Aholi muammolari bilan ishlash sohasida yangi tizimga oʻtilmoqda

    Ijtimoiy hayot 30 Noyabr 2022 2919

    Yana bir muhim jihati masʼullar, ishchi guruhi aʼzolari bevosita chekka hududlardagi qishloqlarda tunab, oʻsha yerda mahalla faollari, oqsoqollar, keksa nuroniylar, faollari bilan aholida mavjud muammolar xususida muhokamalar oʻtkazib, joyida yechim izlashmoqda.

    Davlatimiz rahbari topshirigʻiga muvofiq aholi bilan muloqotning mutlaqo sifat jihatidan yangi tizimi joriy etilmoqda. Tajriba sifatida Toshkent viloyatining ogʻir hududlaridan biri boʻlgan Oqqoʻrgʻon tumani tanlab olindi.

    Unga koʻra, Prezident maslahatchisi Gʻ.Mirzayev boshchiligidagi 24 ta vazirlik va idora rahbarlaridan iborat ishchi guruhi 4 ta sektor kesimida tumandagi 29 ta mahallada faoliyat olib bormoqda.

    Ishchi guruhi tuman hududini mahallama-mahalla, uyma-uy yurib, har bir xonadonning sharoiti bilan tanishib, aholi muammolari va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini oʻrganib, ularni tezkor va samarali hal qilish choralarini koʻrmoqda. Ushbu jarayonda asosiy eʼtibor — ogʻir ijtimoiy ahvoldagi, yakka-yolgʻiz, boquvchisini yoʻqotgan insonlarni qiynayotgan masalalarga yechim topishga qaratilmoqda.

    Ayni paytda Oqqoʻrgʻon tumanining “Yoshlik”, “Madaniyat”, “Jagʻalboyli”, “Suvti”, “Qoʻshtamgʻali”, “Mustaqillik”, “Xonobod”, “Eltamgʻali”, “Sulton Segizboyev”, “Tolovul” mahallalaridagi 920 ta xonadon va 15 ta ijtimoiy soha obyekti oʻrganildi. Ularda aniqlangan 547 ta masalaning 76 tasi (13,8 foizi) hal qilindi, 471 ta masala boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.

    Misol uchun, “Mustaqillik” mahallasida yashovchi 70 yoshli ogʻir ijtimoiy ahvoldagi Vladimir Vyatchinin davolanishi uchun Toshkent viloyati ixtisoslashtirilgan somatika shifoxonasiga yotqizilgan boʻlsa, “Madaniyat” mahallasidagi A. Mamazoitov xonadoniga 40 metr quvur tortilib, tabiiy gaz taʼminotiga ulab berildi. Hududda tashkil qilingan chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik natijasida ambulator sharoitdagi 36 nafar bemor kerakli dori-darmonlar bilan taʼminlandi.

    “Mustaqillik” mahallasidagi eskirgan simyogʻochlar beton ustunlarga almashtirilayotgan boʻlsa, “Yoshlik” mahallasi Zamahshariy koʻchasidagi suv quvurlari taʼmirlanmoqda.

    Shu bilan birga, muddat va mablagʻ talab qiladigan qator masalalarni kelgusi yil dasturlariga kiritish belgilandi. Xususan, “Suvti” mahallasidagi yaroqsiz koʻprik taʼmirlanishi bilan kamida 400 nafar aholini oʻylantirayotgan tizimli masala hal qilinadi. Yoki “Xonobod” mahallasidagi 1960-yilda qurilgan 450 oʻrinli 9-sonli maktabga qoʻshimcha bino qurilishi rejalashtirildi. Xuddi shunday “Madaniyat” mahallasidagi 22-, 27-, 47-, 50-sonli maktablarni, ayniqsa, 50-maktabning achinarli ahvoldagi sport zalini rekonstruksiya qilish, mahallalarning qishda loy, yozda chang koʻchalarini taʼmirlash, “Qoʻshtamgʻali”dagi 500 ta yaroqsiz simyogʻochlarni beton ustunlarga almashtirish bilan minglab insonlar real hayotida amaliy oʻzgarishlarga erishiladi.

    Respublika ishchi guruhi oʻz faoliyatini davom ettirmoqda.

    Yana bir muhim jihati masʼullar, ishchi guruhi aʼzolari bevosita chekka hududlardagi qishloqlarda tunab, oʻsha yerda mahalla faollari, oqsoqollar, keksa nuroniylar, faollari bilan aholida mavjud muammolar xususida muhokamalar oʻtkazib, joyida yechim izlashmoqda.