Aerosuratlar — eng zamonaviy, yuqori aniqlikdagi tasvirlar

    O'zbekistonda oxirgi yillarda kosmosuratlardan eng zamonaviy usul bo'lgan aerosuratlar olishga o'tilyapti.

    Dunyoda hali o'lchov asboblari paydo bo'lmagan davrlarda erlar qo'lda qarichlab, keyinchalik sarjin, po'lat lenta ruletkalardan foydalanib an'anaviy metrlar yordamida o'lchangan. Asta-sekin zamonaviy qurilmalar paydo bo'lib, geodezik o'lchovlarni olib borishda elektron taxeometrlar, GPS qurilmalardan foydalanish ommalashdi. Bugungi kunga kelib esa, topografik o'lchovlar sun'iy yo'ldosh orqali olingan suratlar, dronlar, maxsus samolyot, aerofotokamera singari eng so'nggi texnologiyalar yordamida amalga oshirilyapti.

    Bu qurilmalar o'lchashlarning yuqori aniqligini ta'minlaydi. Ular asosida geodezik chizmalar chizilib, xaritalar yaratiladi. Masalan, “google” xaritalaridan deyarli har kuni foydalanamiz. Ular nafaqat olis safarga yo'l olganimizda, balki bir hududdan ikkinchi hududga yoki yaqin oradagi notanish manzilga aniq yetib borishimizda qo'l keladi. Ammo bu kichik bir misol xolos. Keng miqyosda olganda geodeziya yer ustidagi barcha narsalarning o'lchovini olib, xaritaga kiritishni anglatadi. Uning asosida hududlarning, qolaversa, mamlakat xaritasi yaratilib, tez-tez yangilab boriladi.

    O'zbekiston Respublikasining 2020-yil 2-iyulda qabul qilingan “Geodeziya va kartografiya faoliyati to'g'risida”gi qonunida davlat geodeziya, nivelir, gravimetriya, geodezik zichlashtirish tarmoqlarini yaratish, rivojlantirish va ishlash holatida saqlab turish belgilangan. Bu borada geodeziya va kartografiya faoliyatida doimiy faoliyat ko'rsatadigan sun'iy yo'ldosh orqali kuzatish stantsiyalari tarmog'ini yaratish va rivojlantirish alohida o'rin tutadi.

    Nol nuqtadan asosiy koordinatagacha

    Hududlarda ana shunday geodezik o'lchov va tenglashtirish ishlarini olib borish maqsadida 2018-yili Davlat soliq qo'mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan tumanlar markazlariga ilk bor 50 ta doimiy ishlovchi global navigatsion sun'iy yo'ldosh tizimlari — GNSS stantsiyalari o'rnatildi. Mazkur stantsiyaning har biri sun'iy yo'ldosh ma'lumotlarini qabul qilib olib, 30—40 kilometr masofagacha tarqatadi.

    Tizimning ishlash printsipi yuqori orbital navigatsion sun'iy yo'ldoshlar guruhi ma'lumotlari asosida RTK (real vaqt kinematikasi) texnologiyasidan foydalanib ob'ekt joylashgan o'rnini aniqlashga asoslangan. Ya'ni, GNSSlar real vaqt rejimida geodezik, topografik ishlarni aniq bajarish imkonini beradi. Stansiyalar orqali olingan sun'iy yo'ldosh ma'lumotlaridan iqtisodiyot tarmoqlari, yer kadastri, transport, logistika, qishloq xo'jaligi sohalarida, barcha loyiha-qidiruv, qurilish ishlarida nuqtalar koordinatalarini aniqlash, topografik syomka ishlarini bajarishda foydalaniladi.

    Mamlaktimiz sharoitida GNSS stansiyalarining geodezik ishlab chiqarishga jalb qilinishi natijasida nuqta koordinatalarini qisqa muddatda yuqori aniqlikda topish imkoniyati paydo bo'ldi. Koordinatalar aniqligi iqtisodiyotning barcha sohalarida zarur. Masalan, davlat koordinatalar tarmog'ining boshlang'ich nuqtasi Pulkovo observatoriyasidan olingan. Nuqtalarning absolyut balandligi — Boltiq balandliklar sistemasida aniqlanadi. Sababi balandlik nuqtalar boshi — nol nuqta o'sha erdan olingan. Agar aniqlik to'g'ri belgilanmasa, yo'l past-balandlikdan iborat bo'ladi. Qurilish sohasida ham shunday. Ob'ektlarni qurishda har bir burchak aniq o'lchanmasa, qiyshiqlik, nosozlik, turli notekisliklar va hatto siljishlar kelib chiqadi. Barchaga ma'lumki, burchak o'lchov ishlarida gradus, minut, sekundlardan foydalaniladi. Aytaylik, obyektlar joylashuvi 1º (gradus) xatolikda o'lchanganda, 1 kilometr masofada 17 metrdan ortiq xatolik bilan joylashishiga olib keladi.

    Shu bois, geodezik tarmoqlar, shuningdek, shahar geodezik tayanch punktlarini qurishda GNSS texnologiyalaridan foydalanish rivojlangan davlatlar tajribasida ommalashgan. Ular yuqoridagi jarayonlarda aniq, tezkor, sifatli va keng unumli geodezik asos vazifasini o'taydi.

    Doimiy ishlovchi GNSS stansiya hisobiga oldin to'rt nafar mutaxassis bajarishi kerak bo'lgan ishni bir kishi RTK rejimi yordamida uddalaydi. Ya'ni, o'lchash qurilmalarini qo'lda ko'tarib, yer maydonlarini aylanib yurishga hojat qolmaydi — istalgan miqdordagi qurilmani stansiyaga ulab qo'yish kifoya. Bunda ishchi kuchini kam sarflab, ish hajmini 40—50 foizga oshirish mumkin. Geodezik ma'lumot olishda an'anaviy usulga nisbatan vaqt bir necha barobar tejaladi. Qolaversa, GNSS stantsiya hisobiga hududlarda geodinamik tadqiqotlarni amalga oshirish imkoniyati ham bor.

    Sun'iy yo'ldosh orqali olingan GNSS stantsiyalari ma'lumotlari raqamli ravishda taqdim etiladi va ularni kartografik yoki geografik axborot tizimlariga osongina eksport qilish mumkin. Bundan tashqari, o'lchovlarni avtomatlashtirish tufayli kuzatuvchilarning xatolari kamayadi. Stansiya ma'lumotlari yordamida har qanday ob-havo sharoitida kun davomida dunyoning istalgan burchagidagi obyektlarning koordinatalarini aniqlash mumkin. Boisi, GNSS o'lchovining aniqligi ob-havo sharoitlariga bog'liq emas.

    Shuningdek, sun'iy yo'ldosh kanallaridan foydalanish va signallarni qayta ishlash qishloq xo'jaligida yerlarni inventarizatsiyadan o'tkazish, kadastr obyektlarini tekshirish, yer usti va yer osti qatlamining buzilishi, turar-noturar binolar holatini muntazam o'rganish, ko'chmas mulk obyektlarini hisobga olish va kadastr suratga olish ishlarida ham qo'l keladi.

    Xaritada gugurt qutisini ham ko'rish mumkin

    GNSS stansiyalar geodezik chizmalar chizish, xaritalar yaratishda ham muhim ahamiyatga ega. Masalan, avvallari turli hududlardagi yer maydoni yoki obyektlarning o'lchamini aniqlash uchun o'sha joyning o'ziga borib, maxsus asboblarda o'lchov ishlari amalga oshirilib, so'ng xaritaga tushirish kerak bo'lgan. Hozir esa GNSS stantsiyaga ulangan zamonaviy qurilmalar yordamida olingan ortofotoplan orqali mutaxassis joyida o'tirgan holda obyektning aniq o'lchami va holatini aniqlay oladi.

    Sohadan yiroq kishilar uchun biroz tushunarsiz bo'lgan ortofotoplan aniq geodezik asosda olingan aero yoki kosmik suratlar orqali yaratiladigan raqamli xaritalar asosi hisoblanadi. U ayniqsa, geodezik, topografik, geologik, ekologik tadqiqotlarda, yer tuzish, arxitektura va qurilishni loyihalashda hamda qurilish-montaj ishlarini nazorat qilishda keng qo'llaniladi. Unda jamiki er ustidagi ob'ektlar to'g'risidagi ma'lumotlar qayd etiladi.

    Ortofotoplanlar asosida esa topografik xaritalar yaratiladi. Bu xaritalarda geodezik punktlar, relyef, gidrografiya, o'simlik, tuproq, iqtisodiy va madaniy ob'ektlar, yo'llar, aloqa, chegaralar, umuman, jamiki yer obyektlari to'g'risidagi ma'lumotlar qayd etiladi.

    O'zbekistonda oxirgi yillarda kosmosuratlardan eng zamonaviy usul bo'lgan aerosuratlar olishga o'tilyapti. Bu yanada aniqlikni ta'minlaydi. Bungacha 2015, 2018-yillarda olingan kosmosuratlardan foydalanilar edi. Ularning aniqligi nisbatan kamroq bo'lib, olingan tasvirlar xaritada yaqinlashtirilgani sari xiralashib boradi va yo'qolib ketadi. Aerosuratlar tasvirlarini esa qancha yaqinlashtirsa ham, rasm tiniqligini yo'qotmaydi.

    Hozir yurtimizda eng zamonaviy “Leica DMC III” rusumidagi kameralar yordamida 96 592 kvadrat kilometr hudud aerosuratlari olindi va 69 318 kvadrat kilometr maydondagi hududlar uchun ortofotoplanlar tayyorlandi. Bunda kamera samolyotga o'rnatilib, belgilangan er maydonlari, ob'ektlarni aerotasvirga oladi. Ushbu kameralar kosmosuratlardan farqli tarzda yerdagi 5 santimetrgacha bo'lgan narsani ham aniq ko'rsatib beradi. Masalan, aerotasvir tushirilgan elektron xaritada, hatto, erdagi gugurt qutisini ham ko'rish mumkin.

