Ma'lumki, lug'atchilik ishlari juda qadimgi davrlarda boshlangan bo'lib, dastlab universal xarakterga ega bo'lgan lug'atlar yaratilib, ular keyinchalik tarixiy taraqqiyot davomida tarmoqlanib, bugungi kunda bir necha o'n turga bo'linadi. Hozirgi davrda keng tarqalgan lingvistik lug'at turlaridan biri – bir tilga mansub lug'aviy birliklarni boshqa tillarga o'girib, izohlab beruvchi tarjima lug'atlari – o'zbek leksikografiyasida keng tarqalgan, qadimdan ma'lum lug'at turi.
Agar mashhur “Devonu lug'otit turk” (XI asr), “Muqaddimatul adab” (XII asr), “At-tuhfatuz-zakiyati fil-lug'atit-turkiya” (XIII asr) lug'atlari dastlabki turkiycha-arabcha va arabcha-turkiycha lug'atlar bo'lsa, XVI–XIX asrlarda yaratilgan “Badoe' ul-lug'at”, “Abushqa”, “Kelurnoma”, “Muntaxab ul-lug'ot”, “Sanglox”, “Lug'ati chig'atoiy va turki usmoniy” kabi lug'atlar fors, turk va “chig'atoy” (o'zbek) tillari ishtirokida tuzilgan lug'atlardir.
Demak, o'zbek leksikografiyasida XX asr boshlarigacha yaratilgan ikki tilli lug'atlar asosan turkiy til(lar), arab va fors tillari lug'aviy birliklariga asoslanib (qo'lyozma holida) tuzilgan. Haqiqatan ham mazkur tillar o'zbek tili shakllanishi va rivojlanishining asosiy manbalari hisoblanadi. Bu holatni atoqli shoirimiz, O'zbekiston Qahramoni erkin Vohidov o'zining “So'z latofati” kitobida go'zal tarzda shunday ifodalagan: “O'zbek tili uch daryodan suv ichgan: diniy, ilmiy, ijtimoiy atamalarimiz asosan arab tilidan; ko'plab ish qurollari nomlari, hunarmandchilikka oid so'zlarimiz, badiiy uslubga xos so'zlar fors tilidan kelgan; ko'plab harbiy atamalar, barcha fe'llar turkiy tilga mansub... O'zbek tilining buyuk dengizi ana shu uch buyuk daryo – turkiy, arabiy va forsiydan suv ichgan...” Shoir o'zining ushbu kitobida arabiy so'zlarning o'zbek adabiy tili rivojlanishi va boyishidagi ulkan ahamiyatini qayta-qayta ta'kidlaydi.
XX asr boshlarida o'zbek lug'atchiligida arab va fors tillari bilan bog'liq katta hajmli lug'atlar yaratilmagan bo'lsa-da, bu sohada bir qator ishlar, izlanishlar olib borilgan. Shu o'rinda atoqli ma'rifatparvarlardan Ishoqxon to'ra qozi bin Junaydulla To'raqo'rg'oniy (Ibrat)ning “Lug'oti sitta alsina” (Olti tilli – arabcha-forscha-turkcha-hindcha-sartcha(o'zbekcha)-ruscha lug'at) asarini (Toshkent, 1901) hamda Salohiddin Toshkandiyning “Lug'oti salos” (Uch tilli lug'at) nomli she'riy yo'l bilan (aruzda) yozilgan arabcha-forscha-turkiycha lug'atini (Toshkent, 1909) ko'rsatish mumkin. Ushbu kichik hajmli lug'atlar havaskor til o'rganuvchilar, madrasalarning tolibi ilmlari uchun mo'ljallangan bo'lib, o'z davrida ulkan madaniy-ma'rifiy ahamiyatga ega bo'lgan.
Afsuski, yuqorida ko'rsatib o'tilgan, arab tili ishtirokida tuzilgan lug'atlar qo'lyozma yoki toshbosma (litografik) usulda tarqalganligi, nusxalarining nihoyatda kamligi sababli ulardan ommaviy foydalanishning deyarli imkoni yo'q edi. Shuning uchun ham arab tilini o'rganuvchi o'zbek talabalari, o'qituvchilar, tarjimonlar, mustaqil o'rganuvchilar, hatto diniy maktablarning o'quvchi-o'qituvchilari, din arboblari uzoq yillar davomida – o'tgan asrning 60-yillaridan yaqin yillargacha rus sharqshunosi X.K.Baranovning arabcha-ruscha lug'atidan asosiy leksikografik manba sifatida foydalanib kelganlar.
X.Baranov lug'atidan foydalanishda o'ziga xos qiyinchiliklar ham kuzatiladi. Masalan, arab tilidagi matnni avval rus tiliga, so'ng rus tilidan o'zbek tiliga o'girish, avvalo, ikki hissa mehnat va vaqtni taqozo etar, qolaversa, tarjimaning to'laqonli, sifatli chiqishini kafolatlay olmas edi. Mazkur lug'at sho'rolar davrida yaratilgan va bir necha marta nashr etilgan, shu sababli bo'lsa kerak unda arab tilining ayrim xususiyatlari, xususan, arab tilining asosini tashkil qilgan musulmon manbalari so'z boyligi, diniy adabiyot atamalari, eng qadimgi, johiliyat davriga oid so'zlar, tushunchalar va boshqalar e'tibordan chetda qolgan edi.
Shu bilan birga, u nashr etilgan vaqtdan hozirgacha bo'lgan davr mobaynida ilm-fan, ijtimoiy-siyosiy hayot o'zgarib, hozirgi arab adabiy tilida yangi voqea-hodisalar, predmetlar, tushunchalarni atovchi minglab so'z va iboralar muomalaga kirib, ko'pdan-ko'p so'z va iboralar eskirib iste'moldan chiqdi. Shuning uchun endi asl arab manbalaridan hamda jahon leksikografiyasi tajribasidan foydalangan holda, yangi, original, mukammal lug'at tuzish ehtiyoji paydo bo'lgan edi.
Ushbu ehtiyojni chuqur anglagan holda taniqli sharqshunos, O'zR FA akademigi, O'zbekiston Respublikasi fan arbobi, Qohira Arab tili akademiyasi a'zosi, filologiya fanlari doktori, professor Ne'matulloh Ibrohimov va uning shogirdlari – Abdulhakim Oripov, Akmaljon Ikromjonov va Abdulhamid Zayrievlar 2012-yildan ana shu benihoya katta va o'ta mas'uliyatli, mashaqqatli ishga bel bog'lab, hozirgi talablarga to'la javob bera oladigan hamda mumtoz matnlarni o'qishda boshqa lug'atlarga ehtiyoj qoldirmaydigan mukammal lug'at yaratishga kirishdilar va, nihoyat, uni 2022-yilda sharaf bilan yakunladilar: 100000 so'z va so'z birikmalaridan hamda 3456 sahifadan iborat to'rt jildli “Al-Qomus. Arabcha-o'zbekcha qomusiy lug'at” G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida nashr etilib, to'lig'icha o'z o'quvchilari qo'liga etib bordi.
Lug'atning 1-jildidagi “Muqaddima”da uning tuzilishi, manbalari va lug'aviy tarkibi haqida shunday yozilgan: “Ushbu lug'atni tuzishda muqaddimada nomlari zikr etilgan barcha mo''tabar manbalar, arab hamda g'arb va sharq tillaridagi tarjima lug'atlaridan foydalanildi. SHuningdek, lug'atga mumtoz va zamonaviy arab adabiyotining durdona asarlari, arab matbuoti, turli sohalarga bag'ishlangan entsiklopediyalar, ilmiy tadqiqotlar jalb qilindi... Unga (ﻣﻌﺟﻢ ﻋﺭﺒﯽ- ﺁﯠﺯﺒﮑﯽ) ﺍﻠﻗﺎﻤﻭﺱ “Al-Qomus. Arabcha-o'zbekcha qomusiy lug'at” deb nom berildi. Lug'atda qadimgi davr leksikasidan tortib eng yangi davrda iste'molga kirgan so'z va iboralar, atama va tushunchalar mujassam etildi”.
Aytish kerakki, lug'at tuzish, lug'atchilik so'zlarni shunchaki alifbo tartibiga solib, naridan-beri izohlab yoki biron tilga tarjima qilib qo'yishdan iborat oson ish emas. Aksincha, u qiyin va sermehnat jarayondir. Bunda muayyan tilni (bu o'rinda arab tilini) mukammal bilishdan tashqari lug'atchilikka mehr, zehn, qunt va mehnat, mehnat, yana mehnat kerak.
Haqiqatan ham qiyin va murakkab jarayonlarning mahsuli bo'lmish “Al-Qomus” lug'ati o'zining tuzilishi, hajmi, so'zlar ma'nosi (ma'nolari)ning, fe'llar boblarining berilishi, daliliy (illyustrativ) misollari va boshqa jihatlari bilan o'zidan oldingi arabcha-ruscha (X.Baranov), arabcha-o'zbekcha (“An-Na’im”) lug'atlardan keskin ajralib turadi.
Lug'at tuzuvchilar lug'at tuzish jarayonida arab tili so'z boyligini, undagi nihoyatda ko'p sinonimik qatorlarni, so'zlarning ko'pma'noliligini to'liq ko'rsatishga harakat qilganlar va bunga to'liq muvaffaq bo'lganlar. SHuningdek, ular arabcha so'z va terminlarni o'zbek tiliga tarjima qilishda mumkin qadar ularning o'zbekcha muqobillarini topishga harakat qilganlar, zarur hollarda yangi o'zbekcha muqobillarni yangidan yasaganlar. Lug'atni varaqlagan o'quvchilar bunday yangiliklarga o'zlari guvoh bo'ladilar.
O'tmish davrlarda tuzilgan, hozirda yaratilayotgan, yaratilajak mukammal arabcha-o'zbekcha, forscha-o'zbekcha lug'atlarning hamda Navoiy va boshqa mumtoz shoiru adiblarimiz ijodini o'rganish bo'yicha mukammal lug'atlarning o'zbek adabiyoti namunalarini, xususan, Alisher Navoiy ijodiyotini o'rganish, mohiyatini anglash, ulardan muayyan so'zlarning ma'nolarini, ma'no qirralarini belgilash, aniqlashda ulkan ahamiyatga egaligi ko'pchilikka, ayniqsa, mutaxassislarga yaxshi ma'lum. Bunga atoqli shoirimiz erkin Vohidov katta e'tibor qaratgan va “So'z latofati” kitobida bunday lug'atlarning ahamiyati haqida talay ma'lumotlar bergan. U o'zining mumtoz adabiyotimiz bo'yicha izlanishlarida murojaat qilgan va Sharq qo'lyozmalari xazinasida saqlanayotgan “Muntaxab ul-lug'ot”, “Bahr ul-javohir”, “Burhoni qote'”, “CHarog'i hidoyat”, “G'iyos ul-lug'ot”, “Abushqa” singari 29 ta lug'atni sanab o'tadi. Shoir, shuningdek, Navoiy ijodini o'rganishda lug'atlarning ahamiyati haqida quyidagilarni yozadi: “Har bir savodli inson yaxshi tushunadiki, lug'at ko'rmay tariximizni, ko'p asrlik adabiyotimizni o'rganib ham, o'rgatib ham bo'lmaydi. Navoiy so'zlari lug'ati bor-ku, dersiz... Bu lug'atlarda Navoiy so'z xazinasi to'liq aks etgan emas. SHu nomukammal manba ham ko'p yillardan beri qayta nashr etilmagani uchun kitob do'konlaridan topish ilojsiz”. Demak, erkin Vohidov Alisher Navoiy ijodini o'rganish, uni tushunish uchun mukammal lug'at zarurligini alohida ta'kidlaydi.
Mana, atoqli shoirimiz orzu qilgan mukammal lug'atlardan biri – “Al-Qomus. Arabcha-o'zbekcha qomusiy lug'at” qo'limizda. Bu lug'at nafaqat Alisher Navoiy va boshqa mumtoz shoirlarimiz asarlarini, ularning tilini teran o'rganish va anglashda, balki respublikamizning turli ilmiy markazlarida, shaxsiy jamg'armalarda saqlanayotgan va o'z tadqiqotchisini kutib yotgan 100 mingdan ortiq qo'lyozma va toshbosma asarlarni, umuman, 1200 yillik yozma yodgorliklarimizni o'rganishda ham ulkan ahamiyatga egadir.
“Al-Qomus. Arabcha-o'zbekcha qomusiy lug'at” yuqorida ko'rsatib o'tilgan afzalliklari bilan birga nafaqat arab tilini o'rganish, o'qitish-o'rgatishda ta'limiy, balki ma'rifiy, ilmiy, tarbiyaviy ahamiyatga ham ega; shuningdek, uzoq tarixiy davrlardan boshlab yaratilgan ilmiy-madaniy merosimizni o'rganishga, diniy bilimlarni oshirishga, Islom dinining asl mohiyatini tushunishga, badiiy, ilmiy va diniy adabiyotni bevosita arab tilining o'zidan tarjima qilishga, o'zbek tilida turli tip (terminologik, izohli, ikki va ko'p tilli va b.) lug'atlar va entsiklopediyalar yaratishga, xususan, “O'zbek tilining izohli lug'ati” yangi nashrlarida arabcha so'zlardagi etimologik ma'lumotlarni aniqlashtirish va yangilashga katta yordam beradi.
Lug'atning taqdimot marosimlarida, ommaviy axborot vositalarida “Al-Qomus. Arabcha-o'zbekcha qomusiy lug'at” mutaxassislar, din arboblari, keng jamoatchilik tomonidan iliq, samimiy kutib olindi va uning har tomonlama ahamiyati to'liq e'tirof etildi. O'ylaymizki, lug'at va uning mualliflari bundan-da zo'r e'tiroflarga sazovor bo'ladilar.
Abduvahob MADVALIEV,
O'zRFA O'zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutining bo'lim mudiri, filologiya fanlari nomzodi, dotsent