Orolbo'yi mintaqasining ekologik holati o'zbekistonlik va xitoylik olimlar e'tiborida

    Respublikamiz oliy o'quv yurtlarining jahondagi etakchi ilmiy-ta'lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik o'rnatishi, o'zaro tajriba almashishi, mutaxassislarning malaka oshirishi bugungi kunning muhim vazifasidir.

    O'zbekiston Milliy universiteti Xitoy Fanlar akademiyasining Sin`zyan ekologiya va geografiya instituti va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda “Orol dengizini ekologik tiklash va boshqarish” mavzusida tashkil etgan Xalqaro onlayn simpozium ana shunday maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatli.

    Davlatimiz rahbarining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta'lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida o'tkazilgan Xalqaro anjumanda ­Xitoy, Turkmaniston, shuningdek, MDH mamlakatlarining taniqli mutaxassislari, milliy hamda xalqaro darajadagi ekspertlar, doktorantlar va sohaning malakali mutaxassislari ishtirok etdi.

    O'zbekiston Milliy universiteti va Xitoy Fanlar akademiyasining Sin`zyan ekologiya va geografiya instituti o'rtasida imzolangan “Xitoy–O'zbekiston hamkorlik tashabbusi — Orol dengizi mintaqasini ekologik tiklash bo'yicha Urumchi deklaratsiyasi”ga muvofiq, Orol dengizini ekologik tiklash bo'yicha mintaqaviy hamkorlik doirasida bo'lib o'tgan tadbirda Orolbo'yi mintaqasining ekologik holatini yaxshilash, tuproq sho'rlanishining oldini olish, qurg'oqchilikka chidamli o'simliklarni ko'paytirish, hayvonot dunyosi holatini yaxshilash masalalari xususida fikrlar, taklif va tashabbuslar bildirildi.

    Davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh ­Assambleyasining 75-sessiyasida jahon hamjamiyati e'tiborini yana bir bor davrimizning o'tkir muammolaridan biri — Orolbo'yi hududidagi ekologik vaziyatga qaratib, ta'kidlaganidek: “Bugungi kunda har bir mamlakat bu jarayonning salbiy ta'sirini his etmoqda. Ming afsuski, bunday o'zgarishlar Markaziy Osiyo taraqqiyotiga ham katta xavf tug'dirmoqda”. Darhaqiqat, bugungi kunda Orolbo'yi hududi ekologik fojianing nafaqat bir mamlakat yoxud mintaqa, balki jahon miqyosidagi markaziga aylandi.

    2019 yilning oktyabr` oyida O'zbekiston Milliy universiteti bilan Xitoy Fanlar akademiyasining Sin`szyan ekologiya va geografiya instituti o'rtasida hamkorlik shartnomasi imzolangan edi. Ushbu hamkorlik doirasida o'sha yilning o'zidayoq Xitoy Xalq Respublikasida Orol dengizi va uning atrofidagi ekologik muammolar va ularning ilmiy echimiga bag'ishlangan “Ekologiya, atrof-muhit va mintaqaviy barqaror rivojlanish bo'yicha Sino — O'zbekiston simpoziumi” o'tkazilgan edi. Ikkinchi bor tashkil etilgan ushbu Xalqaro anjuman ana shu hamkorlikning mantiqiy davomidir.

    — O'tgan yili O'zbekiston Milliy universiteti biologiya fakul`tetining 100 nafardan ziyod tashabbuskor yoshlari Orolda o'quv-ilmiy maydon yaratish tashabbusi bilan chiqqan edi, — dedi O'zbekiston Milliy universiteti biologiya fakul`teti dekani, professor To'xtasin Abdurahmonov. — Imkoniyatimiz cheklangani bois, o'sha yilning mart oyida 40 nafar talaba yoshlar bilan Mo'ynoq tumanida 1,3 gektar erda birinchi bog'ni barpo etdik. Xitoy Fanlar akademiyasining bir guruh yosh olimlari bilan kelishgan holda, yangi texnologiyalar asosida barpo etilgan bog'da daraxt ko'chatlarining 85 foizi unib-o'sdi. O'shanda xorijlik hamkasblarimiz bilan Orol muammosiga bag'ishlangan ilmiy anjuman o'tkazish, ilmiy tadqiqot olib borish, u erda yashayotgan aholining turmush sharoitini yaxshilash va hududda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy sharoit yaratishga hissa qo'shishga kelishib olingandi.

    Anjuman doirasida O'zbekiston Milliy universiteti va Xitoy Fanlar akademiyasining Sin`szyan ekologiya va geografiya instituti hamkorligida O'zMU biologiya fakul`teti qoshida “Ekosistemalar va biomlar” O'zbekiston — Xitoy ilmiy tadqiqot laboratoriyasi ochildi. Labaratoriya ekotizim, tuproq bo'yicha yuqori saviyali mutaxassislar tayyorlash, ilmiy tadqiqot jarayonlariga talaba, doktorant va mustaqil tadqiqotchilarni keng jalb etish va ilmiy izlanish olib borish maqsadida tashkil etildi. Unda O'zbekiston ekotizimining biologik xilma-xilligini o'rganish, iqlim o'zgarishining o'simliklar, tuproq va mikroorganizmlarga ta'sirini tahlil qilish ko'zda tutilmoqda. Laboratoriya, shuningdek, dorivor o'simlik turlari va biologik faol moddalar tarkibini aniqlash, mikroorganizmlar kollektsiyasini yaratish, ulardan yuqori texnologik xususiyatga ega shtammlarni yaratish, o'simliklar chidamliligini oshiruvchi yangi preparatlar yaratish kabi vazifalarni bajaradi