“Dunyo” AA tashrif arafasida mamlakatimizning Islomoboddagi elchisi Alisher Toʻxtayev bilan Oʻzbekiston — Pokiston ikki tomonlama munosabatlarining joriy holati va istiqbollari xususida suhbat uyushtirdi.
— Pokiston Bosh vazirining Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi arafasida ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar qay holatda?
— Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi siyosiy aloqalar soʻnggi yillarda yangi bosqichga chiqdi. Davlat rahbarlarining oʻzaro tashriflari, strategik sheriklikka doir kelishuvlar va hamkorlikka oid bayonotlar buni yaqqol tasdiqlaydi.
Ikki davlat BMT, SHHT, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham faol hamkorlik qilmoqda.
Har ikki mamlakat mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash borasida aloqalarni kuchaytirish uchun oʻzlarining qatʼiy siyosiy irodasini namoyon etmoqda.
Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif janobi oliylarining yurtimizga tashrifi siyosiy muloqotlarni yanada mustahkamlashga, oʻzaro ishonch va anglashuvni oshirishga xizmat qiladi. Tashrif doirasida muhim siyosiy hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.
— Savdo-iqtisodiy sohadagi munosabatlar qanday rivojlanmoqda?
— Soʻnggi yillarda ikki davlat oʻrtasidagi savdo aylanmasi barqaror oʻsmoqda. 2024-yil yakunlariga koʻra tovar ayirboshlash hajmi 404 million AQSH dollaridan oshdi.
Hozirgi kunda tomonlar oʻzaro savdo hajmini yanada oshirish, yaqin yillarda 1 milliard dollarlik marraga erishish, sanoat kooperatsiyasini jadallashtirishga qaratilgan qoʻshma choralar ustida faol ishlamoqda. Har ikki mamlakat oziq-ovqat, toʻqimachilik, elektrotexnika mahsulotlari eksporti va import tarkibini kengaytirish boʻyicha aniq tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Oʻzbekiston Pokistonga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilish hajmini oshirish, ayniqsa, meva-sabzavot, don va toʻqimachilik mahsulotlari yetkazib berishga qiziqish bildirmoqda. Shu bilan birga, Pokistonning farmatsevtika, tekstil, qurilish materiallari va axborot texnologiyalari sohalaridagi imkoniyatlari Oʻzbekiston bozori uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Toʻqimachilik sohasida yirik qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjud. Kuchli tomonlarimizni birlashtirish jahon bozorida raqobatbardosh mahsulotlar yaratishga xizmat qiladi.
Qishloq xoʻjaligi sohasida ilgʻor texnologiyalar almashinuvi, mahsulotlarni qayta ishlash boʻyicha qoʻshma loyihalar, shuningdek, meva-sabzavot va don mahsulotlarini eksport qilish hajmini oshirish uchun ulkan salohiyatni koʻryapmiz. Davlatlarimiz oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilash va yangi bozorlarga birgalikda chiqish ustida hamkorlik qilishi mumkin.
Oʻzbekiston va Pokiston axborot texnologiyalari sohasini ham jadal rivojlantirmoqda. Biz IT-markazlar yaratish, qoʻshma taʼlim dasturlari va raqamlashtirish loyihalari ustida ishlashimiz, shuningdek, xizmatlarni autsorsing qilish kabi sohalarga eʼtibor qaratishimiz mumkin. Bu esa iqtisodiyotimiz uchun katta istiqbollarni ochadi.
— Savdo-iqtisodiy sohada qanday istiqbolli loyihalar rejalashtirilgan?
— Karachi porti orqali tranzit savdosini rivojlantirish, shuningdek, qoʻshma investitsiya fondlari tuzish rejalari bor. Bu ikki davlat oʻrtasidagi tijorat aloqalarini kuchaytiradi.
Iqtisodiy diplomatiya yoʻnalishida infratuzilmani yaxshilash, ikki davlat hududlarida logistika markazlarini barpo etish, savdo uylarini ochish va sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish ustuvor yoʻnalishlar hisoblanadi.
Bundan tashqari, Toshkent va Lahorda oʻtkazilgan “Made in Pakistan” va “Made in Uzbekistan” milliy sanoat koʻrgazmalari tajribasini kelgusida ham davom ettirish, namoyish etiladigan mahsulotlar sonini oshirish rejalashtirilmoqda.
Ikki davlat tadbirkorlari ishtirokida biznes-forumlar tashkil etish orqali yangi investitsion loyihalar va shartnomalar imzolanishiga zamin yaratilyapti.
Oʻzbekiston va Pokistonning mutasaddi vazirlik va idoralari bilan Tranzit savdo hamda Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimlarning bandlarini toʻliq ishga solish, imtiyoz berilgan mahsulotlar sonini koʻpaytirish orqali oʻzaro savdo-sotiq hajmini oshirish, tovarlar va xizmatlarning erkin harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratish ustida ishlayapmiz.
Shuningdek, ikki davlat hududlari, savdo-sanoat palatalari, biznes doiralari oʻrtasida bevosita va yaqin hamkorlik oʻrnatish mexanizmlari ishlab chiqilmoqda.
