Unda mamlakatimizda taʼlim-tarbiya sifatini oshirish, xususan, musiqa yoʻnalishida oʻqitish tizimini takomillashtirish, ilgʻor uslublarni amaliyotga joriy etish boʻyicha 7 noyabr kuni Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar muhokama etildi.
Uchrashuv davomida 7 noyabr kunidagi taqdimotdan soʻng Prezidentning 2024-yil 15-noyabrdagi “Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida musiqa madaniyati fani oʻqitilishini tubdan takomillashtirish hamda musiqa madaniyati fani oʻqituvchilarining kasbiy faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori asosida musiqa madaniyati fani oʻqituvchilari faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi, qarorga asosan, musiqa fani oʻqituvchilarining pedagogik faoliyatini yuqori baholash va ularga yaratgan sharoitlarni yaxshilash borasida bir qator ishlar amalga oshirilishi, xususan, musiqa madaniyati fani oʻqituvchilarining bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash va malaka oshirish tizimi yoʻlga qoʻyilishi muhokama qilindi.
Bu yoʻnalish boʻyicha oʻquv qoʻllanmalari, oʻqituvchilarga toifa berishning yangi tartibi ishlab chiqilishi, malaka oshirish tizimi dual taʼlim asosida amalga oshirilib, 100 soatga moʻljallangan malaka oshirish kurslaridagi nazariy fanlar Pedagogik mahorat markazlarida, amaliy mashgʻulotlar Bolalar musiqa va sanʼat maktablarida amalga oshirilishi, musiqa madaniyati fani oʻqituvchilari uchun ham milliy sertifikat berish va sertifikatga ega boʻlgan oʻqituvchilarga 20 foizgacha boʻlgan ustamalar berish tizimi joriy etilishi haqida maʼlumot berildi.
“Turon maktab teatri”ning ijobiy tajribasi asosida maktablarda “Iqtidor” havaskorlar badiiy jamoalari tashkil etilishi, ushbu jamoalar ishtirokida 3 bosqichli “Iqtidor” maktab ansambli Respublika tanlovi oʻtkazilishi, hududlardagi musiqa va sanʼat maktablari umumtaʼlim maktablariga tayanch maktab sifatida biriktirilib, iqtidorli oʻquvchilarni kashf etish maqsadida muntazam koʻrik-tanlovlar oʻtkazish yoʻlga qoʻyilishi, iqtidorli oʻquvchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida, umumtaʼlim maktablari, bolalar musiqa va sanʼat maktablari va “Barkamol avlod” bolalar maktablari integratsiya qilinishi, oʻz navbatida barcha maktablarda musiqa madaniyati fanini oʻqitish boʻyicha zarur moddiy-texnik baza yaratilib, milliy va zamonaviy cholgʻu asboblari bilan taʼminlanishi belgilanganligi taʼkidlandi.
Shu bilan birga, avvallari musiqa madaniyati fani oʻqituvchilari malaka toifasini olish uchun faqat test jarayonlarida ishtirok etishganlari, endilikda ularga malaka toifasi berishning (Attestatsiya) yangi tartibi joriy qilinishi va bunda sinovlar ikki bosqichda amalga oshirilishi haqida maʼlumot berildi. Jumladan:
1-bosqich – nazariy;
2-bosqich – ijodiy.
Shuningdek, har bir hududiy malaka oshirish markazlariga oʻrtacha 2 tadan bolalar musiqa va sanʼat maktablari biriktirilib, ushbu musiqa maktablarida ijodiy sinovlar oʻtkazilishi;
Ijodiy sinovlar topshiriqlari, baholash mezonlari va komissiya aʼzolari Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan kelishilgan holda Madaniyat vazirligi tomonidan ishlab chiqilishi;
Komissiya tarkibiga Madaniyat vazirligi tasarrufidagi taʼlim muassasalarining malakali mutaxassislari jalb etilishi haqida maʼlumotlar berildi.
Hakim Yoʻldoshev olgan suratlar