Adabiyot va kino millat madaniyatini yuksaltiradi

    Fikr 1 Dekabr 2020 10735

    Taniqli yozuvchi, kinodramaturg SHoyim Bo'taev bilan suhbatimiz bugungi adabiyot, san'at va kinoning hayotdagi o'rni haqida bo'ldi.

    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, «Oʻzbekkino» Milliy agentligi
    Badiiy kengashi aʼzosi, taniqli yozuvchi, kinodramaturg Shoyim Boʻtayevni “Qoʻrgʻonlangan oy”, “Shox”, “Yettinchi tong” romanlari, qator qissa va hikoyalari orqali yaxshi taniysiz. Uning “Shukur Burhon”, “Odil Yoqubov fenomeni”, «Shukur, aytchi, bu hayot nima?», «Orfey iltijosi xaloskori (Igor Saviskiy)» esselari kitobxonlar orasida oʻz muxlislariga ega, ular haqida talay ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. “Bogʻ”, “Qaldirgʻochlar yana qaytadi”, “Dil payvandi” teleseriallari, “Muzaffar”, “Sarvinoz” badiiy filmlari, oʻnlab hujjatli filmlar adabiy ssenariysi muallifi sifatida yozuvchi mamlakatimiz kino sohasi rivojiga ham oʻzining munosib ulushini qoʻshib kelmoqda. Shu kunlarda «Oʻzbekfilm» kinostudiyasida Shoyim Boʻtayev ssenariysi asosida “Mahalladoshlar” kinoseriali rejissyor Sanjar Boboyev tomonidan suratga olinmoqda. Yozuvchi bilan bugungi suhbatimiz adabiyot, sanʼat va kinoning hayotdagi oʻrni haqida boʻldi.

    — Shoyim aka, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yaqinda kinoijodkorlar bilan boʻlgan uchrashuvda kino sanʼati inson saviyasi yuksalishida muhim rol oʻynashini, shuning uchun songa emas, sifatga eʼtibor qaratib, gʻoyasi va tarbiyaviy ahamiyati yuqori boʻlgan badiiy film va seriallar yaratish lozimligini taʼkidladi. Shuningdek, jamiyatda xalqimiz, avvalo, yoshlar ongiga milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, ona Vatanga muhabbat tuygʻularini singdirishda katta taʼsir kuchiga ega boʻlgan kino sanʼatining rolini oshirish bugungi kunning talabi ekanini qayd etdi. Milliy film va serial deganda, nimalar nazarda tutiladi oʻzi? Nima uchun oʻzbek seriallari xorij seriallari kabi tomoshabop va mashhur boʻlib ketmayapti?

    — Shu oʻrinda aytishim kerakki, xalqimizning azaliy qadriyatlari, maʼnaviy-maʼrifiy hayoti, yoshlarimizning odob-axloqi, taʼlim-tarbiyasi ­Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning doimiy diqqat markazida turishini, bu ulugʻ maqsad yoʻlida sanʼatning boshqa turlari kabi kino sohasi ham kamarbasta boʻlmogʻi lozimligini his etdim. Bu, shubhasiz, eng toʻgʻri yoʻl. Juda chuqur mushohadalarga boy tarzda oʻtgan uchrashuvda Prezidentimizning milliy kino, avvalo, oʻzimizning tomoshabinlarimiz uchun yaratilishi, unda taʼlim-tarbiya masalalari bosh maqsad boʻlishi kerakligi haqidagi fikr-mulohazalari koʻpchilik tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

    Milliy film va seriallar yaratishda mana shunday ulugʻ maqsadlardan kelib chiqib izlanish lozim, deb oʻylayman. Oʻzbek seriallarining xorij seriallari singari tomoshabop va mashhur boʻlib ketmayotganiga obyektiv-subyektiv sabablar koʻp. Buni anglashda kinochilar tomoshabinlardan tortib, adabiyotchilarga, tarixchilarga, sotsiolog va boshqa ijtimoiy soha vakillarining fikr-mulohazalariga suyansa, yutqazmaydi. Ammo, ming afsuski, oʻzi yaratgan film haqida gazetada chop etilgan maqolani ham oʻqimay, bexabar yuradigan “daho”lar yoʻq emas. Kino sohasining sanʼatligidan tashqari, sanoat ham ekanini eʼtirof etgan holda, bugun koʻndalang turgan savollar yechimiga doir «Oʻzbekkino» Milliy agentligida koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Shulardan biri telekanallar bilan hamkorlik oʻrnatib, seriallar yaratish loyihalaridir. Badiiy kengash yigʻilishlarida bunday masalalar doimiy muhokama etib boriladi. Ularning ijobiy natijasi oʻzini koʻp kuttirmaydi, deb oʻylayman.