    Yaqinda aerosuratlar olishda foydalanish uchun Italiyada ishlab chiqarilgan “Tecnam P2006T” rusumli samolyot olib kelindi. eng so'ngi rusumdagi mazkur samolyotdan foydalana boshlansa, O'zbekistonning turli masshtabdagi xaritalarini tez-tez yangilab turish imkoniyati yuzaga keladi.

    Gap shundaki, yurtimizda har xil masshtabdagi xaritalar yaratilgan bo'lib, ular muntazam yangilab boriladi. Natijada, xaritalarning dolzabligi ta'minlanadi. Bu mamlakatdagi jadal rivojlanish sur'ati bilan bog'liq. Masalan, Andijon viloyati hududidagi shaharlarning topografik xaritalari 2014-yilda yangilangan. Undan keyin hududda qancha o'zgarishlar bo'ldi. Yangi obyektlar, yo'llar qurildi. Ularni xaritaga kiritish uchun esa yangilab borish talab etiladi. Shunday eskirgan xaritalarning barchasi raqamlashtirildi. Ammo bu jarayon davomiy hisoblanadi. Yangilash muddatlari esa xaritalar masshtabiga qarab belgilanadi.

    Avvallari O'zbekiston hududlari xaritasini elektron ko'rishning ham imkoni yo'q edi. Yurtimizda elektron xaritalarni yaratish ishlari 2006-yillardan boshlangan. Hozirgi kunda mamlakatimiz xaritasini to'liq elektron shaklda ko'rish mumkin. Hatto, davlat koordinata tizimi yopiq holatdan ochiq tizimga, ya'ni, butunjahon geodezik tarmog'iga o'tkazilyapti. U endilikda, ommaga ochiq taqdim etiladi.

    Yana 80 ta stansiya

    O'zbekiston Respublikasi geografiyasi nafaqat aholi punktlari, balki cho'l va tog' zonalaridan iborat. U erlarda ham iqtisodiyot rivojlanib, katta zavodlar, yo'llar qurilyapti. Mazkur hududlarda ham geodezik tasvirlarni olish, aniqlikni ta'minlash zarur. Shu maqsadda GNSS stantsiyalari sonini yana 80 taga ko'paytirib, 2022-2023-yillarda jami 130 taga yetkazish rejalashtirilgan. Hozir yangi stantsiyalarni loyihalashtirish ishlari olib borilyapti.

    Hududlarda ishlab turgan stantsiyalar bir nuqtaga ulangan bo'lib, Respublika aerogeodeziya markazidagi GNSS stantsiyalar tarmog'ini boshqaruvchi nazorat markazida onlayn tarzda kuzatib boriladi. Internet tarmog'i va aloqa kanallari shakllantirilib, stansiyalar tarmog'i markazga bog'landi va ma'lumotlarni qayta ishlash yo'lga qo'yildi. Stansiyalarni markaziy boshqarish va nazorat qilish “Spider” dasturi paketi yordamida amalga oshiriladi.

    Bu yerda GNSS stantsiyalar ma'lumotlari bilan ta'minlash xizmati ham joriy qilingan. Stansiyalarning kordinatasi aniq bo'lgani bois, tadbirkorlar ham unga qurilmalarini o'rnatib, chizmalar, sxemalar chizishda foydalanyapti. Buning uchun rasmiy murojaat qilgan holda onlayn ro'yxatdan o'tib, uyali aloqa kompaniyalar mijozlari kabi abonent sifatida qo'shilish mumkin. GNSS stantsiyalari qabul qilingan ma'lumotlarni qayta ishlab, o'zlariga bog'langan obyektlarga ularning joylashgan joyini yuqori aniqlikda aniqlab beradi. Unda barcha arxiv ma'lumotlar ham saqlanadi. Geodezik qurilmalar stantsiyaga cheksiz tarzda ulanishi mumkin.

    Doimiy ishlovchi GNSS stantsiyalariga abonent sifatida qo'shish ishlari bosqichma-bosqich olib borilmoqda. Hozirgi kunda stansiyalar ma'lumotlaridan kadastr rejalari va kartalarini yaratish hamda yangilash, yer usti va osti qatlamlarini tekshirish, yer va ko'chmas mulk chegaralarini aniqlash, loyiha-qidiruv ishlari, tuproq va strukturaning o'zgarishi monitoringi, kommunal xizmatlar va boshqa sohalar bo'yicha faoliyat olib borayotgan 102 ta davlat va nodavlat tashkiloti beg'araz foydalanmoqda.

    GNSS stantsiyalar soni 130 taga yetkazilgach, yurtimizning barcha hududlari qamrab olinadi. Bu istalgan hududning geodezik ishlarini amalga oshirish, xaritalarni yaratish yoki yangilash, markazda o'tirgan holda koordinatalarini aniqlash imkonini beradi. Turli sohalarda tezkor va aniq o'lchamlarni olishga xizmat qiladi.

    Akmal OMONOV,

    Davlat Soliq qo'mitasi huzuridagi

    Kadastr agentligining Respublika aerogeodeziya

    markazi direktori