Navoiyshunos olimlarimiz ta'kidlaganidek, Uchinchi Renessansning mustahkam poydevori Navoiyni anglashdan boshlanadi. Navoiyni anglash o'zlikni anglashdir. Hazrat Navoiy iborasi bilan aytganda:
el netib topgay menikim,
Men o'zimni topmasam.
Buyuk ajdodlarimiz yuksak darajalarga qanday erishganini ularning hayot yo'llariga bir nazar solib, ijodlaridagi hikmatlarni o'qib, uqib va tahlil qilib anglashimiz, lozim bo'ladi.
Alisher Navoiydek shaxslar o'z-o'zidan etishib chiqmaydi, albatta. Buning uchun o'ziga yarasha ilmiy-madaniy muhit mavjud bo'lishi kerak. Navoiy oilasining ilm ahli muxlisi bo'lgan temuriylar saroyiga yaqinligi uning barkamol tarbiya topishida muhim o'rin tutgan. U temuriyzodalar, xususan, bo'lajak sulton Husayn Boyqaro bilan birga ta'lim-tarbiya olgan.
Manbalarda ko'rsatilishicha, Alisher Navoiyni 4 yoshida boshlang'ich maktabga berishadi va u, asosan, diniy bilimlardan ta'lim oladi. To'qqiz yoshida Qur'oni karimni yod olib, o'smirligidayoq to'liq o'rganadi. Qur'on, hadis, tafsir, fiqh, tasavvuf, she'riyat, adabiyot, tilshunoslik, falsafa va boshqa ilmlarni ham mukammal egallab, zabardast olim darajasiga etadi:
Ilm, Navoiy, senga maqsud bil,
emdiki ilm o'ldi —
amal aylagil.
Demak, kamolga etish uchun ilm o'rganish va unga amal qilish kerak bo'ladi. SHuning uchun ham ilm o'rgangan olimlar payg'ambarning vorislari hisoblanar ekan:
Birovkim qilsa
olimlarga ta'zim,
Qilur go'yoki payg'ambarga ta'zim.
Qadimiy rivoyatlarda SHarqda 33 mingdan ziyod mashoyix o'tgani naql qilinadi. Navoiy “Nasoim ul-muhabbat” asarida o'sha davrda yashab o'tgan tasavvuf shayxlari, mashhur faylasuf olimlar haqida ko'plab ma'lumot bergan. Bu ulug' allomalar o'z amallari, hayot tarzlari, yuksak axloqiy fazilatlari, odob namunalari bilan xalqni ma'rifatga, insofu diyonatga chorlagan.
Abu Nasr Forobiyda bunday ta'limotni uchratamiz:
“Kishini yaxshi ishlar qilishga va go'zal xulq sohibi bo'lishga da'vat etuvchi ichki (axloqiy) sifat “fazilat” deb ataladi. Odamlarni xunuk xatti-harakati va illatga da'vat etuvchi ishtiyoqlar “razolat” deyiladi, bular insondagi kamchiliklar va xatoliklar ifodasidir”.
Hikmatning birinchisi — saodat manzili va u hamisha g'olibdir. Ikkinchisi — jaholat botqog'i va u mudom mag'lubdir.
Ilm sohiblari fazilatli kishilardir va ular elda, yurtda qadr-qimmat topadilar, mehr va hurmatga sazovor bo'ladilar. Ilmdan benasib kishilar esa umrini behalovat va besamar o'tkazadi. Ilm insonni sharaflaydi va yuksaltiradi.
Odamdan Hotamgacha, Hotamdan shu damgacha yashagan barcha olimu fuzalolarimiz ta'lim-tarbiyaga oid bunday misollarni ko'p va xo'p aytganlar. Buyuk yunon olimi Aristotel` “Vatan taqdirini yoshlar tarbiyasi hal qiladi”, desa, o'zimizning ma'rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy “Bizlar uchun tarbiya yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidur”, deydi.
Bilim olishni istamaydigan, ustoziga mehr ko'rsatmaydigan, ota-onasining qadriga etmaydigan, o'tkinchi hoyu havaslarga berilib, vaqtini behuda o'tkazadigan yoshlarning kelajagi yo'qdir.
Ta'lim maskanlarida ustoz-muallimlari bilan gap talashib, ular ustidan kuladigan beodob va fazilatdan benasib qolgan yoshlar ham ulug' allomalarimiz ta'limotidan ibrat va o'git olsinlar, ilm va hunar o'rgatuvchi ustozlarga nisbatan hurmat va ehtirom ko'rsatishni odat qilsinlar. CHunki:
Haq yo'linda kim senga
bir harf o'qitmish ranj ila,
Aylamoq bo'lmas ado haqin
oning yuz ganj ila.
Qaysi bir o'quvchi-talabaning ustozi haqqini ado qilmoqlik umri davomida tugamasligini anglagani uning saodatmand ekanini bildiradi. Zero, ustoz haqi ado etib, tugatib bo'lmaydigan haqdir. Inson nima eksa, shuni o'radi.
O'z vujudingga
tafakkur aylagil,
Har ne istarsen —
o'zingdin istagil.
Ilm-ma'rifat va hunar o'rgatgan ustozini qadrlamaydigan o'quvchi el-yurtiga naf keltira olmaydi. Agar ustozlariga mehr-muruvvatli va tavozeli bo'lsalar, Vatan, ota-ona oldidagi o'z burchlarini bajargan xayrli bir avlod bo'lib, YAratganning hidoyatiga erishadi. SHoir aytganidek:
SHogird agar shayx ul islom,
agar qozidir,
Agar ustod andin rozidir —
tangri rozidir.
Illo, ilm o'rganishdan maqsad YAratganni tanish, ota-onani rozi qilish, bilim va kasb-hunar mahoratini o'rgatgan ustozlar duosini olishdan iborat bo'lmog'i kerak.
Onang rozi etsang zamon seniki,
Na zamon, zaminu osmon seniki.
Agar otangni ham rozi etolsang,
O'n sakkiz ming olam — jahon seniki.
Buyuk ajdodlarimizining betakror va noyob ilmiy-ma'naviy merosini o'rganish ma'nosida, ikkinchi Renessans — ma'naviy-madaniy taraqqiyot gullab-yashnagan davrda yashab ijod qilgan hazrat Navoiy hayoti va ijodi misolida tarbiya, bilim, ilm, ustozlar haqidagi hikmatlaridan bahramand bo'ldik. Xulosa qildikki, Navoiyni anglash uchun, avvalambor, o'sha davrda ilmiy muomalada bo'lgan tillarni yaxshi o'zlashtirish, Navoiy bilgan va foydalangan bilimlarni va shu ilmlarga aloqador bo'lgan istilohiy atamalarni o'rganish kerak bo'ladi.
YAna bir misolni keltirsak. Aytishlaricha, faylasuf shoir Boborahim Mashrabni dastlabki bilimlarni olish uchun maktab (madrasa)ga olib borishadi. Ustozi “Alif”, “Be”, deb alifboni o'rgatar ekan, Mashrab “Alif”ning ma'nosini bilmasdan, “Be”, demasman”, degan ekan.
SHu ma'noda, har bir so'zni o'qib, uqish uslubini hozirgi zamonaviy ilm-fanlarni o'qitish jarayonida ham qo'llashni tavsiya etamiz. CHunki har bir fanda faqat ungagina tegishli lug'at-istilohlar mavjud va bu o'qitish uslubi mazkur fanni ilmiy asosda o'rganish uchun zamin bo'lib xizmat qiladi.
Murodhoji MUXTOROV,
P. Ben`kov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan
rassomlik maktabi uslubchisi