Maʼlum qilinishicha, Adliya vazirligi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida 2023-yilda 21 ta holatda, 2024-yilning oʻtgan davrida 16 ta holatda dori vositalari intellektual mulk huquqlariga rioya qilmagan holda davlat roʻyxatiga olingani aniqlandi.
Jumladan, isteʼmolchilarga yaxshi tanish boʻlgan “MAGNE B6”, “IMUDON”, “SMEKTA”, “DUSPATALIN”, “ELEVIT” kabi tovar belgilari ostida ishlab chiqariladigan dori vositalarining kontrafakt nusxalari “Magne B6”, “Nest Imudon”, “Smecta”, “Grand Imudon”, “MER DUSPATANIM”, “ELEMALVIT” koʻrinishida turli farmatsevtika korxonalari nomiga intellektual mulk huquqlariga rioya qilmagan holda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Shu sababli Sogʻliqni saqlash vazirligiga ogohnoma kiritilib, dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarni davlat roʻyxatdan oʻtkazilishida qonunchilik hujjatlari talablari buzilishini oldini olish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar koʻrish lozimligi, bunday holatlar takroran sodir etilganda qonunchilikda belgilangan jazo choralari qoʻllanilishi haqida ogohlantirildi.
Eslatib oʻtamiz, “Dori vositalari va farmasevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunga asosan dori vositalarini, tibbiy buyumlarni va tibbiy texnikani davlat roʻyxatidan oʻtkazish Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshiriladi hamda qalbakilashtirilgan va Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalarining gʻayriqonuniy nusxalarini ishlab chiqarish taqiqlanadi.