“Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uzoq kutilgan uchrashuvim kelasi juma, 15-avgust kuni buyuk Alyaska shtatida boʻlib oʻtadi. Tafsilotlar keyinroq. Eʼtiboringiz uchun rahmat!”, — deb yozdi Donald Tramp.
Uchrashuvda Ukrainadagi urushni tugatish boʻyicha muzokaralar olib boriladi.
Rossiya prezidentining yordamchisi Putin va Trampning uchrashuvi 15-avgust kuni Alyaskada boʻlib oʻtishini tasdiqladi
"Rossiya va AQSH — yaqin qoʻshnilar, bir-biri bilan chegaradosh. Delegatsiyamiz shunchaki Bering boʻgʻozidan uchib oʻtishi va ikki davlat rahbarlarining bunday muhim va kutilgan sammiti aynan Alyaskada oʻtkazilishi mantiqan toʻgʻri koʻrinmoqda. Bu, chamasi, murakkab jarayon boʻladi, ammo biz bu masala ustida faol ishlaymiz", — dedi Yuriy Ushakov.
Jurnalistlar bilan suhbatda Tramp, kelishuv baʼzi hududlarni almashtirishni oʻz ichiga olishini taʼkidladi.
Bir qancha nufuzli nashrlarning xabar berishicha, Putinning taklifiga koʻra, tinchlik shartnomasi imzolanishi uchun Ukraina hozirda Rossiya tomonidan bosib olingan sharqiy Donbass hududining asosiy qismidan, shuningdek, 2014-yilda qoʻshib olingan Qrim yarim orolidan voz kechishi kerak.
Ammo bunga Ukraina tomoni hamda bir qancha Yevropa mamlakatlari rahbarlari rozi emas. Ular Putinning bu harakati Trampning tahdidli sanksiyalaridan qochish hamda vaqtdan yutishga urinish ekanligidan xavotir bildirishmoqda.