— Oʻzaro savdo hamda investitsiyalarni rivojlantirishda Oʻzbekiston va Pokiston savdo-sanoat palatalarining oʻrni qanday?
— Ikki davlat savdo-sanoat palatalari munosabatlari, biznes hamjamiyatlari oʻrtasidagi mavjud hamkorlik mexanizmlari oʻzaro iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash uchun katta imkoniyatlarni ochib bermoqda.
Savdo-sanoat palatalari oʻzaro biznes aloqalarni osonlashtirish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda asosiy vositachi boʻlishi mumkin.
Qoʻshma biznes platformalari va maxsus qoʻmitalarni yaratish tadbirkorlar uchun ishbilarmonlik forumlari, koʻrgazmalar va uchrashuvlarni tashkil etishni yengillashtiradi. Bu, oʻz navbatida, ikki mamlakat tadbirkorlariga hamkorlarni topish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda yordam beradi.
— Ikkala davlat infratuzilmani rivojlantirish va energetika sohalarida investitsiyalarni qanday ragʻbatlantirishi mumkin?
— Mamlakatlarimiz strategik ahamiyatga ega infratuzilma va energetika sohalarida investitsiyalarni rivojlantirish uchun saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish, qulay investitsiyaviy muhit yaratish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish orqali hamkorlikni kengaytirishi mumkin.
Avtomobil va temir yoʻllari, logistika markazlari va yuk terminallariga qaratilgan qoʻshma investitsiyalar savdo rivojiga, iqtisodiy aloqalarning mustahkamlanishiga yordam beradi.
Energetika sohasi ham istiqbolli yoʻnalishlardan biridir. Biz qayta tiklanuvchi energiya manbalari, jumladan, quyosh va shamol elektr stansiyalari, gidroenergetika va gaz infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyihalarda hamkorlik qilishimiz mumkin. Ushbu qoʻshma tashabbuslar energetika xavfsizligini taʼminlash bilan birga barqaror energiya manbalariga oʻtishni jadallashtiradi.
— Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasida qanday madaniy almashinuv dasturlari yoki tashabbuslar ustida ish olib borilmoqda?
— Mamlakatlarimiz oʻrtasida madaniy almashinuvni chuqurlashtirishga qaratilgan bir qator tashabbuslarni ilgari surishni rejalashtiryapmiz. Xususan, quyidagi yoʻnalishlarda faol ish olib borilmoqda:
- Pokistonda Oʻzbekistonning boy madaniy merosini namoyon qiladigan madaniy festivallar, sanʼat, fotografiya, hunarmandchilik va anʼanaviy musiqa koʻrgazmalarini oʻtkazish;
- talabalar va oʻqituvchilar almashinuvi dasturlarini ishlab chiqish hamda qoʻllab-quvvatlash, universitetlar oʻrtasida akademik aloqalarni mustahkamlash;
- mamlakatlarimizning tarixiy merosini targʻib qiluvchi qoʻshma turistik dasturlar va sayohat yoʻnalishlarini ishlab chiqish;
- teatr va kino sohasida qoʻshma ijodiy loyihalarni amalga oshirish.
Bundan tashqari, ikki mamlakatda madaniyat markazlarini ochish umumiy tarixiy va madaniy qadriyatlarni targʻib qilishning samarali usuli deb hisoblaymiz.
2025-yil 3-yanvar kuni Karachi shahrida Oʻzbekiston — Pokiston madaniyat uyi ochildi. U mamlakatlarimiz oʻrtasida madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash uchun muhim platformaga aylanadi. Markaz oʻzbek madaniyati, sanʼati, tili va anʼanalarini faol targʻib qilib, turli tadbirlarni tashkil qiladi. Shuningdek, u ikki xalq oʻrtasida oʻzaro anglashuv va doʻstlikni chuqurlashtirishga xizmat qiladigan dastur va loyihalar uchun maydon vazifasini oʻtaydi.
— Turizm yoʻnalishida qanday qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda?
— Oʻzbekiston va Pokiston Islom sivilizatsiyasi tarixi, Buyuk ipak yoʻli obidalari, Temuriylar hamda Boburiylar davri yodgorliklari bilan bogʻliq boy umumiy madaniy merosga ega. Bu turizm yoʻnalishidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish uchun keng imkoniyat beradi.
Bundan tashqari, 2024-yil sentyabr oyida Oʻzbekiston Pokiston fuqarolari uchun vizani soddalashtirish tartibini joriy qildi. Bu, oʻz navbatida, Oʻzbekistonga tashrif buyurmoqchi boʻlgan sayyohlar, talabalar va tadbirkorlar sonining ortishiga turtki boʻldi. Viza tartibotlarini soddalashtirish madaniy almashinuvga, tarixiy yodgorliklar va madaniy anʼanalar bilan tanishishga, shuningdek, ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatishga yangi imkoniyatlarni ochdi.
Oʻtgan yili noyabr oyidan boshlab “Uzbekistan Airways” har juma kuni “Toshkent — Lahor” yoʻnalishi boʻyicha doimiy aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻydi. Toʻgʻridan toʻgʻri reyslar transport aloqalarini yaxshilashga, sayohat vaqtlarini qisqartirishga va sayyohlar uchun qulaylik yaratishga xizmat qilyapti. Shuningdek, bu ishbilarmon doiralar oʻrtasida savdo, investitsiya va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga yordam bermoqda.
Ushbu imkoniyatlarni toʻlaqonli ishga solish uchun mutasaddi vazirlik va sayyohlik kompaniyalari, turistik operatorlar bilan hamkorlikda turizm, jumladan, ziyorat turizmini birgalikda targʻib qilish maqsadida mamlakatlarimiz tarixiy obidalarini qamrab olgan, mushtarak madaniy qadriyatlarimiz bilan yaqindan tanishtiruvchi mavzuli turistik marshrutlarni ishlab chiqish ustida ishlar faol davom etmoqda.
Bundan tashqari, xalqaro sayyohlik koʻrgazmalarida hamkorlik qilish orqali mamlakatlarimizning jahon turistik bozoridagi oʻrnini yanada mustahkamlashga intilyapmiz.
Ishonchim komilki, viza tartiblarini soddalashtirish va toʻgʻridan toʻgʻri aviaqatnovlar sonining oshirilishi ikki qardosh mamlakat oʻrtasidagi sayyohlar oqimini oshirishga va madaniy-gumanitar aloqalar mustahkamlanishiga salmoqli taʼsir koʻrsatadi.
— Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasida oʻzaro tushunish va hamkorlikni chuqurlashtirishda xalq diplomatiyasining oʻrnini qanday baholaysiz?
— Xalq diplomatiyasi va odamlar oʻrtasidagi almashinuvlar mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik tashabbuslarida muhim oʻrin tutadi. Bunday hamkorlik shakllari xalqlarimiz oʻrtasida mustahkam aloqalar oʻrnatishga yordam beradi. Bu esa oʻzaro anglashuv, ishonch va ikki qardosh xalq oʻrtasida hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Bunday munosabatlar oʻzaro hurmat va ochiqlik muhitini yaratadi. Natijada turli sohalarda — biznes va taʼlimdan tortib, madaniyat, yirik qoʻshma infratuzilma loyihalarigacha — ikki tomonlama sheriklikni rivojlanishiga jiddiy turtki beradi.
Xalq diplomatiyasi instrumentlari ikki mamlakat fuqarolariga bevosita muloqot qilish imkonini beradi, xalqlarimiz oʻrtasida mustahkam rishtalarni shakllantiradi. Bu jamiyatda shakllanib qolgan eski stereotiplarni bartaraf etish, doʻstlikni mustahkamlash va barcha darajalarda hamkorlikni rivojlantiradi.
Shuningdek, bunday almashinuvlar shaxsiy va kasbiy aloqalar tarmogʻini yaratish, inson kapitali rivojiga hissa qoʻshish va mamlakatlarimiz oʻrtasidagi bogʻliqlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu oʻzaro munosabatlarni uzoq muddatlarda rivojlantirish uchun muhim hisoblanadi.
Bundan tashqari, ushbu dasturlarda qatnashgan insonlar madaniyatlar oʻrtasida “koʻprik” vazifasini bajaradi, oʻzaro hurmat va hamkorlikni kuchaytirishga hissa qoʻshadi.
— Kelgusida ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish istiqbollari bilan oʻrtoqlashsangiz.
— Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish maqsadida savdo-iqtisodiy, bank-moliya, transport-logistika va madaniy-gumanitar yoʻnalishlarda bir qator qoʻshma tadbir hamda loyihalarni amalga oshirishni oʻz ish rejamizga kiritganmiz.
Xususan, ikki davlat oʻrtasidagi tovar aylanmasini oshirish, oʻzaro savdoni ragʻbatlantirish maqsadida Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim doirasidagi mahsulotlar roʻyxatini kengaytirish hamda banklararo toʻlovlarni takomillashtirish boʻyicha muzokaralar davom etyapti. Bu bojxona toʻlovlari stavkalarini pasaytirish va oʻzaro savdo munosabatlarini jadallashtirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, yirik transport-logistika kompaniyalari bilan hamkorlikda yuklarni tez va qulay tashish marshrutlarini diversifikatsiya qilish, bojxona jarayonlarini optimallashtirish masalalari ishlab chiqilmoqda.
Ikki mamlakat hududida bir qator madaniy tadbirlar, festivallar, koʻrgazmalar tashkil etish kun tartibimizga kiritilgan. Sohaviy tashkilotlar bilan yangi va qiziqarli sayyohlik dasturlari shakllantirilmoqda.
Oʻzbekiston va Pokiston oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi akademik aloqalarni kengaytirish, taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish, qoʻshma ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish va talabalar almashinuvini faollashtirish borasida ham kelishuvlarga erishilgan. Hozirda ularning implementatsiyasi boʻyicha ishlar davom etmoqda.
— Alisher Hakimovich, suhbatga vaqt ajratganingiz uchun minnatdorlik bildiramiz.
— Katta rahmat.
“Dunyo” AA
Islomobod