    — “Bogʻ” serialini tomosha qilganimizda qahramonlarning dialoglari va feʼl-atvorini koʻrib, ularning qanchalar samimiy tasvirlanganidan zavqlanamiz. Shoyim aka, siz har safar yangi bir ssenariy yozishga kirishganingizda oʻz oldingizga qanday talablarni qoʻyasiz?

    — Kino adabiyotga qaraganda juda yosh soha. Rejissyor adabiyotga qanchalik yaqinligi, adabiyotga qanchalik muhabbat qoʻygani u ishlagan filmlarda tomoshabin koʻz oʻngida gavdalanadi. “Kunbotardagi bogʻ” degan asarim oʻtgan asrning saksoninchi yillarida yuz minglab nusxada tarqaladigan oqsoqol adabiy jurnal — “Sharq yulduzi”da chop etilganida katta adib va kinorejissyor Uchqun Nazarov «Oʻzbekfilm»da ishlar ekan, meni izlab topib, qoʻlimga uch-toʻrtta ssenariy tutqazib, kino­ssenariy qanday yozilishi kerakligini koʻrsatgan boʻldi. Asar izlab yurgan ekan, “Kunbotardagi bogʻ”ni ssenariyga aylantirib berishimni soʻradi. Keyin Uchqun aka boshqa ishga oʻtib ketdiyu, bu ssenariy yana oʻn besh yil qolib ketdi. Keyin boshqalar uni serialga aylantirdi. Ehtimol, asarning ruhi uning tomoshabop boʻlishiga turtki bergandir.

    Buyurtmachisi boʻlmasa, kinossenariy yozish behuda ish. Shu maʼnoda talablarni yolgʻiz men emas, boshqalar ham qoʻyadi va buning uchun ular mutlaqo haqlidir. Hozir yoshlar oʻrtasida professional ssenariychilar koʻpchilikni tashkil etayotgani, ular Gollivudda, Bollivudda qanday ssenariy yozilishini yaxshi bilib olayotgani mamlakatimiz kino sohasi istiqbolini belgilab berishga xizmat qiladi. Bu jabhada oʻzgarishlar katta. Adabiyotdagi kabi maʼnaviy-maʼrifiy zalvorli yuk milliy kinomizni jahon miqyosiga olib chiqishga kafolat boʻladi. Shuni unutmaslik kerak.

    — Suhbatimizni oʻzbek adabiyotidagi muhim tarixiy voqeani eslash bilan davom ettirsak. Bu tarixiy voqea Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori edi.

    — Haqiqatan ham shunday. Fikringizga qoʻshilaman.

    — Qaror eʼlon qilinganidan soʻng oʻtgan fursat orasida qanday oʻzgarishlarni ayta olasiz?

