баннер
30 Mar 2025
05:07

    Akademik Shafoat NAMOZOV: “Fan rivojlanishi uchta omilga bogʻliq...”

    Global iqlim oʻzgarishlari sharoitida ilgʻor kimyo texnologiyalari, yangi avlod oʻgʻit va biostimulyatorlari, atmosferadagi karbonat angidrid gazini oʻzlashtirish orqali issiqxona effektini kamaytirishga yoʻnaltirilgan agro va biotexnologiyalarga har qachongidan koʻra koʻproq ehtiyoj sezilmoqda.

    Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligiga oid genomika va bioinformatika, proteomika, fudomiks, biotibbiyot va farmbiotexnologiya kabi yangi yoʻnalishlarda ilmiy tadqiqotlar qilish olimlar oldida turgan muhim vazifadir.

    Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti professori, akademik, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan ixtirochi va ratsionalizator Shafoat NAMOZOV bilan suhbatimiz shu haqda boʻldi.

    — Olim, ziyoli fitratida hamisha yurt taraqqiyotiga daxldorlik hissi ufurib turadi. Har bir kashfiyot, har bir yangilik ortida ana shu ezgu maqsad mujassam topgan. Ayting-chi, noorganik kimyo sohasidagi yetuk olim sifatida ilm-fandagi izlanishlar, kashfiyotlar bugun mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatiga qanchalik hissa qoʻshyapti?

    — Oʻtgan davrga nazar tashlar ekanman, umrim behuda oʻtmaganidan koʻnglimga xotirjamlik inadi. Kimyo faniga bolaligimdan qiziqqanman. Toshkent politexnika institutida noorganik moddalar texnologiyasi yoʻnalishida tahsil oldim. Noorganik kimyo institutida aspiranturada oʻqidim. Ilmiy rahbarim akademik Malik Nabiyev juda salohiyatli, kuchli olim edi.

    1988-yilda doktorlik dissertatsiyamni yoqladim. Lekin ilmiy-texnik ishlanmalarni sobiq shoʻro davrida amaliyotga joriy qilish oʻta qiyin jarayon edi.

    Bizda fosforli oʻgʻitlar juda katta ­muammo. Paxta yoki bugʻdoyning rivojlanishi uchun tuproqda ozuqa elementlari juda muhim. Baʼzi olimlar, mutaxassislar fik­richa, urugʻ navi yaxshi boʻlsa, yuqori hosilga kafolat boʻla oladi. Lekin yaxshi, moʻl va sifatli hosil yuzdan oshiq omilga bogʻliqligi dunyo qishloq xoʻjaligi amaliyotida isbotlangan. Birinchi oʻrinda, albatta, nav yotadi. Keyin tuproq unumdorligi, suv, ob-havo, mineral oʻgʻitlar, oʻsimlik zararkunandalariga qarshi kurashish vositalari bor. Agar nav ota boʻlsa, ona — tuproq. Tuproq sogʻlom boʻlishi kerak, unga ozuqa moddalar berib turilishi shart, u shuni talab qiladi. Tup­roqda hayot mavjud. Ozuqa moddalar koʻzga koʻrinmaydigan mikroorganizmlar yordamida oʻsimlik ildizlariga yetkazib beriladi.

    Tuproq unumdorligi uning tarkibidagi organik moddalar, yaʼni gumus miqdori bilan aniqlanadi. Sugʻoriladigan yerlarimizda gumus miqdori Rossiya, Ukraina, Belarus va ­Yevropa davlatlarining qora tuproqlaridagiga nisbatan 6-7 barobar kam. Tuproqdagi gumus miqdorini koʻpaytirishning asosiy ­usullaridan biri organik va organomineral oʻgʻitlarni doimiy ravishda qoʻllashdir. Har yili sof holatda tuproqdan 300 ming tonnadan oshiq azot, 150 ming tonna fosfor va 270 ming tonnadan koʻproq kaliy ozuqa moddalari hosil bilan birga chiqib ketadi. Paxta, bugʻdoy va boshqa ekinlar hosilini oshirishda navning yaxshi boʻlishi bilan bir qatorda organik, organomineral, mineral oʻgʻitlar meʼyorda berilishi, zararkunandalarga qarshi oʻz vaqtida chora-tadbirlar qoʻllash, agrotexnika qoidalariga rioya qilish, vaqtida sugʻorish kerak boʻladi.

    Mustaqilligimizning dastlabki yillarida fosforli oʻgʻitlar ishlab chiqarish korxonalari uchun asosiy xomashyo boʻlgan fosforitni Qozogʻistondan valyuta hisobiga sotib olardik. Bu esa oʻgʻit tannarxi keskin oshishiga olib kelardi. Mazkur muam­moni hal qilish uchun import fosforit oʻrniga mahalliy Qizilqum fosforitlarini ishlatishga qaror qilindi. Yaponiyaning “Mitsui” korporatsiyasi “Samarqandkimyo” OAJda sulfat kislota sexini qurish va shu kislota asosida oddiy superfosfat ishlab chiqarishni taklif qilgandi. Ishlab chiqarishning umumiy qiymati 80 million AQSH dollarini tashkil qilardi. Institutimiz taklif qilgan nitrokalsiy fosfat oʻgʻiti (NKFOʻ) ishlab chiqarish texnologiyasi boyi­tilmagan arzon Qizilqum fosforitlarini past meʼyorda nitrat kislotasi bilan qayta ishlashga asoslangan boʻlib, jarayonda maksimal darajada korxonada ishlab turgan uskunalardan foydalanishga moʻljallangan edi.

    Ishlab chiqarishning qiymati Yaponiya­ning “Mitsui” korporatsiyasi tomonidan taklif etilgan oddiy superfosfatga qaraganda bir necha barobar arzon edi. 2005-yilning 25-mayida yangi texnologiya sinovdan oʻtkazildi, nitrokalsiy fosfat oʻgʻiti (NKFOʻ)ning tajriba partiyasi ishlab chiqarildi. Laboratoriyada shisha reaktorida qilingan tajribadan sanoat miqyosida ishlab chiqarish darajasiga oʻtish bizdan va korxona mutaxassislaridan katta tajriba va bilim talab qilardi. Texnologiyani joriy ­qilishda qator qiyinchiliklarga duch keldik.

    Korxona bosh muhandisi Roʻzmat Rajabov bilan bir necha oy korxonada tunaganmiz. Texnologiya yildan yilga takomillashib bordi. Oʻtgan 15 yil ichida 281 milliard soʻmlik 635 ming tonna mahsulot ishlab chiqarildi. Shundan 3 million dollarlik mahsulot chetga eksport qilindi.

    Olmaliq “Ammofos” OAJ mutaxassislari hamkorligida boyitilgan Qizilqum fosforit konsentratidan murakkab ammofos oʻgʻiti olishning samarali texnologiyasini yaratdik va amaliyotga joriy qilindi. Shuningdek, yangi turdagi kompleks ammoniy sulfatofosfat, suprefos oʻgʻitlari olish texnologiyalari yaratildi va ushbu korxonada qoʻllanila boshladi.

    Hozirga qadar 780 milliard soʻmlik 250 ming tonna ammoniy sulfatofosfat va 2 million tonnadan oshiq suprefos oʻgʻiti ishlab chiqarildi. 300 ming tonna suprefos va 90 ming tonna ammoniy sulfatofosfat 45 million dollarga eksport qilindi.

    Ammiakli selitra (AS) oʻsimliklarga tez taʼsir qiluvchi azotli oʻgʻitlar turkumiga kiradi. Dunyo boʻyicha bir yilda 43 mil­lion tonnadan koʻproq AS ishlab chiqariladi. Ushbu oʻgʻitning 2 ta kamchiligi bor. Birinchisi, uning yopishqoqlik xususiyati. Uni bartaraf qilish uchun ­amaliyotda magnezit, brusit moddalari ishlatiladi. Ikkinchisi esa jiddiyroq boʻlib, ishlab chiqarishda, omborlarda saqlash, tashish jarayonlarida portlash xususiyatidir. Koʻpgina mamlakatlarda shu mudhish hodisalar sodir boʻlgan. Oʻgʻitlar texnologiyasi boʻyicha ilmiy tadqiqot qilayotgan olimlarga xavfsiz AS texnologiyasi ishlab chiqish vazifasi yuklatildi. Koʻpgina institutlar, guruhlar bu borada yangi texnologiyalarni ishlab chiqdi. Tanlovda biz gʻolib chiqdik. Dunyo amaliyotida ilk bor AS suyuqligi va Qizilqum fosforit qoʻshimchasi asosida yopishqoqlik xususiyati boʻlmagan, termik barqaror (xavfsiz) azotfosforli oʻgʻit (AFOʻ) texnologiyasining ilmiy asoslari yaratildi va 2010-yilda “Navoiyazot” AJda joriy etildi. Hozirga qadar 250 milliard soʻmlik 610 ming tonna AFOʻ ishlab chiqarildi.

    20 million AQSH dollarlik mahsulot eksport qilindi. Shunga oʻxshash ohakli AS texnologiyasi ushbu aksiyadorlik jamiyatida joriy qilinib, 35 milliard soʻmlik 56 ming tonna mahsulot ishlab chiqarildi. Nordon qora tup­roqlarda ohakli ASning samarasi yuqori boʻladi.

    Shu kunga qadar institutning fosforli oʻgʻitlar laboratoriyasi olimlari tomonidan joriy etilgan texnologiyalar boʻyicha 2 trillion 300 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi. Shundan 65 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.

    Qanchalik muvaffaqiyatga erishgan boʻlmaylik, ayniqsa, oxirgi yillarda fan va ishlab chiqarish bilan integratsiya oqsoqlanib qolganini inkor eta olmaymiz. Qachonki, Fanlar akademiyasi, oliy oʻquv yurtlari va ishlab chiqarish korxonalari bilan integ­ratsiya boʻlsa, shunda yangi ishlanma va texnologiyalar samarasi koʻzga tashlanadi. Biz bu borada oʻz takliflarimizni beryapmiz. Fan yutuqlari iqtisodiyot rivojiga hissa qoʻshishi kerak. Chunki bugungi davr oldimizga ushbu talabni qoʻyyapti.

    Ishlab chiqarish bilan fan integratsiya­si yaxshilansa, mukammal tizim yaratilsa, oʻylaymanki, ish joyidan siljib, ancha-­muncha yangi texnologiyalar amaliyotga joriy ­qilinadi. Dunyo amaliyotida iqtisodiyotning rivojlanishida fanning ulushi 60-65 foizni tashkil qilishi isbotlangan.

    Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi olimlari oliy oʻquv yurtlari, yirik ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikda yangi samarali texnologiyalar va ixtirolarni yaratishi kerak. Bu borada korxona markaziy laboratoriyasida ilmiy tadqiqot ishlari qilinishi maqsadga muvofiq. Qobiliyatli yosh mutaxassis va muhandislar falsafa doktori (PhD) va doktorlik (DSc) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyalarni himoya qilishi samarasini beradi deb oʻylayman.

    — Yurtimiz aholisi 37 mil­liondan oshdi, 10-15 yildan keyin 40-50 millionga yetishi kutilmoqda. Sugʻoriladigan yerlarimiz chegaralangan, suv ­yetishmasligi dolzarb masala. Ayting-chi, kelgusida shuncha aholini oziq-ovqat bilan taʼminlash vazifasi qanday yechiladi?

    — Sugʻoriladigan yerlarimiz 3,75 million gektarni tashkil qiladi, uni koʻpaytirishning imkoni bor, ammo suv yetishmaydi. Bundan tashqari, shoʻrlangan yer maydoni yil sayin kengayib bormoqda. Bunday holatda aholini oziq-ovqat bilan taʼminlash muammosini, fikrimcha, quyidagicha hal qilish mumkin.

    Birinchidan, seleksionerlarimiz yuqori hosil beradigan nav yaratishi, tuproq unumdorligi organik oʻgʻitlar hisobiga oshirilishi, mineral oʻgʻitlar toʻliq meʼyorda berilishi shart. Oʻgʻitlarning samarasi hech boʻlmaganda 25-30 foiz oshirilishi kerak boʻladi. Agar tuproqda gumus miqdori koʻp boʻlsa, oʻgʻitlar samarasi 50 foizga qadar oshishi isbotlangan. Bu borada stimulyatorlar va mikroelementlar oʻgʻitlar bilan qoʻshib berilsa, natija yanada yaxshi boʻladi.

    Ikkinchidan, shoʻrlangan yerlarda paxta, bugʻdoy va poliz ekinlarining shoʻrga chidamliligini oshirishning yagona usullaridan biri kalsiy selitrasini keng miqyosda qoʻllashdir. Suvda eriydigan kalsiy elementi toksik tuzlarning salbiy taʼsirini 3-4 barobar kamaytiradi. Bundan tashqari, kalsiy nitrati oʻta gigroskopik modda boʻlgani sababli havodan bahor va yoz mavsumida namni oʻziga tortib oladi, oʻsimlik ildizi muayyan darajada suv bilan taʼminlanib turiladi. Hosildorlik paxtada gektariga

    5-6 sentner, bugʻdoyda esa 7-8 sentner oshadi. Kalsiy nitrati oʻzimizda ishlab chiqarilmaydi, bizga yuqori narxda chetdan keltiriladi. Oʻzbekistonda ushbu oʻgʻit mahalliy xomashyolar asosida ishlab chiqarilsa, nur ustiga nur boʻladi.

    Uchinchidan, Orol dengizining qurigan qismidan uchayotgan tuzlar miqdorini ­keskin kamaytirish choralarini koʻrishimiz kerak. Har yili minglab tonna tuz kuchli shamol yordamida uchib, qoʻshni viloyatlar (Buxoro, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo) yerlarini shoʻrlantirmoqda. Bu aholi salomatligi, ekinlar hosildorligiga katta salbiy taʼsir etyapti. Prezidentimiz tashabbusi bilan Orolning qurigan tubini mustahkamlash uchun saksovul ekilyapti va bu juda yaxshi samara beryapti. Saksovul urugʻining toʻliq unib chiqishi uchun biz yangi texnologiya ustida bosh qotiryapmiz. Laboratoriya taj­ribalari ijobiy natijalarni bersa, yangi innovatsion texnologiyani joriy qilish uchun ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqiladi.

    — Mamlakatimiz ilm-fan taraq­qiyotining ertangi kuni haqida nima deya olasiz?

    — 2016-yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining aksariyat ilmiy-tekshirish institutlari turli vazirliklar qaramogʻiga oʻtkazilgan, baʼzilari yopilish arafasida turgan edi. Davlatimiz rahbarining olimlar bilan ilk uchrashuvi ilm-fan rivojida katta burilish yasadi. Koʻplab ins­titutlar akademiya tarkibiga qaytarildi. Prezidentimizning 2020-yil 29-oktyabrdagi “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmonida 2025-yilga qadar ilm-fanga yoʻnaltiriladigan jami mablagʻlarning yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushi 6 baravar, 2030-yilgacha esa 10 baravar ­oshirilishi qayd etilgan. Bunday eʼtibor kun kelib, oʻz samarasini beradi.

    Fanning rivojlanishi 3 ta omilga bogʻliq...

    Birinchidan, yosh ilmiy kadrlarga — ilmiy xodim va doktorantlarga ilmiy tadqiqot faoliyatini yuqori darajada olib borish uchun hamma sharoitlar yaratib berilishi zarur. Aksariyat holatda ularning koʻp vaqti kimyoviy reagentlar, tajriba uchun zarur vositalarni topishga sarf boʻladi.

    Ikkinchidan, oliy oʻquv yurtlarida ilmga qiziqqan iqtidorli yoshlar alohida maxsus reja asosida oʻqitilishi kerak. Ular oʻzlari qiziqqan fan sohasi boʻyicha tayanch doktoranturaga qabul qilinishi shart.

    Uchinchidan, har bir tadqiqotchi ilmiy ishni bajarishda zamonaviy uskunalardan foydalanishi va zamonaviy koʻnikmaga ega boʻlishi talab etiladi. Oxirgi 3 yil ichida institutlar zamonaviy uskunalar bilan taʼminlanyapti. Ammo ushbu uskunalarda yetarlicha malakaga ega boʻlmagan xodimlar ishlayapti, ular uskunalarda olgan ilmiy maʼlumotlarni tahlil qilib berish qobiliya­tiga ega emas. Uskunalarni samarali ishlata biladigan mutaxassislar kerak. Aksariyat uskunalar haftasiga 1-2 kun ishlaydi. Besh yildan keyin uskuna maʼnaviy eskiradi, uning oʻrniga yangisini sotib olishga toʻgʻri keladi. Bu muammoning ham yechimi bor. Dunyo amaliyotida 9 ta yirik ilmiy markaz bor. Uning 60 foizi AQSHda. Bu ilmiy markazlarda yuqori saviyali mutaxassislar oʻta noyob uskunalarda toʻxtovsiz izlanish olib boradi. Fanlar akademiyasi tasarrufida shunday markaz ochish maqsadga muvofiq boʻladi.

    Tayyorlanayotgan yuqori malakali kadrlar sifatini oshirish maqsadida tayanch dokto­rant va doktorantlarning ilmiy rahbar va maslahatchilari 2 nafar boʻlishi maqsadga muvofiq. Birinchisi — mahalliy mutaxassis, ikkinchisi — rivojlangan mamlakatlarning yetakchi olimi boʻlishi kerak. Bu ilmiy izlanishlar natijasi haqida chop etilayotgan maqolalarning sifatini koʻtarish va salohiyatli ilmiy kadrlarni tayyorlashga olib keladi.

    Akademiya institutlarida ham fundamental, ham amaliy tadqiqot ishlari olib borilishi shart. Ular bir-biridan ajratilmasligi kerak. Bunga yaqqol dalilni Rossiya Federatsiyasi va Xitoy Fanlar akademiyasining ish faoliyatida ham koʻrish mumkin.

    Ishlab chiqilgan yangi samarali texnologiyalarni amaliyotga joriy qilishda hali ham toʻsiqlar va qiyinchiliklar bor. Ilm-fan va ishlab chiqarish korxonalari oʻrtasida oʻzaro mustahkam integratsiyani yaratishni davrning oʻzi taqozo etayotir. Bu mamlakatimiz ilm-fani taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishi, shubhasiz.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Risolat MADIYEVA suhbatlashdi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech