Taʼkidlanganidek, mazkur Qonun bilan 2022-yil uchun asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar va konsolidatsiyalashgan Davlat byudjeti daromadlari va xarajatlarining prognozlari hamda 2023 – 2024-yillar uchun byudjet moʻljallari belgilanmoqda.

Asosiy eʼtibor makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, Davlat byudjeti xarajatlarining samaradorligi va natijadorligi hamda iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, investitsiyalar jalb etuvchanlik va ishbilarmonlik faolligini ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgan soliq siyosatini tatbiq etish maqsadlariga qaratilgan.

Shuningdek, Qonunni ishlab chiqishda 2022-2026-yillardagi soliq va byudjet siyosatining ijtimoiy yoʻnaltirilganini taʼminlash, “natijaga qaratilgan byudjet” tizimini joriy etishga va byudjet jarayoni ishtirokchilarining masʼuliyatini oshirish tamoyillariga qatʼiy rioya qilingan.

Qonunda soliq siyosatiga muhim oʻzgarishlar kiritilgan. Bunda yalpi ichki mahsulotda salmoqli ulushga ega ishlab chiqarish sohalarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish nazarda tutilgan.

Jumladan, 2022-yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining oʻsish surʼatlari 6,0 foizni, shu jumladan, sanoatda 7,0 foizni, qurilish sohasida
8,1 foizni, qishloq xoʻjaligi sohasida 3,3 foizni tashkil etishi rejalashtirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjeti taqchilligining cheklangan miqdori 2022-yil uchun yalpi ichki mahsulotning 3 foizi miqdorida belgilanmoqda.

Bunda byudjet taqchilligining cheklangan miqdoridan oshishiga olib kelishi mumkin boʻlgan qoʻshimcha xarajatlar faqatgina qoʻshimcha daromad manbai mavjud boʻlganda yoki boshqa xarajatlarni qisqartirish hisobiga amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Inflyatsiya darajasining pasayishi tendensiyasi davom etishi va kelgusi yilda u 9 % atrofida boʻlishi prognoz qilinmoqda.

Qonun bilan birinchi darajali byudjet mablagʻlari taqsimlovchilar Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlaridan mablagʻ oluvchi quyi tashkilotlarga oʻzlariga ajratilgan byudjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlarining 10 foizgacha qismini Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan yoʻnaltirishga haqli ekanligi belgilanmoqda.

Ijtimoiy jihatdan ahamiyatga molik davlat dasturlarini hamda ishlab chiqarish va noishlab chiqarish infratuzilmasini shakllantirishga doir loyihalarni moliyalashtirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida chet el manbalaridan grant asosida ajratilgan mablagʻlarning birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar uchun ajratilishi belgilangan miqdorlarini ushbu Qonunga oʻzgartirish kiritmasdan koʻpaytirish nazarda tutilmoqda.

2022-yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 254,6 trln soʻm yoki yalpi ichki mahsulotning 30,3 foizi darajasida prognoz qilinmoqda. Davlat byudjeti daromadlari 199,5 trln soʻm yoki yalpi ichki mahsulotning 23,8 foizi miqdorida belgilanmoqda.

Davlat maqsadli jamgʻarmalari daromadlari 31,9 trln soʻm, xarajatlari esa 58,7 trln soʻm miqdorida rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Davlat byudjetidan ijtimoiy sohaga, xususan, taʼlim sohasi xarajatlariga 46,9 trln soʻm, sogʻliqni saqlash sohasi xarajatlariga 22,8 trln soʻm, madaniyat va sport sohasi xarajatlariga 3,4 trln soʻm va fanni yanada rivojlantirish tadbirlari uchun 1,5 trln soʻm yoʻnaltirish belgilanmoqda.

Qonun bilan koʻp kvartirali uy-joy fondiga tutash hududlarni taʼmirlash xarajatlari va Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tizimiga kiruvchi issiqlik taʼminoti tashkilotlarining issiqlik tarmoqlari va qozonxona uskunalarini kapital taʼmirlash xarajatlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar viloyat byudjetlari va Toshkent shahrining shahar byudjetidan moliyalashtirish tartibi joriy qilinmoqda.

Yana bir muhim jihat. Byudjetni shakllantirishda mahalliy Kengashlar vakolatlari yanada kengaytirilishi munosabati bilan mamlakatimizning barcha tumanlarida (shaharlarida) tegishli byudjetlar tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.

Bundan tashqari, tumanlar (shaharlar) byudjetlari qoʻshimcha mablagʻlarining kamida 30 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ham yoʻnaltiriladi.

Jumladan, Qonunda ochiq byudjet, “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi”ga 1 trln 553 mlrd soʻm miqdorida mablagʻ nazarda tutilgan.

Senatorlar taʼkidlaganidek, Davlat byudjeti mablagʻlaridan adolatli hamda maqsadli foydalanish ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish lozim.

Senat aʼzolari tomonidan mazkur Qonun maʼqullandi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati