Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti axborot xizmati rahbari Manija Bahriyeva maʼlum qildi.
Maʼlum qilinishicha, mazkur tadqiqot 2022-yilning dekabr 2023-yilning yanvar oylarida respublikaning 7 hududiy birligi: Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Andijon, Navoiy, Samarqand, Toshkent, Fargʻona viloyatlarida tazyiq va zoʻravonlikka duch kelgan 183 nafar xotin-qizlar orasida oʻtkazildi.
Tadqiqot ishi doirasida 2022-yil davomida sodir etilgan tazyiq va zoʻravonlik holatlari tahlil qilindi, jabrlanganlar va soha mutaxassislari oʻrtasida sotsiologik soʻrovlar oʻtkazildi, shuningdek sohaga masʼul boʻlgan tashkilot va idoralar faoliyati hamda Yaponiya, Singapur, Shveysariya, Avstraliya, Kanada, Argentina kabi xorijiy davlatlar tajribasi oʻrganildi.
Oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra:
– 53% respondent hasad qilish, shaxsiy hayotga aralashish, rashk qilishni tazyiq va zoʻravonlik deb hisoblashadi;
– har uchinchi respondent (33,3%) menga nisbatan turmush oʻrtogʻim zoʻravonlik sodir etgan, degan fikrni bildirishgan, 26,2 foizi esa qaynonasi zoʻravonlik sodir qilishini maʼlum qilishgan;
– har toʻrtinchi (26,7%) respondent ularga Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi tomonidan psixologik yordam koʻrsatilganligini taʼkidlashgan;
– har beshinchi (21,6%) soʻrov ishtirokchisi agarda unga nisbatan zoʻravonlik holati sodir etilsa, dastlab mahalla xodimlariga murojaat qilishini maʼlum qilgan;
– respondentlarning aksariyat qismi (42,5%) tazyiq va zoʻravonlik boʻyicha kerakli joyga murojaat qilgandan keyin turmush oʻrtogʻining munosabati ijobiy tomonga oʻzgarganligini qayd etishgan;
– har uchinchi (31%) respondent profilaktik oilaviy suhbatlar tashkil qilish orqali oilaviy zoʻravonlikni oldini olishning eng samarali chorasi deb hisoblaydi.
-har toʻrtinchi ishtirokchi (26,2%) esa taʼlim muassasalarida maxsus oʻquv dasturlari ishlab chiqish va taʼlimga joriy qilish maqsadga muvofiq degan javobni bildirishgan.