2021-yilda ishga tushiriladigan 60 ta yangi xizmat tasdiqlandi

    Raqamlashtirish 2 Aprel 2021 619

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yoʻllagan murojaatnomasida 2021-yilning oxiriga qadar elektron davlat xizmatlarini 60 taga koʻpaytirib, ular sonini 300 taga, masofaviy xizmatlar ulushini esa kamida 60 foizga yetkazish zarurligini taʼkidlagandi.

    Avvalroq “2021-yilda davlat xizmatlarini ustuvor ravishda elektron shaklga oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi” taqdim qilingani haqida xabar berilgandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tayyorlangan loyihada 2021-yilda talabgorligi yuqori boʻlgan 60 ta davlat xizmatini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (my.gov.uz) joriy qilish koʻzda tutilgan.

    Mazkur dastur loyihasi keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtdi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlandi.

    Dasturga koʻra, davlat boshqaruvi organlari, vazirlik va idoralar tomonidan anʼanaviy tarzda yoki boshqa manbalar orqali elektron koʻrsatilayotgan talabgorligi yuqori boʻlgan davlat xizmatlarini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish belgilangan.

    Yil davomida jami 60 ta yangi xizmatlar ishga tushiriladi. Bugungi pandemiya sharoitida talabgir xizmatlarning onlayn shaklda, qulay tarzda taqdim etilishi aholiga nafaqat yengillik beradi, balki ularning idorama-idora yurib, kasallikka chalinishi ehtimolining ham oldini oladi.

    Roʻyxatga:

    • Fuqarolikka qabul qilish uchun ariza yuborish;
    • Avtomobilni texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun onlayn toʻlovlarini amalga oshirish;
    • Respublikadan chiqishga cheklovlar mavjudligini tekshirish;
    • Ish daromadlari toʻgʻrisida maʼlumotnoma olish;
    • Shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻi holati haqida maʼlumot olish;
    • Oliy oʻquv yurtlariga hujjatlarni qabul qilish;
    • Avtotransport vositalarini onlayn roʻyxatdan oʻtkazish;
    • Avtotransport vositasini davlat raqami va texnik pasportini oʻzgartirish uchun ariza yuborish;
    • Oliy taʼlim muassasalarining magistraturasiga oʻqishga kirish uchun hujjatlarini topshirish;
    • Mehnat daftarchasidan koʻchirma olish;
    • Saylov uchastkasini aniqlash yoki oʻzgartirish hamda shu kabi dolzarb va talabgir xizmatlar kiritilgan.

    Ushbu dasturda davlat xizmatlarini toʻliq masofadan koʻrsatish boʻyicha jarayonlarni avtomatlashtirish va xizmat koʻrsatish bosqichlarini maksimal darajada optimallashtirish maqsad qilingan, de xabar qilmoqda Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi matbuot xizmati.