Qayd etilishicha, 2022-yil 10 — 15-sentyabr kunlari Qoʻqon shahrida II Xalqaro Hunarmandchilik festivali oʻtkaziladi. Festivalga iqtidorli hunarmandlar va isteʼdodli yoshlarni jalb qilish maqsadida “Men Qoʻqonga boraman” shiori ostida ikki bosqichdan iborat koʻrgazma va koʻrik-tanlov tashkil etiladi. 2022-yildan boshlab har ikki yilda bir marta sentyabr oyida Xalqaro kulolchilik forumi va kulolchilik mahsulotlari koʻrgazma-savdosi oʻtkaziladi.

Davlatimiz rahbarining 2021-yil 29-apreldagi “Xalqaro zardoʻzlik va zargarlik festivalini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2022-yildan boshlab har ikki yilda may oyida Buxoro shahrida Xalqaro zardoʻzlik va zargarlik festivali hamda uning doirasida ilmiy-amaliy konferensiya, koʻrik-tanlov, taqdimot va koʻrgazmalar, teatrlashgan konsert-tomosha dasturlari, madaniy-maʼrifiy va targʻibot-tashviqot tadbirlari oʻtkaziladi.

“Hunarmand” uyushmasi, “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi, Savdo-sanoat palatasi, Badiiy akademiya, Turizm va sport vazirligi, Buxoro viloyat hokimligi vakillaridan iborat hakamlar hayʼati tuzilib, festival logotipi uchun ijodiy tanlov eʼlon qilindi. Ijodiy tanlovga 58 ta logotip loyihalari taqdim etilib, hakamlar hayʼati 5ta logotip loyihasini tanladi. Ushbu logotip loyihalarini koʻrib chiqib, tasdiqlash uchun tashkiliy qoʻmitaga taqdim etildi.

Shuningdek, Toshkent shahrida xorijiy mamlakatlarning zargarlik tarmogʻi vakillari, xorijiy investorlar, ekspertlar va mutaxassislarni jalb etgan holda “Uzbek Jewellery Fair” zargarlik sanoatining zamonaviy asbob-uskunalari, texnologiyalari va buyumlarining yillik xalqaro koʻrgazma-savdosi oʻtkaziladi. Buxoro shahrida “Ipak va ziravorlar” anʼanaviy xalqaro festivali ham oʻtkaziladi

Prezidentimizning 2021-yil 30-dekabrdagi “Hunarmandchilik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2022-yildan boshlab “Oʻzekspomarkaz” pavilyonlarida “Craft fair Uzbekistan” xalqaro hunarmandchilik mahsulotlari va texnologiyalari yarmarkasi tashkil etiladi

Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Sayilgoh koʻchasida har yili mustaqillik bayrami arafasida “Toshkent suvenirlari” koʻrgazma-yarmarkasi tashkil etiladi.

Yosh hunarmandlar oʻrtasida oʻzaro tajriba almashish va sogʻlom raqobatni yoʻlga qoʻyish maqsadida “Yosh hunarmandlar” festivalini oʻtkaziladi. Bunda, mazkur festivalning tuman va shahar hamda viloyat bosqichlarida saralangan yosh hunarmandlar ishtirokida respublika bosqichini Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahrida yuksak darajada oʻtkazish koʻzda tutilgan.

2022-yil fevral oyida Respublika “Hunarmand” uyushmasi tomonidan “Hikmatlar olami” II xalqaro hattotlik festivalini oʻtkaziladi.