баннер
1 Apr 2025
04:52

    Sunʼiy intellektning ijobiy va xavfli koʻrinishi haqida mulohazalar

    Olimlar fikricha, sunʼiy intellekt bashariyat tarixida oʻziga xos yangi davrni boshlab beradi. Kelgusida biz foydalanayotgan barcha sohalar aynan sunʼiy intellektga moslashishga qaysidir maʼnoda majbur.

    Bugun sunʼiy intellekt tushunchasi tobora ommalashib, uning insoniyat turmush tarzidagi oʻrni kengayib bormoqda. Olimlar fikricha, sunʼiy intellekt bashariyat tarixida oʻziga xos yangi davrni boshlab beradi. Kelgusida biz foydalanayotgan barcha sohalar aynan sunʼiy intellektga moslashishga qaysidir maʼnoda majbur.

    Shunga qaramay, sunʼiy intellekt nisbatan yangi tushuncha boʻlgani bois, ikkilanishlar ham yoʻq emas. Uning ijobiy jihatlari koʻpmi yoki salbiysi? Aynan shu kabi savollar atrofida bahs-munozaralar toʻxtamayapti. Biroq shunisi aniqki, sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanishni erta boshlaganlar zarar qilmaydi.

    Mamlakatimizda ham sunʼiy intellekt imkoniyatlari toʻgʻri baholanib, undan foydalanish tobora ommalashmoqda. Qilinishi lozim boʻlgan ishlar hali koʻp, biroq natijalar ham allaqachon boʻy koʻrsata boshlagan. Xoʻsh, sunʼiy intellektni rivojlantirish yurtimiz taraqqiyotiga qanchalik hissa qoʻshishi mumkin? Sohani takomillashtirishda qanday jihatlarga koʻproq eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq? Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti direktori oʻrinbosari Azizjon NURIDDINOV bilan suhbatimiz shu mavzuda boʻldi.

    — Eng avvalo, sunʼiy intellekt haqida umumiy tushuncha bersangiz. Uning qisqacha tarixi oʻquvchilar uchun qiziq, albatta.

    — Sunʼiy intellekt oʻzi nima? Sodda tilda tushuntirsak, sunʼiy intellekt —kompyuterlarning odam kabi oʻylashi va ish bajarishi. Masalan, rasmlarni tanishi, gaplasha olishi, murakkab masalalarni yecha bilishi va yangi narsalarni oʻrganishi.

    1950-yillarda olimlar “Kompyuterni odam kabi oʻylashga oʻrgatsa boʻladimi?” degan masala bilan qiziqa boshladi. Alan Turing ismli olim “Kompyuter qachon aqlli boʻladi?” degan savolga javob topish uchun maxsus “Turing testi”ni oʻylab topdi. 1956-yilda bir guruh olimlar jamlanib, ayni sohaga sunʼiy intellekt deb nom berdi.

    1960-yillardan juda koʻp yangiliklar boʻy koʻrsatdi — kompyuterlar shaxmat oʻynashni oʻrgandi, sodda savollarga javob bera bosh­ladi. 1970-1980-yillarda qiyinchiliklar koʻp edi, chunki oʻsha paytdagi kompyuterlar unchalik kuchli emasdi. 1990-yillardan ke­yin kompyuterlar takomillashib, internet paydo boʻlgach, sunʼiy intellekt yanada tez rivojlandi.

    — Koʻplab olimlar “sunʼiy intellekt — kelajak”, demoqda. Bir qarashda, bu bir oz mavhum tushuncha. Yaʼni bu kelajak ijobiymi, salbiymi? Bu boradagi fikrlaringiz qiziq.

    — Bu juda oʻrinli va dolzarb savol. Keling, sunʼiy intellektning ijobiy va xavfli jihatlarini tahlil qilib koʻraylik.

    Ijobiy jihatlarini sanasak. ­Sunʼiy intellekt vositasida jahon tibbiyotida katta oʻzgarishlar qilish, masalan, kasal­liklarni erta aniqlash imkoniyati, yangi dori-darmonlar yaratish, jarrohlik ­amaliyotlarini aniqroq bajarish mumkin.

    Shuningdek, taʼlimda inqilob qilish, ayni sohani tubdan isloh etish va rivoj­lantirish mumkin. Masalan, har bir oʻquvchiga individual yondashuv imkoniyati, 24/7 tartibida ishlovchi oʻqituvchi-yordamchi, oʻquv materiallarini tez va sifatli tayyorlash kabilar. Ish samaradorligini oshirishda zerikarli ishlarni avtomatlashtirish, xatolarni kamaytirish, vaqtni tejash mumkin.

    Shu bilan birga, salbiy yoki xavfli jihatlari ham yoʻq emas, masalan, sunʼiy intellekt tufayli koʻplab kasblar yoʻqolib ketishi, ishsizlik ortishi, jamiyatda tengsizlik kuchayishi, shaxsiy maʼlumotlar himoyasi zaiflashishi ehtimoli yuqori. Shuningdek, kiberhujumlar xavfi ortib, undan qurol sifatida foydalanish, sunʼiy intellekt qarorlarini tekshirish qiyinlashishi, javobgarlik masalasi noaniqligicha qolish xavfi hamda odob-axloq meʼyorlariga rioya qilish susayishi ham shular jumlasidan.

    Fikrimcha, sunʼiy intellekt qurol kabidir. Uning kelajagi qanday boʻlishi insoniyatga bogʻliq. Agar biz toʻgʻri tartibga solsak, meʼyorlarni ishlab chiqsak, ­oqilona foydalansak, xavfsizlik choralarini koʻrsak, sunʼiy intellekt insoniyat uchun ulkan foyda keltiradi. Ammo nazoratsiz rivojlanishiga yoʻl qoʻyib bersak, xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Sunʼiy intellekt — porloq kelajak kaliti, ammo bu kalitning nazorati hamisha eʼtibor markazida boʻlishi lozim.

    — Sunʼiy intellekt odamlarning qoʻlidan ishini tortib olib qoʻyadi, deyapmiz. Bu fikrga kengroq sharh bersangiz. Qoʻlidan ishini olib qoʻyadimi yoki odamlar oʻz ishini sunʼiy intellekt orqali bajara boshlaydimi? Shu masalaga batafsilroq toʻxtalsak.

    — Aslida, “Sunʼiy intellekt ishimizni tortib oladi”, degan fikr toʻla oʻzini oqlamaydi. Bu yerda ikki holat mavjud. Ish oʻzgarishi haqida gapiradigan boʻlsak, ­avvalo, bir nechta hayotiy misol bilan bosh­lash mumkin. Masalan, hisobchilar ilgari kalkulyator yordamida hisob-kitoblarni amalga oshirgan, hozir esa ular 1C dasturi kabi zamonaviy vositalardan foydalanib ishlaydi. Yoki bank xodimlari oldin qogʻozda hisob yuritgan boʻlsa, endi kompyuter dasturlaridan foydalanib, tez va aniq ishlamoqda. Jurnalistlar ham hozirgi kunda sunʼiy intellekt yordamida matnlarni tahrirlash va yangiliklar tayyorlash imkoniyatiga ega.

    Yangi kasblar paydo boʻlyapti. Masalan, bugungi kunda sunʼiy intellekt tizimlarini sozlovchi mutaxassislar, maʼlumotlarni tahlil qiluvchi kadrlar, raqamli marketing boʻyicha mutaxassislar va sunʼiy intellekt etikasi bilan shugʻullanuvchilarga talab ortib borayotir.

    Hayotiy misol keltirsak. Deylik, biror bankda kredit boʻyicha 10 nafar mutaxassis ishlagan boʻlsin. Sohada sunʼiy intellekt joriy qilingandan keyin kredit berish jarayoni avtomatlashtirildi. Ammo bu 10 kishining hammasi ishsiz qoladi, degani emas. Ularning 5 tasi sunʼiy intellekt bilan ishlashni oʻrganib, yanada samaraliroq mehnat qilishni boshlaydi. 3 kishi mijozlar bilan muloqot qilishga yoʻnaltiriladi, ikki kishi esa sunʼiy intellekt tizimini nazorat qilish va uning toʻgʻri ishlashini taʼminlash bilan shugʻullanishga oʻtadi. Yaʼni bunda ish joylari yoʻqolmaydi, faqat ish uslubi oʻzgaradi, yangi koʻnikmalar talab qilina boshlaydi, umumiy olganda, ish samaradorligi oshadi.

    Bundan shunday xulosa chiqadiki, sunʼiy intellekt odamlarning ishini tortib olmaydi, aksincha, u ish uslubini zamonaviylashtiradi, yangi imkoniyatlar yaratadi va insonlarni oʻzini rivojlantirishga undaydi. Bu jarayonda eng muhimi oʻzimizning ustimizda ishlashdir. Doimiy oʻrganish, yangi texnologiyalarni tezkor oʻzlashtirish va har qanday oʻzgarishlarga moslashuvchanlikni namoyon qilish kerak. Shunday qilib, sunʼiy intellekt biz uchun raqib emas, balki yordamchidir. Uni toʻgʻri ishlata olgan inson yanada muvaffaqiyatli boʻlishi ehtimoli yuqori.

    — Sunʼiy intellekt yurtimizda qachondan isteʼmolga kira boshladi, soha boʻyicha umumiy ahvolimiz qanday, qanday ishlar amalga oshirildi? Shular xususida ham gapirib bersangiz.

    — 2020-2021-yillardan Oʻzbekistonda sunʼiy intellektga alohida eʼtibor qaratila boshlandi. Bu sohada bir nechta muhim qadamlar tashlandi. Masalan, “Raqamli ­Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi qabul qilindi va Sunʼiy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi.

    Taʼlim sohasida ham koʻp ishlar qilin­yapti. IT parklar ochilmoqda, universitetlarda sunʼiy intellekt yoʻnalishlari tashkil etildi, onlayn kurslar yoʻlga qoʻyildi. Amaliy loyihalar ham allaqachon boshlangan boʻlib, masalan, “Aqlli shahar” texnologiyalari joriy etilyapti, davlat xizmatlari raqamlashtirilmoqda va sogʻliqni saqlash tizimida sunʼiy intellekt yechimlari qoʻllanilmoqda.

    Hozirgi kunda sunʼiy intellekt vositasida Toshkent shahrida videokuzatuv tizimlari faoliyat koʻrsatmoqda, bank tizimida skoring modellari ishlatilyapti, elektron hukumat xizmatlari rivojlantirilmoqda, shuningdek, taʼlimda ham onlayn platformalar koʻpaymoqda.

    Lekin bu jarayonda qator muammolar ham mavjud. Masalan, mutaxassislar yetishmasligi, infratuzilma cheklovlari, moliyalashtirish masalalari va qonunchilik bazasining toʻliq shakllanmagani. Bu muammolarni hal qilish uchun kelajakda bir necha omillarga eʼtibor qaratilishi kerak.

    Masalan, sunʼiy intellekt sohasida kadr­lar tayyorlash, infratuzilmani rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va mahalliy sunʼiy intellekt yechimlarini yaratish zarur. Bundan tashqari, tavsiya sifatida sunʼiy intellekt sohasida taʼlimni yanada kuchaytirish, startaplarni qoʻllab-quvvatlash, xususiy sektorni jalb qilish va xalqaro tajribani oʻrganishni aytish mumkin.

    Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt sohasi endigina rivojlanish bosqichida va oldimizda katta vazifalar turibdi. Lekin davlat darajasida sohaga eʼtibor qaratilayotgani va dastlabki oqilona qadamlar qoʻyilayotgani bu vazifalarni uddalashimizga ishonchni oshiradi. Shu zaylda davom etilsa, kelajakda katta yutuqlarga erishishimiz shubhasiz.

    — Sunʼiy intellektni rivojlantirish mamlakatimiz taraqqiyoti uchun qanchalik ahamiyatga ega boʻladi? Yaʼni biz hozir katta natijalarga erisha olmayotgan sohalarning qaysi birlarida yuksalish yuqori boʻlishi mumkin?

    — Sunʼiy intellekt rivojlanishi mamlakatimiz taraqqiyotida juda katta ahamiyatga ega. Uning vositasida biz bir necha sohada yutuqlarga erishishimiz mumkin. Masalan, qishloq xoʻjaligida, tibbiyotda, taʼlimda va iqtisodiyotda.

    Deylik, qishloq xoʻjaligida sunʼiy intellekt yordamida tuproqni tekshirish, suv resurslarini tejash va hosildorlikni oshirish mumkin. Tibbiyotda esa kasallik­larni oldindan aniqlash va samarali davolash uchun yangi imkoniyatlar ochiladi. Taʼlim sohasida har bir oʻquvchi uchun shaxsiy dasturlar tayyorlash va oʻqitish jarayonini yanada samarali qilish imkoniyati yuqori.

    Iqtisodiyotda sunʼiy intellekt katta oʻzgarishlarni yuzaga keltiradi. Korxonalarda ish jarayonlarini avtomatlashtirish, mahsulotlarni tezroq sotish strategiyalarini ishlab chiqish va xodimlarni faollashtirish uchun undan samarali foydalanish mumkin.

    Albatta, bular bilan bogʻliq baʼzi muammolar ham yoʻq emas. Masalan, ishsizlik masalasi yoki maʼlumotlar xavfsizligi. Biroq bu muammolarni hal qilish uchun yangi yechimlar va qonuniy mezonlar ishlab chiqishning iloji bor.

    Qisqacha aytganda, sunʼiy intellektni rivojlantirish orqali mamlakatimiz koʻp­lab sohalarda yutuqlarga erisha oladi, kelajakda yanada taraqqiylashadi.

    — Yurtimizda sunʼiy intellektning hayotga tatbiq etilishi qay darajada? Moslashuv normal davom etyapti deb hisob­lasak toʻgʻri boʻladimi?

    — Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt texnologiyalarini hayotga tatbiq etish jarayoni hozirgi kunda faol boʻlib, bu sohada muayyan yutuqlarga erisha boshladik. Lekin sunʼiy intellektning imkoniyatlari juda katta, undan foydalanish darajamiz hozircha bosh­langʻich bosqichda deb hisoblasak toʻgʻri boʻladi.

    Mamlakatimizda davlat boshqaruvi tizimlarida, taʼlimda, tibbiyotda, iqtisodiyotda va qishloq xoʻjaligidagi bir nechta sohalarda sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish kengayyapti. Masalan, elektron xizmatlar, onlayn taʼlim platformalari, kasallikni tashxis qilish uchun algoritmlar, korxonalardagi avtomatlashtirilgan tizimlar va dehqonchilikda zamonaviy texnologiyalarni koʻpaytirish kabi yoʻnalishlarda undan foydalanish orqali ishlar samaraliroq boʻlib bormoqda.

    Toʻgʻri, muammolar bor. Masalan, sunʼiy intellekt bilan ishlash uchun malakali kadrlar yetarli emas, zamonaviy texnika va infratuzilma toʻldirilmagan. Shuningdek, maʼlumotlar xavfsizligi va shaxsiy huquqlarni himoya qilish borasida qonuniy baza hozircha toʻliq ishlab chiqilmagan.

    Umumiy jihatdan eʼtirof etganda, mamlakatimiz sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga samarali moslashmoqda, faqat bu jarayonni tezlashtirish uchun kadrlar tayyorlash, infratuzilmani takomillashtirish va qonuniy meʼyorlarni mustahkamlashga koʻproq eʼtibor qaratishimiz ayni muddao.

    — Sunʼiy intellektni keng jamoat­chilikka tanitish uchun qanday ishlar qilinishi lozim deb hisoblaysiz? Jahon tajribasida buning uchun qanday usullardan foydalaniladi?

    — Keng jamoatchilikka sunʼiy intellektni tanitish uchun, avvalo, oddiy, sodda tilda bu texnologiyalar imkoniyatlari va foydalarini tushuntirish zarur. Odamlarga sunʼiy intellekt nima ekanini, u hayotimizga qanday taʼsir koʻrsatishi mumkinligini va boshqa muhim jihatlarini anglatish kerak.

    Birinchi navbatda, maʼlumotlarni tarqatish uchun internet platformalari, ijtimoiy tarmoqlar, podkastlar va boshqa zamonaviy vositalardan foydalanish mumkin. Masalan, jahonda Google, IBM, Microsoft kabi kompaniyalar sunʼiy intellektni sodda tilda tushuntiruvchi videodarslar, inter­aktiv loyihalar va onlayn seminarlarni tayyorlamoqda. Bunday kontentlar odamlarga sunʼiy intellektni toʻgʻri tushunishga yordam beradi.

    Ikkinchidan, taʼlim muassasalarida sunʼiy intellektga oid asosiy tushunchalarni oʻrgatish kerak. Masalan, maktablar va litseylarda uning asoslarini oʻrgatuvchi kurslar, konkurslar va lo­yihalarni tashkil etish mumkin. Jahon tajribasidan misol sifatida AQSHdagi “AI4K12” lo­yihasini keltirish mumkin. Ushbu loyiha oʻquvchilarga sunʼiy intellekt nima ekanini tushuntirish va ularni texnologiyalar bilan tanishtirish maqsadida yaratilgan.

    Uchinchidan, sunʼiy intellekt texnologiyalarini amaliyotda koʻrsatish orqali odamlarga uning foydasini tushuntirish ancha samarali. Masalan, shaharlarda sunʼiy intellektdan foydalanilgan yangi xizmatlarni, aytaylik, avtomatik tarjimonlar, virtual konsultantlar yoki tibbiyotdagi tashxis tizimlari sistemalarini namoyish etadigan markazlar ochish mumkin. Jahonda bu ishga misol sifatida Cingapurdagi “Smart Nation” loyi­hasini keltirsa boʻladi. Ularda ­sunʼiy intellekt­dan foydalanilgan transport tizimlari, energetika boʻlimlari va shahar xizmatlari keng qoʻllaniladi.

    Toʻrtinchidan, sunʼiy intellektning odamlar hayotiga olib keladigan qulaylik­lariga misollarni koʻpaytirish kerak. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, tibbiyotda kasalliklarni tezkor aniqlash, dehqonchilikda unumdorlikni oshirish, taʼlimda shaxsiy yondashuvni taqdim etish kabi imkoniyatlarni eʼtiborga olish zarur.

    Shuningdek, sunʼiy intellektning xavf­lari va salbiy jihatlari ham tushuntirilishi kerak. Masalan, maʼlumotlar xavfsizligi, shaxsiy huquqlarni himoya qilish va ishsizlik kabi muammolar koʻproq muhokama qilinishi lozim. Bunda Yevropada GDPR (Shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish boʻ­yicha umumiy tartibot) kabi meʼyorlar sunʼiy intellektning tomonlarini muvozanatlashga yordam beradi.

    Umumiy aytganda, sunʼiy intellektni keng jamoatchilikka tanitish uchun sodda va tushunarli maʼlumotlar, amaliyotdagi misollar, taʼlim orqali tanishtirish va texnologiyalarni koʻrsatib berishdan keng foydalanish maqsadga muvofiq. Jahon taj­ribasida bu ishlar muvaffaqiyatli ravishda amalga oshirilmoqda va bizda ham shu usullardan foydalanish imkoniyati bor.

    — Sunʼiy intellektni rivojlantirish boʻyicha oʻz takliflaringiz bilan oʻrtoqlashsangiz.

    — Mutaxassis sifatida bir necha taklifim bor. Ular mamlakatimizda sunʼiy intellekt texnologiyalarini tezkor va samaraliroq kengaytirishga yordam beradi deb oʻylayman.

    Taʼlim tizimini yanada raqamlashtirish. Avvalo, maktablarda va oliy oʻquv yurtlarida sunʼiy intellekt asoslarini oʻrgatish zarur. Masalan, matematika, dasturlash va maʼlumotlar tahliliga oid poydevor kurs­larni kiritish kerak. Shuningdek, yoshlar uchun sunʼiy intellektga oid loyihalar, konkurslar va xakatonlarni tashkil etish mumkin. Bu ularda texnologiyalarga qiziqish uygʻotadi.

    Kichik va oʻrta bizneslarga yondashuv. Kichik va oʻrta bizneslarga sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatini beruvchi arzon va oddiy platformalarni yaratish kerak. Masalan, avtomatik hisob-­kitob tizimlari, marketing strategiyalarini ishlash uchun algoritmlar yoki mijozlar bilan munosabatlarni takomillashtiruvchi virtual konsultantlar kabi vositalar.

    Davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni doimiy davom ettirish. Davlat sunʼiy intellekt sohasida ishlarni qoʻllab-quvvatlash uchun maksimal yordam berishi ayni muddao. Masalan, sunʼiy intellekt loyihalariga investitsiya kiritish, startaplarga grantlar berish, zamonaviy texnika va serverlarga ehtiyojni qondirish. Bundan tashqari, sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash bilan bogʻliq qonuniy bazani muttasil takomillashtirish zarur.

    Xorijiy tajribalardan foydalanish. Jahondagi muvaffaqiyatli sunʼiy intellekt loyihalarini oʻrganish va ulardan tajriba olish kerak. Masalan, Cingapur, Finlyandiya, Estoniya kabi mamlakatlarda sunʼiy intellekt davlat boshqaruvi, taʼlim va tibbiyotda qanday qoʻllanilganini keng­roq oʻrganish lozim. Ular bilan hamkorlik qilish va ekspertlarni jalb etish ham muhim.

    Maʼlumotlar bazasini yaxshilash. ­Sunʼiy intellektning samarali ishlashi uchun ancha katta hajmdagi maʼlumotlar kerak. Shu bois, mamlakatimizda maʼlumotlarni yigʻish, saqlash va ularni tahlil qilish uchun zamonaviy infratuzilmani yaratish zarur. Bunda maʼlumotlar xavfsizligi va shaxsiy huquqlarni himoya qilishga alohida eʼtibor berilishi kerak.

    Jamoatchilikka maʼlumotlarni keng tarqatish. Odamlar sunʼiy intellekt nima ekanini va uning foydasini tushunishi uchun maʼlumotlarni keng tarqatish zarur. Televizor, internet, ­ijtimoiy tarmoqlar orqali sunʼiy intellektga oid videodarslar, podkastlar va maqolalarni koʻproq tayyorlash ayni muddao. Masalan, “Sunʼiy intellekt bizning hayo­timizni qanchalik oʻzgartiradi?” kabi mavzularda oddiy tilda videokontentlar yaratishimiz lozim.

    Fan-texnika parklari va innovatsiya markazlarini koʻpaytirish. Sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish uchun maxsus fan-texnika parklari va innovatsiya markazlari ochish kerak. Bu yerda yosh mutaxassislar oʻz loyihalarini ishlab chiqish, sinash va amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻladi.

    Xalqaro hamkorlikni kuchaytirish. Xalqaro tashkilotlar, universitetlar va kompaniyalar bilan hamkorlikni kuchaytirish kerak. Masalan, Google, IBM, Microsoft kabi kompaniyalar bilan birgalikda sunʼiy intellekt loyihalarini amalga oshirish yoki ulardan tajriba olish mumkin.

    Sunʼiy intellektni rivojlantirishda taʼlim, davlat qoʻllab-quvvatlashi, xorijiy tajribalardan foydalanish, maʼlumotlar bazasini takomillashtirish va jamoatchilikda maʼlumotlarni keng tarqatish juda yaxshi samara beradi.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Jonibek ALIJONOV suhbatlashdi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech