1-iyundan qanday o'zgarishlar kuchga kiradi?

    ID-kartaga kreditlar, QR-kodli metrikalar, elektron beriladigan subsidiyalar...

    Shu yilning 1-iyun sanasidan yurtimizda turli sohalarda yangi o'zgartirishlar kuchga kiradi. Hudud24.uz ularni sanab o'tdi:

    1-iyundan boshlab kreditlar ID-karta bilan olinadi

    2023-yil 1-iyundan boshlab aholi va tadbirkorlik subyektlariga kredit ajratish jarayonida qarz oluvchini ID-kartadagi (biometrik pasportdagi) biometrik ma'lumotlar asosida identifikatsiya qilish yo'lga qo'yiladi. Bu haqida 31.01.2023-yildagi PQ-39-sonli qarorida ma'lum qilingan.

    Bunda Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligi va Ichki ishlar vazirligi vakolatli banklarga aholi va tadbirkorlik sub'ektlarini raqamli verifikatsiyalash uchun biometrik ma'lumotlardan foydalanishda amaliy yordam ko'rsatadi.

    Qishloq xo'jaligi sohasidagi barcha subsidiyalar elektron beriladi

    Qonunchilikka ko'ra, qishloq xo'jaligi sohasidagi barcha subsidiyalar “Qishloq xo'jaligi mahsulotlarini etishtiruvchilarga subsidiya berish” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Bu haqida 05.04.2023-yildagi PQ-113-sonli qarorida ma'lum qilingan.

    Butun respublika bo'ylab QR-kodli “metrika”lar beriladi

    2023-yil 1-iyundan tibbiyot muassasalari tomonidan tug'ilganlik bo'limlarida qayd qilinganligi haqida QR-kodli ma'lumotnoma berish amaliyoti butun respublika bo'ylab joriy etiladi.

    Ushbu amaliyot Vazirlar Mahkamasining 28.09.2022-yildagi 540-sonli qarori asosida joriy etilmoqda. Mazkur qaror asosidagi ushbu tartib 2023-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent shaxrida amalga oshirilayotgan edi.

    Ushbu ma'lumotnoma gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi hamda davlat organlari va tashkilotlar tomonidan qabul qilishni rad etish qat'iyan taqiqlanadi. Guvohnoma esa fuqarolarning istalgan vaqtdagi murojaatlariga asosan FHDYO bo'limlari tomonidan belgilangan miqdorda gerb yig'imi undirilgan holdarasmiylashtirib beriladi.

    “To'maris izdoshlari” paydo bo'ladi

    2023-yil 1-iyundan boshlab yoshi o'n sakkizdan kichik va o'ttizdan katta bo'lmagan, umumiy o'rta yoki o'rta maxsus ma'lumotli, biriktirilgan hududda doimiy yashovchi hamda muloqotga kirishuvchan va tashkilotchilik qobiliyatiga ega xotin-qizlarni ko'ngilli asosda jalb qilish orqali “To'maris izdoshlari” jamoaviy guruhlari faoliyati tashkil etiladi.

    Quyidagilar “To'maris izdoshlari” jamoaviy guruhlarining asosiy vazifalari bo'ladi:

    • xotin-qizlarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishda hamkorlikda tadbirlarda ishtirok etish;
    • xotin-qizlar o'rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishga ko'maklashish;
    • aholi o'rtasida o'tkazilayotgan profilaktik tadbirlarda xotin-qizlar muammolarini o'rganish hamda ularni hal etishning maqbul yo'llarini aniqlashda yordam ko'rsatish;
    • o'rta, o'rta maxsus va professional ta'lim muassasalarida ta'lim olayotgan qizlarning xulq-atvoriga salbiy ta'sir ko'rsatayotgan hamda ularning huquq va manfaatlari buzilishi bilan bog'liq masalalarni aniqlashda ko'malashish.

    Halok bo'lgan harbiy xizmatchining yaqinlariga imtiyozlar beriladi

    2023-yil 1-iyundan boshlab:

    a) halok bo'lgan harbiy xizmatchining (xodimning) farzandlari maktabgacha ta'lim muassasalarida bepul tarbiyalanishi, shuningdek, professional va oliy ta'lim muassasalarida davlat granti asosida qo'shimcha kvotalar bo'yicha ta'lim olishi ta'minlanadi;

    b) halok bo'lgan harbiy xizmatchining (xodimning) ota-onalariga yiliga ikki marta temiryo'l va havo yo'lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi;

    v) halok bo'lgan harbiy xizmatchining (xodimning) oila a'zolariga:

    • ushbu halok bo'lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) xizmatni o'tagan mas'ul vazirlik va idoralarning tibbiyot muassasalarida bepul tibbiy yordam olish huquqi saqlab qolinadi, shuningdek, tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari doirasida tibbiy yordamni ustuvor ravishda olish va navbatdan tashqari shifoxonaga yotqizish imkoniyati yaratiladi;
    • yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko'rsatuvchi tibbiyot tashkilotlari tomonidan Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan bepul tibbiy yordam ko'rsatiladi;
    • navbatdagi yillik mehnat ta'tilidan qulay vaqtda foydalanish, shuningdek, yiliga ikki haftagacha muddatga ish haqi saqlanmaydigan qo'shimcha ta'til olish huquqi beriladi.

    Kontrafakt mahsulotdan himoyalanishning yana bir usuli ishga tushadi

    Prezidentning 04.04.2023-yildagi PQ-110-sonli qaroriga muvofiq, sifati buzilgan oziq-ovqat mahsulotini sotish, yaroqlilik muddati o'tgan tovarlarni sotish, sifatsiz yoki kontrafakt dori vositalari va tibbiy buyumlarni sotish, dori vositalari va tibbiyot buyumlarini belgilangan narxdan yuqori ustama qo'ygan holda sotish va shu kabi murojaatlar “Soliq hamkor” axborot tizimi orqali qabul qilinib, ko'rib chiqiladi.