Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) axborot xizmati rahbari Fotima Madrahimova maʼlum qildi.
2024-yilning 1-yarim yilligida Ombudsman va Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 452 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi. 2023-yilning 6 oyida ushbu koʻrsatkich 348 tani tashkil etgan edi.
Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning Navoiy va Namangan viloyatlaridagi mintaqaviy vakillari va viloyatlardagi "Hunarmand" uyushmasi bilan birgalikda ushbu hududlardagi jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlar kasb-hunarga oʻrgatilmoqda. 2024-yilning 1-yarim yilligida 800 nafardan ortiq mahkumlar kasbga oʻrgatilib, ularga sertifikatlar berildi.
Endi mahkum va mahbuslar murojaatlarini koʻrib chiqish natijalariga toʻxtalamiz. Hisobot davrida Ombudsmanga harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslar hamda ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilari (advokatlari) tomonidan 1 271 ta murojaat kelib tushdi. Bu koʻrsatkich 2023-yilning shu davriga nisbatan 16 %ga kamaygan.
Murojaatlarning 483 tasi pochta aloqa xizmati, 22 tasi sayyor qabul, 17 tasi Ombudsman qabuli, 200 tasi fuqarolar qabuli, 198 tasi "Ombudsman qutisi", 344 tasi elektron tarzda va 7 tasi Ombudsmanning "Ishonch telefoni" orqali kelib tushgan.
Murojaatlarda sud hukmi, surishtiruv va dastlabki tergov harakatlaridan norozilik, sud hukmini yengillashtirish, muddatidan oldin ozod etish va (yoki) afv etish, ruhiy, psixologik, jismoniy bosim oʻtkazilganligi yoki boshqacha tarzda bosim oʻtkazilganligi, Ombudsman bilan uchrashuv, boshqa muassasaga oʻtkazish, oila aʼzolariga koʻmak berish, tibbiy yordam koʻrsatish, sud majlisida Ombudsman Kotibiyati xodimining ishtiroki va boshqa masalalar koʻtarilgan.
Murojaatlarni koʻrib chiqish natijalariga koʻra, 24 nafar jazo muddatini oʻtayotgan shaxslar maxsus tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, ularning 13 nafari davolanish uchun kasalxonalarga joylashtirildi.
7 nafar mahkumga jazo muddatining oʻtalmay qolgan qismini yengilrogʻiga almashtirishida yoki muddatidan ilgari shartli ozod etilishida, 5 nafariga amaldagi intizomiy taʼsir chorasini muddatidan avval ragʻbatlantirish tariqasida yechilishida amaliy yordam koʻrsatildi.
2 nafar mahkum yashash joyiga yaqin boʻlgan jazoni ijro etish muassasalariga oʻtkazilgan.
Manzil-koloniyalarda jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlarning 6 nafar voyaga yetmagan farzandlariga bola nafaqasi puli olishda va 5 nafar mahkumning oila aʼzolariga joylardagi mahalliy hokimliklar koʻmagida moddiy yordam ajratilishiga erishildi.
Ombudsman nomiga 2024-yil 1-yarim yilligida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslarga nisbatan ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim oʻtkazilganligi yuzasidan 95 ta shikoyat kelib tushdi. Bu koʻrsatkich 2023-yilning shu davrida 125 tani tashkil etgan.
Shikoyatlarning 8 tasi yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad qilish haqida qabul qilingan qarorlar Ombudsmanning xatiga asosan yuqori turuvchi prokurorlar tomonidan bekor qilinib, qoʻshimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari oʻtkazilishi belgilangan. 35 tasi esa oʻtkazilgan xizmat tekshiruvlari hamda prokuratura organlari tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv yakunlariga koʻra oʻz tasdigʻini topmadi.
Ombudsmanning nazorat xatiga koʻra, 1 ta holat boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
52 ta shikoyat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.
Alohida taʼkidlash joizki, ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim oʻtkazilganligi toʻgʻrisida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar oʻrganilib Ombudsman rasmiy saytida 10 ta munosabat bildirilgan va mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsman talabnomalari kiritilgan.