    — Qaror 2018-yil 5-aprelda eʼlon qilingan edi. Bu yogʻini oʻzingiz hisoblab oling. Adiblar xiyoboni barpo etilib, ezgu maskanga aylanishga ulgurdi. Yozuvchilar uyushmasi uchun yangi bino qurilib, hududlarda ulugʻ adiblarimiz nomi bilan atalgan ijod maktablari, madaniyat va istirohat bogʻlari barpo etildi. Ular adabiyot maskanlaridir. Qardosh xalqlar adabiyotiga munosabat oʻzgarib, ularning ulugʻ ijodkorlari bilan yosh kitobxonlar qaytadan tanisha boshladi. Bir soʻz bilan aytganda, umumiy kelajak, yagona tarixga ega boʻlgan Markaziy Osiyo xalqlari oʻrtasida adabiyot oʻzining azaliy maʼnaviy koʻprik vazifasini oʻtay boshladi. Yana nimalar? Koʻp ishlar. Yozuvchilar ijodiy mehnatini munosib qadrlash, ularga kerakli shart-sharoitlar yaratib berish yoʻlida Doʻrmon ijod uyi va poliklinika tubdan taʼmirlab berildi. Yozuvchi-shoirlar shinam uy-joylarga ega boʻldi — endi mamlakatimizdagi islohotlar haqida haqqoniy asarlar yozish, “Yangi Oʻzbekiston” solnomasini yaratish uchun ilhom parisini xush kayfiyat-la qarshilamoqning oʻzi saodat. Oʻylaymanki, amaliy natijalar ham oʻzini koʻp kuttirmay, mevasini bera boshlaydi. Axir aytilganku, «Umid bilan suqilgan tayoq, bir kun berar mevayu yaproq», deb. Bu qaror chiqqanida Oʻzbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva bilan matbuotda suhbatimiz chop etilgandi. “Prezidentimizning Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini takomillashtirish borasidagi gʻoyat oqilona qarori allaqachonlar qaqrab qolgan yerga hayot baxsh etish uchun yoqqan yomgʻirdek boʻldi”, degandi oʻshanda Halima opa. Bu adabiy hayotimizda uzoq vaqt kutilgan voqeadir. Adabiyot va ijodkorlarimizning maqomini yuksaltirib, xalqiga chin dildan xizmat qilishi uchun ularga sharoit yaratib berish mazkur hujjatning tarixiy ahamiyatini anglatadi.

    — Adiblar xiyoboni targʻibotida kino sohasining ham oʻrni katta. Shunday emasmi?

    — Albatta, bu yoʻnalishda yurtimiz madaniy muhitiga aloqador barcha muassasalarning oʻz burch, vazifalari belgilab berilgan. Xususan, kino sohasini oladigan boʻlsak, Adiblar xiyobonida haykallari oʻrnatilgan shoir-yozuvchilar haqida oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlikda «Oʻzbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga koʻra, hujjatli va badiiy filmlar turkumlari yaratilmoqda. Adabiyotga taalluqli bunday koʻlamli loyiha «Oʻzbekkino» Milliy agentligi tarixida hech qachon kuzatilmagan. Ayni shu kunlarda Hamid Olimjon va Zulfiya haqidagi “Muhabbat bahori”, “Muqimiy” badiiy filmlari, Alisher Navoiy, Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Abdulla Oripov singari turli davrlarda yashagan ijodkorlarimiz haqida hujjatli filmlar ustida ijodiy izlanishlar olib borilmoqda. Bunday yumushlarga taniqli kinorejissyorlar qatori yoshlar ham jalb etilgani tahsinga sazovor.

    — 2020-yil ona tilimiz va adabiyotimiz bilan bogʻliq yangiliklarga juda boy boʻldi. Adiblar xiyobonida kechayotgan qizgʻin ijodiy suhbatlarni tinglaganingizda, yoshlarimiz oʻzbek tilining qadrini yuksaltirish borasida mulohazalar bildirganida inson beixtiyor toʻlqinlanib ketadi. Har bir uygʻonish davridagi maʼnaviy jarayonda ijodkorlarning juda katta oʻrni bor...

    — Savolingizning oxirrogʻidan javob berishni boshlasam, “har bir uygʻonish davridagi maʼnaviy jarayon”da Sharqning butun dunyo eʼtirof etgan ikki Renessansining ildizlari bizning zaminimiz bilan bogʻliqligi, maʼnaviy uygʻonishlarda ilm-fan, madaniyat, sanʼat gurkirab rivojlanganini eslamoqning oʻzi kifoya. Bu hodisalar uygʻonishlar jarayonida sodir boʻlgan boʻlsa, badiiy tafakkur mevasi hisoblangan adabiyot ularga asos yaratib bera olgani bilan ahamiyatga molik ekanini amalda koʻrsatgan. Anton Chexov hikoyalarining birida kimyogar professor oʻzining tartib-intizomli, aniq fanlarda oʻzlashtirishi aʼlo shogirdidan noroziligini ifodalar ekan, “Oʻz sohasiga doir hamma narsani biladi, ammo hech qachon poroxni kashf eta olmaydi”, deya uning xayolotdan mosuvoligini tanqid qiladi. Poroxni kashf eta olish tasavvurini baayni Iskandarning oynasi kabi badiiy tafakkur, yaʼni adabiyot bera oladi. Shu oʻrinda akademik Konradning “Alisher Navoiy va Renessans” maqolasini eslash joiz. U Alisher Navoiyning “Layli va Majnun” asarini olmonlarning «Tristan va Izolda», yigirmanchi asr rus adabiyotida fantasmagoriya yoʻnalishida yaratilgan Mixail Bulgakov qalamiga mansub «Usta va Margarita» romani bilan qiyoslaydi va buyuk bobomizni “barcha xalqlarning shoiri”, deya eʼtirof etgan holda, Sharq Renessansi hosil boʻlishida Gʻarbga ehtiyoj sezmaganini qistirib oʻtadi. Sizning savolingizdagi mulohazalaringiz shu maʼnoda juda oʻrinli va tahlikali vaziyatlarda oʻzining adabiyotiga suyanishi, oʻz tilidan maʼnaviy-ruhiy ozuqa olishga intilishi xalqqa kuch-qudrat beradi. Bu adabiyotning millat maʼnaviyati, madaniyatini yuksaltirishdagi oliymaqom oʻrnini belgilab olishda juda muhim jihat. Shu tufayli xalq har qanday chigal soʻqmoqlarda adashmay, oʻz yoʻlini topib olish imkoniga ega boʻladi.

