“Deutschlandradio” radiokompaniyasi tarkibiga kiradigan “Deutschlandfunk” milliy radiostansiyasi eshittirishlari 1962-yildan beri efirga uzatila boshlangan.
Materialda mintaqamizda islom dinining ilm-fan va madaniy-maʼrifiy hayot rivojiga qoʻshgan hissasi, ushbu davrda yetishib chiqqan allomalar, xususan, Ibn Sinoga oid maʼlumotlar bayon qilingan.
“Islom dini tarixi falsafa, madaniyat va ilm-fanning gullab yashnashi bilan ajralib turadi. Milodiy 8 asrning oʻrtalarida zamonaviy Markaziy Osiyoda “oltin davr” boshlangan. Koʻpincha u “Islom Renessansi” deb ham ataladi. Ushbu davrda yetishib chiqqan olim, yozuvchi va sanʼat arboblari jahon ilm-fani va madaniyati taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan. Ulardan biri dunyoda Avitsenna nomi bilan mashhur boʻlgan Abu Ali Husayn ibn Abdulloh ibn al-Hasan ibn Ali ibn Sinodir. U 980-yilda zamonaviy Oʻzbekiston hududidagi Buxoro shahriga yaqin joyda tugʻilgan. Ibn Sino ilm oʻrganish uchun oʻsha davrdagi yirik kutubxonalar imkoniyatlaridan keng foydalangan. Ushbu kutubxonalarda u qadimgi Rim shifokori Galen, matematik Evklid va faylasuf Arastu asarlarini chuqur oʻrgangan», deb taʼkidlanadi materialda.
Myunxen Lyudvig Maksimilian universitetining antik davr va arab falsafasi boʻyicha professori Piter Adamson Ibn Sinoga quyidagicha taʼrif beradi: “Ibn Sino Islom Uygʻonish davrida qadimgi yunon faylasufi Arastuning timsoliga aylangan. U yangi turdagi mutafakkirni oʻzida mujassam etgan”.
Piter Adamson uchun Ibn Sino Oʻrta asrlarning eng nufuzli faylasuflaridan biridir. Uning soʻzlariga koʻra, shuning uchun ham buyuk allomaning fikrlari va soʻz boyligi bugungi kungacha islom olami falsafasi va tasavvufidan munosib oʻrin olib kelmoqda.
“Ibn Sino bolaligidanoq gʻayrioddiy qobiliyatga ega boʻlgan. 10 yoshida Qurʼonni yod bilgan va koʻplab ilmiy adabiyotlar bilan tanishgan. 16 yoshida tibbiyotga qiziqqan va 18 yoshida esa yetuk tabib boʻlib yetishgan. Ibn Sinoning oʻzi tibbiyotni “qiyin ilm” deb hisoblamagan, aksincha - u mazkur soha sirlarini osonlikcha oʻzlashtirgan. U shu qadar isteʼdodli ediki, tib sanʼati unga umrining oxirigacha turli hukmdorlar shaxsiy shifokori sifatida faoliyat yuritib, moʻmay daromad topish imkoniyatini bergan. Ibn Sinoning dunyoga mashhur “Tib qonunlari” asari XIX asrgacha tibbiy taʼlimning asosi boʻlib xizmat qilgan”, – deb yozadi Deutschlandfunk.