O'tkazilayotgan jarrohlik amaliyotlari jahon standartlariga mos, yuqori texnologiyalarga asoslangan. Uning afzalligi shundaki, tanani imkon qadar kichik o'lchamda kesgan holda, katta hajmdagi jarrohlik amaliyotni kam vaqt va kam xarajat bilan samarali bajarish mumkin. Bunda operasiya bilan og'riq minimal darajaga tushiriladi, bemor tezroq sog'ayadi va eng asosiysi, davolashda yuqori samaraga erishiladi. To'g'ri, oldin ham bunday amaliyotlar o'tkazilgan, ammo hozir juda kichik yoshdagi bolalarda ham tug'ma yurak nuqsoni muvaffaqiyatli bartaraf etilayotgani katta yutuqdir.
— Ba'zi chaqaloqlarning yuragi boshqalarnikidan ancha farq bilan shakllangan, sodda qilib aytganda, nuqsonli bo'ladi. Biz o'sha farqni jarrohlik usuli bilan bartaraf etib, nuqsonsiz ishlaydigan yurakka aylantiramiz, — deydi tug'ma yurak kasalliklari bo'limi boshlig'i Otabek Karimov. — Masalan, endigina dunyo yuzini ko'rgan ikki-besh kunlik chaqaloqlar ko'krak qafasi, qorin bo'shlig'idagi tug'ma nuqsonlar kam invaziv va samarador bo'lgan torokoskopik, laproskopik usullarda, qorin yoki ko'krak qafasini ochmasdan bartaraf etilyapti. Tabiiyki, bu avvalo, bemor bolalar ota-onalariga umid bag'ishlaydi, xotirjamlik beradi. Muvaffaqiyatli operasiyadan keyin ularning quvonganini ko'rish, minnatdorligini eshitish bizni ham juda mamnun etadi. Jarrohlik amaliyotisiz tuzalmaydigan bemorlarni oyoqqa turg'azishda chinakam fidoyi shifokorlarimiz har bir bolaga alohida yondashuv va e'tibor bilan munosabatda bo'ladi. Asosan, xorijning etakchi klinikalarida tahsil olib qaytgan jamoaning eng katta yutug'i ham bir yoqadan bosh chiqarib ishlashida.
Yurak jarrohligi jamoa bo'lib ishlashni talab qiladi. Bu bitta kardiolog yoki jarrohning emas, butun bir jamoaning ishi. Avvallari jarroh bilan anesteziolog yoki intensiv bo'lim o'rtasida muammo paydo bo'lishi, mutaxassis etishmasligi bois, juda kichik yoshdagi, og'ir ahvoldagi bolalarning holatiga to'kis javob bera olmasdik. Endilikda turli sabablarga ko'ra, operasiya qilish imkoni bo'lmay qaytarib yuborilgan bolalarning ota-onalari ham bizga murojaat qiladi. Albatta, xastaliklarning xatarlilik darajasi turlicha bo'ladi, biz katta mas'uliyatni zimmamizga olamiz. Imkoniyatlarimiz, yaxshi mutaxassislarimiz bo'lgani holda, ota-onalarning bizga bo'lgan ishonchidan ham ruhlanamiz. Jamoa bo'lib, bir-birimizni tushunib ishlashimiz muvaffaqiyat garovi bo'lmoqda.
Joriy yilning yanvar` oyida faoliyat boshlagan yangi bo'limda shu kunga qadar 300 dan ortiq yuqori texnologik operatsiyalar amalga oshirildi. Aksariyat bemorlar kam ta'minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari. Ularga imtiyoz asosida, bepul davolanishga imkoniyat yaratilgan. Kam uchraydigan, og'ir xasta farzandini chet el tugul, hatto o'zimizda davolatishga imkon topa olmagan ota-onalar uchun bunday sharoit yaratilgani, g'amxo'rlik ko'rsatilayotgani yurtimizdagi insonparvarlik siyosatining yuksak ko'rinishi.