    — Bir paytlar “Tong yulduzi” (oʻsha paytda “Lenin uchquni”) gazetasida samarali faoliyat yuritganingizdan boxabarmiz. Oʻsha damlarda tahririyat faol yosh kitobxon, ijodkor oʻquvchilardan har kuni yuzlab maktub olar edi. Ularning gazetaga, kitobga, ijodga boʻlgan munosabati ham boshqacha edi. Afsuski, bugun vaziyat unday emas. Bugun maktab oʻquvchilarining yurtimizdagi bolalar nashrlariga, kitoblarga va adabiyotga boʻlgan mehrini oshirish uchun nimalar qilish kerak deb oʻylaysiz? Nega keyingi paytlarda bolalar uchun maqola va hikoyalar yozmay qoʻydingiz?

    — Albatta, oʻsha paytlarda bolalar gazetasida ishlashning masʼuliyati juda katta edi. Negaki, gazeta bir milliondan ortiq nusxada chop etilar, respublikamizdan tashqari, Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmaniston, Tojikistondagi oʻzbek tilidagi maktablarga ham yetib borardi. Obuna mavsumida bolalarning ajoyib shoiri, gazetaning adabiyot boʻlimi mudiri Hamza Imonberdiyev bilan Qozogʻistonning Suzoq, Turkiston, Kentov, Sayram, Tojikistonning Nov, Oʻratepa, Shahriston, Qirgʻizistonning Oʻsh, Turkmanistonning Chorjoʻy hududlaridagi oʻzbek maktablariga borib, uchrashuvlar oʻtkazganimiz yodimda bor. Hozir aniq ishonch bilan ayta olamanki, bolaligida oʻsha gazetani mutolaa qilib ulgʻayganlarning savodi, madaniyati, hayotga qarashi gazetadan bebahralarnikiga qaraganda juda yuqori. Shu sababli, nainki, bolalar, gazeta-jurnallarsiz hayotini oʻtkazib yuborayotgan kattalarga ham rahmim keladi. Oʻzimga kelsak, qayerga bormay, avvalo, gazeta-jurnal doʻkonini koʻrgim keladi va topolmasam afsuslanaman.

    Bugun taʼlim-tarbiya masalalariga Prezidentimiz tomonidan juda katta eʼtibor berilmoqda, bu soha davlatimiz rahbarining doimiy diqqat markazida. Shunday ekan, maktab oʻquvchilarining adabiyotga, kitobga, gazeta-jurnallarga mehrini oshirish kerakligini mutasaddi tashkilotlar buyurtma sifatida qabul qilishlari lozim. Oʻzbeklar bolajon xalq, degan taʼrif koʻp aytiladi, ammo davlat qaramogʻiga olingan birorta bolalar nashriyotiga ega emasmiz. “Yulduzcha” nashriyoti oʻtgan asrning saksoninchi yillarida shu maqsadda ochilgandi, ammo keyin-keyin uning nomi ham, yoʻnalishi ham oʻzgarib ketdi. Bugungi kunda bu nashriyotni qayta tashkil etish ehtiyoji juda-juda sezilib turibdi. Ehtimol, shundan soʻng barmoq bilan sanarli bolalar ijodkorlarining safi yana kengayar. Toʻgʻri, tan olib aytish kerak, bugungi kunda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida bu borada samarali ishlar olib borilmoqda, bolalar adabiyoti boʻlimi faol, bolalar ijodkorlarini ham boshqalar qatori uyushmaga qabul qilish, ularni uy-joy bilan taʼminlash, boshini silash har qachongidan ham koʻra yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Ammo nazarimda, alohida nashriyot bolalar uchun adabiyot antologiyalari, qomuslar, saylanmalar, koʻp jildliklar nashr etish imkoniga ega boʻladi, maktablar kutubxonalarining boʻsh peshtaxtalari yana toʻlib, taʼlim-tarbiya sohasida oʻz natijasini koʻrsatadi.

