31-mart kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining videoanjuman shaklidagi norasmiy sammiti boʻlib oʻtdi. Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etib, nutq soʻzladi. Davlatimiz rahbari oʻz nutqida mustahkam tarixiy rishtalar, mushtarak til, madaniyat va maʼnaviy qadriyatlar asosida shakllangan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi mintaqaviy hamkorlikning samarali mexanizmiga aylanib borayotganini alohida taʼkidladi. Turkiy kengashga aʼzo mamlakatlardagi muqaddas qadamjolar boʻylab “Tabarruk ziyorat” loyihasini amalga oshirish, shu maqsadda Ziyorat turizmini rivojlantirish dasturini qabul qilish tashabbusini bildirdi.

Buyuk oʻzbek shoiri, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiyning turkiy dunyo maʼnaviy-marifiy hayotiga qoʻshgan beqiyos hissasini inobatga olib, davlatimiz rahbari fan, taʼlim, adabiyot, sanʼat, ijtimoiy sohalardagi yutuqlar hamda turkiy dunyo birligini mustahkamlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarni ragʻbatlantirish maqsadida Turkiy kengash doirasida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni taʼsis qilishni taklif etdi. Bu tashabbus sammit ishtirokchilari tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlandi.

Furqat SIDDIQOV, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari:

–Turkiy kengash jahon hamjamiyati va yetakchi ekspertlar tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanmoqda va eʼtirof etilmoqda.Ushbu sammitda ilgari surilgan taklif va tashabbuslar ham nafaqat kengashga aʼzo mamlakatlar hududida, balki, xalqaro maydonda ham muhim ahamiyatga ega. Mushtarak til, yagona tarix va madaniy rishtalar asosida shakllangan Turkiy kengash bugungi kunga kelib mintaqaviy hamkorlikni samarali rivojlantirishning muhim vositasiga aylandi. Oʻzbekistonning bu kengash ishida ishtirok etishi yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga yangi maʼno-mazmun baxsh etib, jamiyat taraqqiyotida yangi va istiqbolli yoʻnalishlarni ochmoqda.

Davlatimiz rahbarining Kengash faoliyatini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan tashabbuslari esa nafaqat xalqimiz, balki insoniyatning ertangi taraqqiyotiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Masalan, kengashga aʼzo davlatlar oʻrtasida iqtisodiy va investitsiya hamkorligini tiklashga qaratilgan yaqin va oʻrta istiqbolga moʻljallangan strategiya ishlab chiqish tashabbusini olaylik. Bu gʻoyaning roʻyobga chiqishi global inqirozning salbiy oqibatlarini bartaraf etish va hamkor davlatlar oʻrtasida savdo-iqtisodiy, transport, investitsiya hamkorligini tezlik bilan tiklashga zamin yaratadi.

Yana bir muhim tashabbus – birgalikda yirik loyihalarni amalga oshirish masalasi oʻrtaga tashlandi. Bu borada faoliyatni tashkil etish uchun Turkiy Kengashning oʻz Investitsiyaviy jamgʻarmasi hamda Taraqqiyot bankini tashkil etish taklif etildi. Bu maqsadlarning roʻyobga chiqishi davlatlarning iqtisodiyoti rivojlanishiga turtki boʻladi va hamkorlikning yangi istiqbolli yoʻnalishlarini belgilab beradi.

Minhojiddin MIRZO, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari:

– Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanligʻ,

Yor oʻling bir-biringizgakim, erur yorligʻ ish.

Hazrat Alisher Navoiyning jahoniy bir ahamiyat, jahoniy bir daʼvat kasb etgan bu baytlari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining oʻziga xos bir shioridek jaranglab turibdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev turkiy kengash minbaridan turib Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni taʼsis etish toʻgʻrisidagi tashabbusini aytganlarida butun turkiy olam vakillarining qalbini zoʻr hayajon chulgʻadi. Bugun dunyo ahli Alisher Navoiy orqali oʻzbek xalqiga, yuksak maʼnaviyatimizga hurmat va ehtirom bildirayotgan bir paytda ushbu tashabbus bizning bu qutlugʻ kunlarimizga juda yarashdi. Bu ajoyib taklifning qoʻllab-quvvatlanishi turkiy olamda maʼnaviyat va adabiyotning rivojlanishiga juda katta ragʻbat va turtki boʻlib xizmat qiladi.

Hazrat Alisher Navoiy bundan besh-olti asrlar oldin oʻz asarlari orqali bugungi kunimiz avzoyini anglagandek goʻyo. Adabiy va maʼnaviy hamkorlik qanchalar katta kuch ekanligini bashorat qilgandek...

Olam ahli koʻrib-bilib turgan qancha ofatu balolarni shu kunlargacha yengib kelgan bashariyat bugungi kunda mehrga, sheʼrga, xalqaro maydonda dong taratgan katta adabiyotga ham ehtiyoj sezayotgani rost.

Shu damlarda Alisher Navoiy bobomizning mana bu misralari ham beixtiyor yodimizga keladi:

Turk nazmida chu men tortib alam,

Ayladim ul mamlakatni yakqalam.

Ha, Navoiy bobomiz butun turk olamini oʻz isteʼdodi, yuksak salohiyati bilan yakqalam qilib ketdi. Shu bois azaldan maʼrifat borasida iligi toʻq xalqmiz. Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotning taʼsis etilishi turkiy tilli davlatlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, ularni bir-biriga bogʻlaguvchi juda katta maʼnaviy robita vazifasini bajaradi. Biz bu xushxabarni Uchinchi Renessans poydevorini qurayotgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida olib borilayotgan tinchlikparvarlik siyosatining yana bir gʻalabasi sifatida qabul qildik.

Baxtiyor SAYFULLAYEV, Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi:

– Alisher Navoiy bobomiz “Agar bir qavm, gar yuz, yoʻqsa mingdur, Muayyan turk ulusi xud meningdur” deya bejiz aytmagan edi. Mana mutafakkir bobomiz orzu qilgan kunga ham yetib keldik. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning norasmiy sammitda bildirgan takliflarning qoʻllab-quvvatlanishida ana shu ehtirom yaqqol namoyon boʻldi. Aslida, maʼnaviy merosimizga, ota-bobolarimizga, olimlarimizga boʻlgan hurmat bizga ulugʻ ajdodlarimizdan oʻtib kelayotgan ajoyib fazilatdir. Buni biz Amir Temur bobomiz misolida ham koʻrishimiz mumkin. Sohibqiron Amir Temurning Yassaviy hazratlariga boʻlgan muhabbatini, ularga shogirdlik maqomi sifatidagi munosabatini Turkiston shahridagi Yassaviy maqbarasini qurdirganligidan ham bilib olsak boʻladi.

Bu esa barchamizga tarixdan maʼlum. Shuningdek, bu turkiy xalqlarga xos boʻlgan urf-odatlardan biridir. Bugungi sammitda davlatimiz rahbari ilgari surgan gʻoyalaridan biri, bu – ziyorat turizmini rivojlantirish, madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash, unga ilmiy yondashish hamda oʻrganishdan iborat boʻldi. Bu anʼana turkiy xalqlar, ayniqsa, Oʻzbekistonda qadim-qadimdan rivojlanib kelyapti. Masalan, Buxorodagi yetti pir maqbarasi, Abduxoliq Gʻujduvoniy ijodining oʻrganilishi, hadisshunos olim Imom Buxoriy hadislariga butun islom olamining ehtiromi. Bularning barchasi nafaqat turkiy xalqlar, balki butun insoniyat tafakkuri rivojiga xizmat qilmoqda.

Prezidentimizning parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasida hamda yil dasturida ham madaniy merosni oʻrganish, uni asrab keyingi avlodlarga yetkazish fikri oʻz aksini topgan. Zero, ziyorat turizmi qanchalik rivojlansa, madaniy meros obyektlarini avaylash, qadriyatlarning bardavomligini taʼminlashga eʼtibor kuchayadi.

Muqaddas OʻRAZALIYEVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

-Prezidentimizning siyosiy irodasi, ochiq va amaliy tashqi siyosati natijasida Markaziy Osiyoda vaziyat oʻzgardi, mintaqa davlatlari oʻrtasida doʻstona aloqalar mustahkamlandi. Ayni vaqtda iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, transport va kommunikatsiya, turizm, ilm-fan va taʼlim kabi sohalarda Turkiy kengashga aʼzo davlatlar va xalqlarning hayotiy manfaatlariga toʻla javob beradigan oʻzaro hamkorlik faol rivojlanmoqda.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi aʼzolari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini kuchaytirishga doir muhim yoʻnalishlarga toʻxtalib oʻtdi. Bular, eng avvalo, iqtisodiyot, savdo, transport sohalaridagi koʻp qirrali amaliy hamkorlikni hamda madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashdan iborat. Transport yoʻnalishlarining integratsiyalashgan tarmogʻini yaratish, dunyo va mintaqadagi asosiy bozorlarga chiqish masalasi ham manfaatlarimizga mos keladi.

Taʼkidlash kerakki, mustahkam tarixiy rishtalar, mushtarak til, madaniyat va maʼnaviy qadriyatlar asosida shakllangan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi mintaqaviy munosabatlarning samarali mexanizmiga aylanib bormoqda.

Davlatimiz rahbari Turkiy kengashga aʼzo mamlakatlardagi muqaddas qadamjolar boʻylab “Tabarruk ziyorat” loyihasini amalga oshirish, shu maqsadda ziyorat turizmini rivojlantirish dasturini qabul qilish tashabbusi bilan chiqdi. Mazkur tashabbus dinimiz tarixida beqiyos iz qoldirgan ulugʻ bobolarimiz merosi bilan keng jamoatchilikni yaqindan tanishtirish va ziyorat turizmi rivojiga yana-da keng yoʻl ochadi. Ziyorat turizmini rivojlantirish dasturi qabul qilinishi natijasida mintaqaviy turizm ravnaq topadi. Oʻzbekiston uchun katta imkoniyatlar ochiladi, eng muhimi, diyorimizga keladigan sayyohlar oqimi koʻpayadi.

Shu jihatdan Prezidentimizning “Turkiy dunyoning madaniy poytaxti” maqomini olgan Xiva shahrida joriy yil sentyabr oyida YUNESKO bilan hamkorlikda xalqaro forum oʻtkazish taklifi juda dolzarbdir. Mazkur forum turkiy xalqlarning dunyoviy fanlar rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasini va boy madaniy merosini chuqur oʻrganish, turli tadqiqotlar olib borish hamda jahon miqyosida targʻib etish ishlarini yana-da kuchaytirishda katta ahamiyatga ega boʻladi. Oʻz navbatida, mazkur tashabbus koʻhna va qadimiy shaharning turistik jozibasi jahonda yana-da kengroq namoyon boʻlishiga yana bir turtki vazifasini oʻtaydi.

Muxtasar aytganda, mamlakatimiz ushbu tashkilot ishini yana-da kuchaytirish, uning kun tartibini yangi gʻoyalar hamda aniq takliflar bilan boyitib borishda faol qatnashmoqda. Bu saʼy-harakatlar yurtimizning xalqaro maydondagi nufuzi va oʻrni tobora mustahkamlanishiga xizmat qiladi.