— Qizim Mohira 15 yoshda. O'tgan yili oyog'i revmatizm bo'lib, kasalxonaga tushib qoldik, — deydi Samarqand viloyati, Oqdaryo tumani, “Uzunqishloq” MFYda istiqomat qiluvchi Gulchiroy Taniberdieva. — Shu paytgacha yurak nuqsoni borligini bilmasdim. Vaholanki, u sportning taekvondo turi bilan shug'ullanardi. Mashg'ulot paytida yiqilib, tobi qochib qoldi. Shifokorlar unda yurak nuqsoni borligini aytdi. Qizimni davolatish uchun olib bormagan joyim qolmadi. Ammo hamma joyda eng katta va og'riqli muammo — moddiy etishmovchilik sabab yaxshi davolatolmasdim. O'zim “Temir daftar”da turaman, boquvchim yo'q, yolg'iz ayolman. Bundan tashqari, 8 yashar o'g'lim bor, sharoitim og'ir, ko'makka muhtoj edim. SHu kungacha ko'p azob chekdik.
Vaqtida dori-darmonlarini etkazib bera olmadim. Bolalar milliy tibbiyot markazi haqida eshitib, shu erga kelishga qaror qildim. Mahalla, hokimiyat tomonidan ajratilgan order bilan farzandimni ushbu markazga olib keldim. Shifokorlar avvaliga o'n kun muolaja qildi, so'ngra jarrohlik amaliyoti o'tkazildi. Yaratganga shukr, xavf ortda qoldi. Tasavvur qiling, O'zbekistonda shu kasalxona bo'lmaganida xorijga borishga to'g'ri kelardi, bunga esa umuman imkoniyatim etmas, qizimni yo'qotib qo'yishim mumkin edi. Bu erda barcha dori-darmonlar bepul, hamma sharoit yaratilgan, do'xtirlari tajribali, kuyunchak. Farzandimni qayta bag'rimga bosish imkonini bergan shifokorlardan, katta imkoniyatlarga ega shunday klinika tashkil qilingani uchun davlatimiz rahbaridan cheksiz minnatdorman...
Tug'ma yurak nuqsoni bilan tug'ilgan, davlat byudjeti hisobidan tekin davolanayotgan bemorlar ko'pchilikni tashkil qiladi. Xuddi shunday jarrohlik amaliyotini chet davlatda amalga oshirish uchun o'n barobar ko'p sarf-xarajat talab qilinadi. Bu tibbiyot muassasasi har jihatdan olganda ham xorijnikidan qolishmaydi.
Markaz faoliyatida tibbiyotning deyarli barcha yo'nalishlarida eng innovatsion, jahon standartlari darajasida olib borilayotgan yuqori texnologik amaliyotlar kelajak avlod salomatligini asrab-avaylash, mustahkamlashga qaratilayotgan katta e'tibor namunasidir. Aynan bu boradagi shunday megaloyiha natijasida — ilk bor ushbu shifo maskanida ko'plab xasta yuraklar yana hayot nafasini to'la his qilmoqda.
Fan yutuqlari va hamjihatlikka tayangan jamoa
Har qanday ota-ona farzandining to'rt muchasi sog', ma'nan barkamol bo'lishini istaydi. Ammo umuman kasal bo'lmaslikka hech kim kafolatlanmagan. To'g'ri, dunyo tibbiyoti jadal rivojlanib boryapti, ammo davolash, oldini olish qiyin bo'lgan kasallik turlari ham oz emas. Ayniqsa, gemato-onkologik kasalliklarni davolash tibbiyotning og'riqli nuqtalaridan biri.
Ma'lumki, bu xavfli kasallikning oldini olishda uni erta aniqlash muhim ahamiyatga ega. Bunda esa, zamonaviy tibbiyotning katta yutuqlaridan biri — yadro fizikasi yutuqlarini tibbiyotga tatbiq qilish, ya'ni nuklear tibbiyotning o'rni alohida. Nuklear tibbiyot orqali organizmda hali hujayra darajasida bo'layotgan patologik va biologik o'zgarishlarni aniqlash mumkin.
