Armanistonda oʻtkazilgan jahon chempionatida xokkeychilarimiz oʻz divizionida gʻolib boʻlib, kelgusi mavsumda uchinchi divizionda qatnashish huquqini qoʻlga kiritdi. Bundan oldin, mart oyida Tailandda boʻlib oʻtgan 18 yoshgacha boʻlgan xokkeychilar oʻrtasidagi jahon chempionatida ham terma jamoamiz gʻalaba qozongan edi.

Saudiya Arabistonida oʻtkazilgan 18 yoshgacha boʻlgan sportchilar oʻrtasidagi yengil atletika boʻyicha Osiyo chempionatida yurtdoshlarimiz 12 ta — 3 ta oltin, 5 ta kumush va 4 ta bronza medalini qoʻlga kiritib, oʻz tarixida birinchi marta umumjamoa hisobida ikkinchi oʻrinni egalladi.

Prezident matbuot kotibining maʼlum qilishicha, davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev sportchilar yutuqlarini alohida qiziqish va eʼtibor bilan kuzatib boryapti.

«Bu yutuqlar, eng avvalo, yigit-qizlarimizning tinimsiz mehnati, yuksak mahorati, mustahkam irodasi va matonati tufaylidir. Bunda sport sohasiga qaratilayotgan eʼtibor va tizimli davlat siyosatining ham alohida oʻrni borligini taʼkidlash joiz. Mamlakatimizda sport infratuzilmasi sezilarli darajada yaxshilandi, yangi maktablar ochilmoqda, sportchilarning professional rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda«, deb yozadi Sherzod Asadov oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida.

Qoʻshimcha qilishicha, davlatimiz rahbari xokkeychi va yengil atletikachilarimizni yuksak zafarlari bilan tabriklab, ota-onalari, ustoz va murabbiylariga samimiy minnatdorlik izhor etadi.