    Bolalar shoiri Anvar Obidjon “Bolalarbop yozish uchun oftobshuvoqda ular bilan yonma-yon oʻtirib, qatiq yalashmoq kerak”, degani ham hazildan tashqaridagi gap. Qaniydi, bunga fursat topilsa? Masʼuliyat masalasiga kelsak, chex pedagogining “Bolalarning maʼnaviy darajasiga tushish emas, ularning saviyasiga koʻtarilish lozim”, degan soʻzlari hech qachon yodimdan chiqmaydi. Keyin, qolaversa, oʻzbek mumtoz adabiyotida odob-axloqqa, taʼlim-tarbiyaga oid asarlar shu qadar koʻpki, ular ustini chang bosgan xazina kabi ishlanmay yoki ishlamay yotibdi. Misol uchun, birgina Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asari. Uni oʻqitish ham yaxshi yoʻlga qoʻyilmagan. Faxrlanish boshqa, amalga oshirish boshqa. Bu asarning, eng avvalo, bolalarga moʻljallangan variantini ishlab chiqish kerak. Etiketlar haqida alohida risola bor uning ichida. Jugʻrofiya, minerologiya va boshqa sohalarga doir qanchadan-qancha bolalarbop jajji-jajji kitobchalar chiqarsa boʻladi undan. Masalan, forslar Shayx Saʼdiyning “Guliston” asarining bolalarbop variantini xilma-xil suratlar bilan qiziqarli qilib, shu qadar koʻp chiqaradiki, jajji oʻquvchilar ulgʻayib borgani sayin oʻz ulugʻ shoiriga muhabbati oshib, uning minglab misralarini yod oladi. Har gapida undan iqtibos keltiradi. Men hali na Navoiydan, na Lutfiy yoki Boburdan iqtibos keltirib gapirgan na umaroni, na raiyatni koʻrdim. Bu achinarli. Adabiyotning qudrati shundaki, u sizdan ming yil narida turgan boʻlsayam, yarim tunda qandaydir ishora bilan oʻrningizdan turib ketishga majbur qila oladi. Haqiqiy ijodkorlarni yulduzlarga qiyoslash mumkin — kunduz kunlari ular koʻpam koʻzga tashlanavermaydi.

    — Abdulla Qahhorning “Mahorat har bir soʻz ustida uzoq, ter toʻkib ishlashda emas, aynan oʻsha soʻzni topa bilishdadir”, degan soʻzlari bor. Ijodkor hamisha soʻz ishqi va izlanishlar mashaqqati bilan oʻzini baxtli sezadi. Shu kungacha olib borgan ijodiy faoliyatingizdagi koʻnglingizni toʻldirgan va toʻldirmagan jihatlar haqida nima deya olasiz? Siz oʻzingiz izlagan SOʻZni, mohiyatni topa oldingizmi?

    — Abdulla Qahhorning bu adabiy hikmatini men biroz tahrir qilib “Mahorat har bir soʻz ustida uzoq, ter toʻkib ishlashda emas, aynan oʻsha soʻz orqali haqiqatni ifoda etishdadir”, degan boʻlar edim. Nega? Haq soʻz yoniq boʻladi. Ehtimol, u dagʻaldir. Ammo yonib turgan soʻzgina qalblarni alangalata oladi. Ijodkorning soʻz ishqi bu haqiqat ishqidir.

    Shu oʻrinda hazrati Hakim Sanoiyning ushbu ikki baytini eslamoq joiz:

    Seni dindan ayirgan soʻz ayirdi,

    Ul kufr boʻldiyu taqvo ne boʻldi?

