Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi tezkor guruhlari “Navoiy” chegara bojxona postida mobil telefonlarni noqonuniy olib kirish holatini aniqladi.
Tadbir davomida qoʻshni davlatdan piyoda kirib kelgan toʻrt nafar fuqaro bojxona koʻrigidan oʻtkazildi. Koʻrik vaqtida ularning bel qismi va qoʻl yuklari orasida jami 180 dona “iPhone” rusumli uyali aloqa vositalari yashiringani maʼlum boʻldi.
Ashyoviy dalil sifatida olingan qurilmalarning umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga koʻra 1 milliard 80 million soʻmni tashkil etadi.
Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.