Aholining uy-joyga boʻlgan ehtiyoji hamda xarid jarayonida yuzaga kelayotgan qiyinchiliklarni oʻrganish maqsadida ijtimoiy soʻrov oʻtkazildi. Joriy yilning fevral oyida Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan oʻtkazilgan soʻrovda 1 ming 620 kishi ishtirok etdi. Soʻrovnoma 4 ta asosiy va 5 ta anketa savolidan tarkib topgan boʻlib, ishtirokchilar savollarga Google Forms platformasi orqali javob berdi.
Oʻtkazilgan soʻrov natijasida quyidagilar aniqlandi:
Respondentlarning 83 foizi uy-joy sotib olishga ehtiyoji borligini taʼkidlagan. Shuningdek, turar joyga ehtiyoji borlarning 96 foizi bu borada koʻmakka muhtoj. Ularning 71 foizi shaharda va 29 foizi qishloq hududlarida yashaydi.
Maʼlumot uchun: Soʻnggi olti yilda mamlakatimiz aholisi 5,5 million nafarga koʻpaydi. 2035-yilga borib 45 million nafardan ortishi prognoz qilinmoqda. Shuni inobatga olib, 2017-yildan buyon 326 mingta yangi uy-joy foydalanishga topshirildi. 2022-yilda 31 ta “Yangi Oʻzbekiston” massivini qurish dasturi boshlandi. Shuningdek, 2023-yilda tijorat banklariga 31 ming oilaga uy-joy ipotekasi uchun 9 trillion soʻmlik resurs yoʻnaltiriladi.
Soʻrov Toshkent shahri aholisi orasida jiddiy qiziqish uygʻotdi. Soʻrovda qatnashganlarning 41 foizi poytaxtda istiqomat qilishini maʼlum qilgan. Ishtirokchilarning 48 foizi ijarada turishini taʼkidlagan va ularning 68 foizini davlat tashkiloti xodimlari tashkil etadi.
Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga koʻra, 2020-yil 1-apreldan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koʻchmas mulkni olishda mamlakat fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinganligi talab qilinmasligi aholida poytaxtdan uy xarid qilishda teng imkoniyatlar yaratdi.
Uy-joy xarid qilmoqchi boʻlgan fuqarolarning 74,5 foizi dastlabki badal va kredit foizlarini toʻlashda qiyinchilikka duch kelishini qayd etgan.
Maʼlumot uchun: oxirgi uch yilda ehtiyojmand oilalarga boshlangʻich badal va foiz toʻlovlari uchun 1,3 trillion soʻm subsidiya berilgan boʻlsa, birgina 2023-yilning oʻzida bu maqsadlar uchun 1,6 trillion soʻm subsidiya ajratilishi belgilandi.
Rasmiy daromadga ega boʻlmagan aholining 25 foizi kreditning oylik toʻlovini toʻlashga qiynalishini taʼkidlagan boʻlsa, qolgan ishtirokchilar boʻyicha bu koʻrsatkich 22 foizni tashkil etadi, yaʼni rasmiy daromad olmaydigan fuqarolar kelajakdagi daromad manbalarining noaniqligi tufayli oylik toʻlovlarda qiyinchilikka uchrashdan havotirlanadi.
Maʼlumot uchun: joriy yilning 1-mayidan boshlab rasmiy daromadi yetarli boʻlmagan aholiga ham ipoteka krediti olish uchun imkoniyat yaratilishi qayd etildi. Shuningdek, dastlabki badalni koʻproq toʻlagan fuqarolar bankdan arzonroq kredit olish imkoniyatiga ega boʻladi.
Maʼlumki, qishloq hududlarida asosan hovli-joylarga ehtiyoj yuqori boʻladi. Soʻrovda qatnashgan qishloq joylarida yashovchilarning 61,4 foizi yashash joyida oila aʼzolari soni koʻpligi hamda yashash maydonining kichikligi sababli uy-joyga ehtiyoji borligini bildirgan.
Maʼlumot uchun: 2023-yilda 10 ming kishiga hovlisini kengaytirishi yoki qoʻshimcha qurilish qilishi uchun 1,5 trillion soʻm miqdorida kredit ajratilishi belgilangan.
Avvalroq MHTI tadqiqotchilari kambagʻallikka qarshi kurash va inson potensialini rivojlantirish boʻyicha Oksford tashabbusi tomonidan ishlab chiqilgan koʻp oʻlchamli kambagʻallik indikatorlarini aniqlash maqsadida Navoiy viloyatida tadqiqot oʻtkazgandi. Bu tadqiqot soʻrovda ishtirok etgan aholi mavjud 23 ta indikator orasidan shaxsiy uy-joyga ega boʻlmaslikni kambagʻallikning ikkinchi asosiy belgisi, deb hisoblashini koʻrsatdi.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, bugun turar joyga boʻlgan ehtiyoj ortib borayotgan sharoitda ipoteka kreditining qulay va moslashuvchan shartlarini ishlab chiqish, ipoteka bozoriga zamonaviy mexanizmlar va institutsional islohotlarni joriy etish aholining uy-joyga boʻlgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi.