Bu haqda Fanlar akademiyasi xabar berdi.

Zafar Hakimov 1942-yil 14-avgustda Buxoro shahrida tugʻilgan. 1964-yilda Toshkent davlat universitetini tugatgan. 1964−1985-yillarda Sanʼatshunoslik institutida laborant, aspirant, kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, ilmiy kotib lavozimlarida faoliyat yuritgan.

U turli yillarda davlat tashkilotlarida rahbar va masʼul lavozimlarda, xususan 1985−1988-yillarda Oʻzbekiston Badiiy fondi direktori, 1988−1990-yillarda Oʻzbekiston KP markaziy qoʻmitasi madaniyat boʻlimi masʼul xodimi, 1990−1992-yillarda Prezident apparati madaniyat, fan, maʼnaviy tarbiya masalalari boʻyicha yetakchi konsultanti, 1992−1993-yillarda Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari, vaziri boʻlib ishlagan.

Shunindek, Hakimov 1993−1995-yillarda Oʻzteleradiokompaniya raisining birinchi oʻrinbosari, 1995−1997-yillarda Oʻzteleradiokompaniya raisi, 1998-yilda Prezident apparati jamoat tashkilotlari bilan aloqalar boʻyicha yetakchi konsultanti va 1998−1999-yillarda “Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti yetakchi ilmiy muharriri lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Faoliyati davomida uning tarix, arxeologiya, arxitektura masalalariga bagʻishlangan 50 ta maqolalari, monografiya va qoʻllanmalari respublika nashrlarida chop etilgan. Olim 1970−1979-yillarda sovet-afgʻon arxeologik ekspeditsiyasi tarkibida Shimoliy Afgʻonistonda oʻnlab qadimiy voha va manzilgohlarni kashf etgan.

Zafar Hakimov 1999-yildan boshlab “Moziydan sado” ilmiy-amaliy, maʼrifiy jurnalining bosh muharriri lavozimida mehnat qilib kelgan.