    Seni doʻstdan ayirgan naqsh ayirdi,

    Ul xunuk boʻldiyu zebo ne boʻldi?

    “Ijodiy faoliyatingizdagi koʻnglingizni toʻldirgan va toʻldirmagan jihatlar haqida nima deya olasiz”, degan savolingiz esa uning:

    Jahon osmoniga amr aylagay jon ichra samolar,

    Yana ruh yoʻlida maskun baland ­togʻlar va daryolar,

    degan misralarini yodimga soldi. Ijodkor soʻzni emas, oʻzini izlaydi. Shu asno uning yaqinlashib borayotgan manzillaridan ilgʻangan sas-sabarlar soʻzga aylanadi. Ifoda ham shunday. Nafaqat ijodkor, balki har bir inson orzusi toza Ruh manziliga yovuqlashib bormoqdir.

    — «Shayx Hisomiddin al-Yogʻiy» deb nomlangan tarixiy hikoyangiz koʻplab kitobxonlar davrasida qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlgan. Yangi tariximiz sahifalarini yaratishda ijodkorlarning ham salmoqli hissasi boʻlishi kerak. Bu borada qanday izlanishlar olib bormoqdasiz?

    — Bu hikoyada dolgʻali tariximizning kichkinagina, koʻzga ilgʻanmas bir lavhasi aks etgan boʻlsada, koʻpchilikka manzur boʻlgan va koʻplab xorijiy tillarga ham tarjima qilingan. Turkiyaning nufuzli jurnalida, hikoyalar toʻplamlarida chop etilgani, yaqinda rus tilida Rossiya va Ukrainada eʼlon qilingani, Tojikiston jurnallarida chop etilib, adabiy davralarda qizgʻin muhokama etilgani ham undan koʻnglimni toʻldiradi. “Koʻnglimni toʻldiradi” deyayotganim sababi shuki, asar ham farzanddek gap, otadan keyin qolib yashashi kerak, otadan oldin bu hayotni tark etsa, yurakni tilka-pora qiladi. Yangi tariximiz sahifalarini yaratishda ijodkorlarning ham salmoqli hissasi boʻlishi kerakligi haqidagi mulohazangiz mutlaqo haq. Tarixchi tarixiy voqelikni buyurtmachisi tomonidan qoʻyilgan talabdan kelib chiqib, soxtalashtirishi mumkin va bu kuzatib kelingan hodisa. Ammo adabiyot oʻrtaga qoʻygan haqqoniyat har qanday zamonda oʻz asilligini yoʻqotmaydi. Dunyo adabiyotida bunga misollar koʻp. Milliy adabiyotimizda esa Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor singari yozuvchilarning realistik asarlarida yigirmanchi asr boshidagi, xonliklar tanazzuli davridagi tarixiy haqiqatlar matn ostida juda katta mahorat bilan yashiringani, baʼzan oshkora ifodalangani haqiqiy tarixiy sahifalardir. Bunday hodisalardan tariximizning mustaqillik davri ham istisno emas. Shuning uchun bugun ijod ahliga haqqoniyat har qachongidan ham koʻra koʻproq zarur. U jamiyatni ilgarilatuvchi lokomotiv singari kuch sifatida namoyon boʻladi. Tarix bugungi kun uchun xizmat qiladi. Saboq chiqarishga undaydi. Xatolarni takrorlamaslik kerakligini eslatadi. Shu jarayonga men ham ulush qoʻshishga urinaman. Tarixiy mavzuda ham bir turkum hikoyalar, kattaroq asar yozish tayyorgarligini koʻrib qoʻyganman. Ularni qogʻozga tushirish qoldi, xolos! Ammo hozircha shart-sharoit taqozosi... ular oʻz yechimini topsa, yana yeng shimarib, ishga kirishaman!

    — Gazetxonlarimizga tilaklaringiz?

    — Ularni “Yangi Oʻzbekiston” solnomasi yaratuvchilari”, deb atayman. Bu yoʻlda kurash, zavq, shijoat, fidoyilik nechogʻliq zarurligini hamnafaslikda takrorlayman. Eng muhimi, ongimizning oʻzgarib borishi hayotimizni yangilaydi. Ulugʻlarimiz maʼnaviy dunyosidan ong-tafakkurimizni oziqlantirib, yangilanib yashamoq har birimizga nasib etsin!

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi.