Bu haqda Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev maʼlum qildi.
Faollar tomonidan bildirilgan eʼtirozlar inobatga olindi, kompaniya oldiga qator shart va majburiyatlar qoʻyildi. Jumladan, Toshkent shahrini ichimlik suvi bilan taʼminlovchi Chorvoq suv omboriga qurilayotgan loyihalardan suv tushishi xavotir uygʻotayotgan edi. Qoʻyilgan talablardan biri – Chorvoq va Chirchiq daryosiga suv tushirilmaydi.
Uning maʼlum qilishicha, investor ushbu loyiha uchun suvni qayta ishlaydigan va yana oʻziga ishlatadigan zamonaviy tizim yaratadi, bu borada xarajatlar toʻliq investor hisobidan amalga oshiriladi.
Hukumat qarorida agar qoidalar buzilsa va Chorvoqqa bir tomchi suv tushirilsa ham, loyiha qurilishi toʻxtatilishi hamda investitsiya shartnomasi bekor qilinib, yer olib qoʻyilishi qatʼiy belgilab qoʻyilmoqda.
Bosh prokuratura kurort hududida barcha shaharsozlik va ekologik meʼyorlarga rioya etilishini alohida nazoratga oladi. Vazirlar Mahkamasi va Bosh prokuratura dastlabki loyiha yechimlaridan tortib, obyektlarni foydalanishga topshirishgacha boʻlgan barcha jarayonlarning shaffofligi va qonuniyligini taʼminlashga masʼul boʻladi.