2021-yilning I choragi uchun toʻlov balansining joriy operatsiyalar hisobi 2,5 mlrd. dollarni tashkil etdi

    Moliya 28 Aprel 2021 1130

    Markaziy bank tomonidan 2021-yil I chorak yakuni boʻyicha toʻlov balansi joriy operatsiyalari hisobining dastlabki koʻrsatkichlari tayyorlandi, de xabar beradi Markaziy bankning axborot xizmati.

    Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, toʻlov balansining joriy operatsiyalar hisobi defitsiti 2,5 mlrd. dollarni tashkil etdi.

    Bunda, savdo balansi (tovarlar va xizmatlar) va birlamchi daromadlarning manfiy saldosi (3,7 mlrd. dollar) ikkilamchi daromadlarning ijobiy saldosi (1,2 mlrd. dollar) hisobiga qisman qoplandi.

    Tovarlar va xizmatlar eksporti

    Tovarlar eksporti (nomonetar oltin hisobga olinmagan holda) oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 23 foizga oshib 1,9 mlrd. dollarni tashkil etdi. Tovarlar eksportining asosiy qismini “tekstil va tekstil mahsulotlari” – 720 mln. dollar, “qimmatbaho boʻlmagan metallar va ulardan buyumlar” – 326 mln. dollar, “kelib chiqishi oʻsimlik boʻlgan mahsulotlar” – 182 mln. dollar va “kimyo sanoati mahsulotlari” – 132 mln. dollar tovar guruhlari tashkil etdi.

    Xizmatlar eksporti oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 33 foizga qisqarib 407 mln. dollarni tashkil etdi. Bunda pandemiya bilan bogʻliq cheklovlar xisobiga “safarlar” komponentida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 69 foizga qisqarish kuzatildi.

    Tovarlar va xizmatlar importi

    Tovarlar importi 5,2 mlrd. dollarni tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan 14 foizga oshdi. Tovarlar importining asosiy qismini “mashinalar, uskunalar, mexanizmlar” – 1,4 mlrd. dollar, “qimmatbaho boʻlmagan metallar va ulardan buyumlar” – 716 mln. dollar, “kimyo sanoati mahsulotlari” – 615 mln. dollarni va “Yer usti, havo va suv transporti vositalari” – 518 mln. dollar tovar guruhlari tashkil etdi.

    Xizmatlar importi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga qisqarib 923 mln. dollarni tashkil etdi. Bunda, xizmatlar importi tuzilmasida eng katta uzgarish “safarlar” komponentiga toʻgʻri kelib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 53 foizga qisqardi.

    Birlamchi va ikkilamchi daromadlar

    Birlamchi daromadlarning saldosi 305 mln. dollar miqdorida manfiy boʻlib shakllandi. Bunda, pandemiya bilan bogʻliq cheklovlar qisqa muddatli ishchilarning daromadlari kamayishiga olib kelgan boʻlsa, xarajatlarning oʻsishi jalb qilingan qarzlarga hisoblangan foizlar va toʻgʻridan-toʻgʻri investorlar daromadlari hisobiga kuzatilmoqda.

    Ikkilamchi daromadlarning ijobiy salʼdosi 1,2 mlrd. dollarni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 20 foizga oʻsishi kuzatildi.

    Oʻzbekistonning 2021-yilning I choragi uchun toʻlov balansi, xalqaro investitsion pozitsiyasi va tashqi qarzi koʻrsatkichlarining hisoboti foydalanuvchilarga 2021-yilning iyun oyida taqdim qilinadi.

    Dastlabki koʻrsatkichlar tezkor maʼlumotlar va ekspertlik baholashlar asosida tuzilganligi sababli ular yakuniy maʼlumotlar bilan farq qilishi mumkin.