2019-yilda maxsus qogʻoz blankalarining ishlatilishiga 13 mlrd soʻm mablagʻ sarflangan

    Raqamlashtirish 24 Iyul 2021 1134

    AOKAda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonun mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

    Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Adliya vazirligi va Biznes-ombudsman devoni mutasaddilari hamda soha mutaxassislari ishtirok etishdi.

    Anjumanda, Adliya vazirligi tomonidan mamlakatda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirishga qaratilgan va ilgʻor xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonun haqida batafsil maʼlumot berildi.

    Taʼkidlanishicha, Qonun bilan joriy etilayotgan asosiy yangiliklar va afzalliklar quyidagilardan iborat:

    1) Qonun sohadagi maʼnan eskirgan va tarqoq holdagi amaldagi qonunchilik hujjatlarini unifikatsiya qilish va toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi qoidalarni belgilashga qaratilgan.

    (Maʼlumot uchun: Qonun qabul qilinishi munosabati bilan ushbu sohaga oid 2 ta Qonun, 1 ta Oliy Majlis qarori, 2 ta Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori,

    100 ga yaqin Hukumat qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilmoqda).

    2) Qonun bilan 49 ta litsenziyalar, 120 ta ruxsat berish hujjatlari hamda 33 ta xabarnomalarning yakuniy roʻyxatlari tasdiqlanmoqda;

    (Maʼlumot uchun: amalda boʻlgan litsenziyalar va ruxsat berish hujjatlari 30% gacha qisqartirildi)

    3) litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarining yagona tartibi va oʻziga xos xususiyatlari (litsenziya va ruxsat berish hujjatini berish toʻgʻrisidagi murojaatni koʻrib chiqish, ularni berishni rad etish, qayta rasmiylashtirish, oʻzgartirish, toʻxtatib turish, bekor qilish va amal qilishini tugatish) belgilanmoqda;

    4) vakolatli organni xabardor etish orqali faoliyatni amalga oshirish bilan bogʻliq mutlaqo yangi mexanizm ilk bor joriy etilmoqda;

    (litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etishda rasmiylashtiriladigan hujjatlar turlari (pasporti) Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi)

    5) endilikda litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillaridan oʻtish faqat “Litsenziya” axborot tizimi orqali elektron tarzda amalga oshirilishi qatʼiy belgilandi;

    (bitta misol: amaldagi 80 foiz litsenziya va ruxsat berish jarayonlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilmagan boʻlib, 2019-yilda maxsus qogʻoz blankalarining ishlatilishiga 13 mlrd soʻm mablagʻ sarflangan. Bunda, ushbu jarayonlar elektron tarzda amalga oshirilsa Davlat byudjetidan sariflanadigan yuqorida qayd etilgan mablagʻlar iqtisod qilinishiga erishiladi).

    Natijada litsenziya dublikatini berish, shuningdek litsenziya shartnomasini tuzish qabi amaliyotlarga chek qoʻyiladi;

    6) yuridik shaxslar filiallariga alohida litsenziya yoki ruxsatnoma olish talabi bekor qilindi;

    (bunda yuridik shaxsning avval olingan litsenziyasi va ruxsatnomasida filialning manzili koʻrsatiladi)

    7) litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar qaysi holatlarda sud tomonidan va qaysi holatlarda vakolatli organ tomonidan bekor qilinishining aniq chegaralari belgilanmoqda;

    8) litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etishga doir talablar va shartlarga rioya etilishini tekshirish tartibi yana-da takomillashtirilmoqda. Bunda:

    Maxsus elektron tizim yordamida masofaviy nazorat, jismoniy va yuridik shaxslar faoliyatini joyiga chiqqan holda tekshirish, shuningdek ularning faoliyatiga oid statistik axborot va ulardan soʻrab olingan maʼlumotlarni tahlil qilish orqali;

    xavfni tahlil etish” tizimi va jamoatchilik nazorati subyektlarining murojaatlari asosida amalga oshiriladi;

    9) yuridik shaxslar tomonidan litsenziyasiz, ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatsiz va vakolatli organni xabardor etmasdan tegishli faoliyatni amalga oshirganda ularga nisbatan jarima solish instituti joriy etilmoqda.

    Bunda:

    jarima bir oyda ixtiyoriy toʻlanganda uning 70% undirilishiga oid ragʻbatlantiruvchi norma;

    jamoatchilik nazorati subyektlariga ularning qonun buzilishiga oid murojaatlari asosida undirilgan jarimaning 10% miqdorda pul mukofoti berilishi belgilanmoqda.

    Mazkur Qonun tadbirkorlik subyektlariga keng qulayliklar yaratib, sohadagi byurokratik toʻsiqlar, korrupsiyaviy omillar va davlat organlarida qonun buzilishi holatlarini bartaraf etishga, litsenziyalash va ruxsat berish bilan bogʻliq barcha jarayonlar toʻliq raqamlashtirilishi orqali ularning shaffofligi taʼminlanishiga, litsenziyasiz, ruxsatnomasiz va vakolatli organni xabardor etmasdan faoliyat amalga oshirilishining oldi olinishi va yuridik shaxslarning masʼuliyati yana-da oshishiga xizmat qiladi.