Markazda yaqin kunlarda qo'llanishi ko'zda tutilayotgan PeT-KT (Pozitron emission komp`yuter tomografiya) — saraton tashxisini qo'yish uchun samarali va zamonaviy usul.
— Bolalarda onkologik jarayonlarni barvaqt diagnostika qilish tibbiyotning dolzarb muammosi va ulkan yutuqlaridan biridir, — deydi nuklear bo'limi boshlig'i Akrom Hikmatov. — Inson organizmiga radioaktiv modda yuborilganidan so'ng, hujayrada patologik bo'linish boshlanib, uning to'planish darajasiga qarab keyingi davolash jarayoni belgilanadi. Ya'ni, hujayradagi bo'linish o'sma kasalliklarining ilk belgilarini aniqlash imkonini beradi. Ahamiyatlisi, boshqa vositalar — ul`tratovush diagnostikasi, rentgen, komp`yuter tomografiyasi, MRT yordamida aniqlanmaydigan o'simta o'choqlarini mazkur uskunada tashxislash mumkin.
Klinikada foydalanilishi ko'zda tutilayotgan yana bir texnologiya — “GE Discovery NM 630” gamma kamerasi yordamida nafaqat onkologik jarayonlarni, balki a'zolarning ishlashi va funktsional holatini ham aniqlash mumkin. Bundan tashqari, gematologiya va onkologiya sohasida tashxis, laboratoriya, davolash va intensiv muolaja yaxlit bir majmuada tashkil etilgan. Ana shu tizim shunday kasalliklarga chalingan bolalarni samarali davolashda qo'l kelmoqda. Bu erda tanani kesmasdan turib erta tashxislash imkonini beruvchi vaakumli aspiratsiya usulida ilikdan tahlil olish yo'lga qo'yildi. Bu esa jiddiy xavf tug'diruvchi kasalliklarning oldini olish hamda o'z vaqtida bartaraf etish imkoniyatini beryapti. Yuqori texnologiyaga asoslangan, yuqori chastotali, samarali kimyoviy davolash usuli yo'lga qo'yilgan. Jahon standartlari darajasidagi yuqori texnologiyaga asoslangan amaliyotlar og'ir xastalikka chalingan bolalarning darddan butunlay forig' bo'lishiga xizmat qilayotir.
— O'g'lim Aleksandr og'ir shakldagi onkologik kasallikka chalindi. Bu ko'pincha o'smir bolalarda uchraydigan o'sma ekan, — deydi Toshkent shahridan Al`bina Malinina. — Biz bu erga kelishdan oldin juda ko'p joylarga murojaat qildik, noto'g'ri tashxis tufayli ancha qiynaldik. Ushbu markazga kelganimizda malakali onkologlar bizga umid bag'ishladi, ruhimizni ko'tardi. Jarrohlik amaliyoti 11 soat davom etdi. Rosti, umidimiz so'ngandi. Yo'q, shifokorlar farzandimizni hayotga qaytara oldi. Barcha muolaja va dori-darmon bepul qilindi. Jarrohlik amaliyoti o'tkazish uchun Hindiston yoki Turkiyaga borishga mablag' qayda deysiz. Hammasi uchun shifokorlarga, klinikaning butun jamoasiga rahmat.
Bolalar milliy tibbiyot markazi o'z imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda. Jumladan, umumlashtirilgan bolalar gematologiya-onkologiya bo'limi mavjudligi sababli hududiy bolalar ko'p tarmoqli tibbiyot markazlarida ham umumlashtirilgan bo'limlar tashkil etish rejalashtirilgan. Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshida esa “Bolalar gematologiya va onkologiyasi” kursi tashkil qilindi.
Xorijlik hamkasblarga elkadosh bo'lib
Innovasion rivojlanishning keyingi bosqichi sifatida hududiy markazlarning reanimatsiya bo'limlaridagi bemorlarni onlayn rejimda doimiy nazorat qilish tizimi yo'lga qo'yilgan. Bunda shifokor masofadan turib maxsus tizim asosida reanimasiyadagi bemorni nazorat qilishi, kerakli muolajalarni qo'llab, davolash ishlarini amalga oshirishi mumkin. Zarurat bo'lganda, telemedisina orqali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish sharoiti yaratilgan.
Markazda faoliyat ko'rsatayotgan operatsiya bloki bilan viloyat ko'p tarmoqli bolalar shifoxonalari o'rtasida o'zaro uzviy telemeditsina yo'lga qo'yilgan. Noyob operatsiyalarni shifokorlar joylarda, viloyatlarda onlayn tarzda kuzatishga muvaffaq bo'lmoqda. Bundan tashqari Koreya Respublikasining Yonsan, Pusan, Seul universitetlari bilan hamkorlik doirasida bevosita, Koreya Respublikasida bo'layotgan noyob operasiyalarni Bolalar milliy tibbiyot markazi va bir paytning o'zida viloyat shifoxonalari shifokorlari ham kuzatish imkoniyatiga ega bo'lyapti.
Xorijlik mutaxassislar bilan tashkil etilgan onlayn mahorat darslariga bevosita yurtimizdagi viloyat bolalar ko'p tarmoqli shifoxonalari shifokorlari ham jalb qilinmoqda. Bu esa ularga o'zlarining malakasini ish jarayonida oshirishiga imkon beryapti.
Tashqi resurslar asosida esa xorijdan keladigan professorlar bilan hamkorlikda master-klass operasiyalarini o'tkazish va uni hudud markazlariga uzatish borasida amaliy ishlar qilinmoqda.
Joriy yilning iyul`, avgust, sentyabr` oylarida Koreya Respublikasining Pusan universiteti professorlari, kardiojarrohlari Toshkentga kelib, markaz shifokorlari bilan hamkorlikda ikki hafta davomida bolalar tug'ma yurak nuqsonlari bo'yicha noyob operasiyalarni amalga oshirdi. Operasiya jarayoni bevosita onlayn tartibda viloyatlarda ham tatbiq etildi. Qoraqalpog'iston Respublikasi, Xorazm va Andijon viloyatlarida mahorat darslari tashkil qilinib, joylarda noyob, ochiq usuldagi operatsiyalar o'tkazilgani mamlakatimizda bolalar salomatligiga qaratilayotgan yuksak e'tibordan dalolatdir.
Markazda xalqaro aloqalar yaxshi tashkil qilingan bo'lib, KOIKA, KOFIH xalqaro tashkilotlari bilan bevosita hamkorlikda katta hajmda ishlar amalga oshirilmoqda. Markaz shifokorlarining kasbiy malakasini etakchi xorijiy klinikalarda uzluksiz oshirish, xorijiy mutaxassislarni noyob operasiyalarni yurtimizda amalga oshirish uchun jalb etish, og'ir onkologik kasalliklarni davolash va ularni moliyalashtirish bo'yicha katta loyihalar asosida xalqaro faoliyat yuritilmoqda.
Respublikamiz tibbiyot tizimidagi jadal islohotlar samarasi, moddiy-texnik bazaning mustahkamlanayotgani, malakali shifokorlar safining ko'payayotgani barchamizni birdek quvontiradi. Ilgari rivojlangan xorijiy mamlakatlar shifoxonalaridagina o'tkazilgan murakkab operatsiya va davolash usullarining yurtimizda ham bajarish imkoniyati kengayayotgani tibbiyot sohasidagi o'zgarishlar jadallashgani tutgan yo'limizning to'g'ri ekanidan dalolat beradi. Zotan, farzandlari kamolini o'ylagan, xalq salomatligi uchun qayg'urib yashagan elning kelajagi ham oydin bo'ladi.
Risolat Madiyeva,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri,
suratlar muallifi: Hakimjon Yo‘ldoshev.