U 1918-yilda Kattaqoʻrgʻonning Alijon qishlogʻida kambagʻal dehqon oilasida dunyoga kelgan. Rahima oilada katta farzand boʻlib, oʻta qiziquvchan, iqtidorli edi. Shoʻro maktabida aʼlo baholarga oʻqidi. Uning goʻdak qalbi shoʻro maktabi dasturi, kitoblari, kinosiga singdirilgan yolgʻonlar bilan toʻla edi. Oʻziga yuklatilgan har bir vazifani sidqidildan bajaradigan bu olovqalb qiz 1929-yili komsomol safiga qabul qilinadi.
1930-yilda Rahimaning otasi vafot etib, katta oilaning barcha tashvishi yosh qizning zimmasiga tushadi. 1930-36 yillarda kolxozda bor gʻayrati va shijoati bilan mehnat qildi. Yosh faol sifatida hamma tadbirlarning old qatorida boʻldi. Shoʻrolar shaʼniga tinmay madhiyalar kuyladi. 1936-yilda 6 oylik komsomol kursini bitirib kelib, 1937-yil yanvardan Mitan tumani komsomol qoʻmitasi kotibi oʻrinbosari boʻldi. 1937-yil iyulda Toshkentda oʻtgan komsomol qurultoyida qatnashdi. OʻzSSR komsomol tashkiloti kotibi Isroil Ortiqov bilan uchrashib, unga tuman yoshlarining istaklarini yetkazadi, mavjud muammolarni muhokama qiladi. Shundan soʻng I.Ortiqov Mitan tumani partiya qoʻmitasi birinchi kotibi Jumaniyoz Matniyozovga chiqib, Rahima Islomova va tuman komsomollariga yordam berishini soʻraydi.
Rahima 1937-yil 7-avgustdan Mitan tumani komsomol qoʻmitasi kotibi sifatida ish boshlaydi va qisqa vaqtda yoshlarni bir gʻoya ostida jipslashtirish, mehnatkashlarning turmush sharoitini yaxshilash borasida katta ishlarni amalga oshirishga erishadi. Ayniqsa, maktab va maorif ishlarini rivojlantirish, yoshlarning taʼlim olishi masalalarida faol harakat qiladi.
1938-yil 24-yanvar kuni Ichki ishlar xalq komissarligi Mitan tumani boʻlimi Rahima Islomovani OʻzSSR JKning 57-1, 67-moddalari bilan ayblab qamoqqa olish toʻgʻrisida qaror chiqaradi. 1938-yil 28-yanvar kuni bitilgan order asosida uni hibsga olishadi. Shaxsiy anketasiga koʻra, bu vaqtda oila aʼzolari 67 yoshli onasi Oytoʻla aya, 16 yoshli ukasi Bozor, 14 yoshli ukasi Normurod va 10 yoshli singlisi Foziladan iborat boʻlgan. Uning abgor xonadonidan arzirli hech narsa ham olinmadi. Faqat keksa onaxon va bolalar jigarlarining izidan qon yigʻlaganicha qolib ketdilar.
1938-yil 4-fevral kuni ilk soʻroqda IIXK Mitan tumani boʻlimi boshligʻi Fedyayev unga kim seni aksilinqilobiy tashkilotga tortdi, deya savol beradi. Rahima oʻziga qoʻyilayotgan ayblovga chiday olmay yigʻlab yuboradi. U Mitan hududida hech qachon bunaqa tashkilot boʻlmaganini va oʻziga qoʻyilayotgan ayblovlarning barchasi boʻhton ekanini taʼkidlaydi. 1938-yil 8-fevral kuni Mitan tumani ijroqoʻmi Rahima Islomova ishini muhokama qilib, 5 kishini tumanda mavjud qandaydir aksilinqilobiy tashkilotga tortgan “xalq dushmani”, deb uni komsomoldan haydashadi.
Rahima Islomova 23-fevralda tergovga chaqirilib, undan bir necha varaqlarni imzolashini soʻrashadi. Rahima rus tilida yozilgan matnlarning tarjimasini berishlarini talab qiladi. Ular esa rad etib, shu yerdan imzo chekmay chiqmasligini aytishadi. Rahima 5-martgacha tergov xonasida saqlanadi. Oʻn bir kun davomida unga uyqu berishmaydi, ovqatsiz, faqat biroz suv berib tik turgʻazib qoʻyishdi. Sal qiyshaysa soʻkdilar, urdilar, tepdilar. Bechora qiz esa birin-ketin tergovga kelib ketayotgan erkaklarni tanib, yordam berib qolar, degan iltijo bilan boqardi. Ammo joni xalqumida, qoʻrquvdan qaltirab turgan kimsalarning koʻziga oʻzbek qizining mungli termulishi koʻrinmadi, hech kim yordam berish haqida oʻylamadi.
Rahima oʻn birinchi kuni oʻlar holga kelgach, ilojsiz yiqiladi. Aqliy holatining buzilganini koʻrgan malʼunlar uning qoʻliga bir necha qogʻozni tutib imzolatishga muvaffaq boʻlishadi va kamerasiga sudrab olib borib tashlashadi.
1938-yil 26-fevral sanasi bilan imzolatilgan soʻroq bayonnomasida goʻyoki Rahima Islomova 1937-yil fevralda Fayzulla Xoʻjayev va Akmal Ikromovni maqtagani, 1937-yil may oyida OʻzSSR komsomol tashkiloti kotibi Isroil Ortiqovning qabuliga shaxsan kirishi uning aksilinqilobiy faoliyati sifatida talqin qilinadi. 1938-yil 16-may kuni Mitan tumanida mavjud boʻlgan aksilinqilobiy millatchi tashkilotning 12 nafar aʼzosi fosh qilingani haqida qaror chiqarildi. Shu tariqa Mitan tumani partiya qoʻmitasi kotibi Jumaniyoz Matniyozov, oʻrinbosari Namoz Mirzamahmudov, komsomol qoʻmitasi kotibi Rahima Islomova, oʻrinbosari Doʻstmurod Ziyoyev, yer boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Rahmat Joʻrayev, MTS direktori Jalol Samatov, jamgʻarish idorasi mudiri Sanaqul Soibnazarov, oʻrinbosari Sindor Babanov, “Stalin yoʻli” gazetasi muharriri Latif Daminov, tashkilotchi Ashirboy Mahamatrahimov, xalq sudi sudyasi Boriy Shagivaliyev, xalq tergovchisi Otaboy Karimov qamoqqa olinib, ularning aksari otib tashlandi.
Rahima Islomova 1938-yil 1-oktyabrgacha Samarqand turmasida saqlanadi. Soʻng Toshkentga keltirilib, undan faqat bitta narsani, aybini tan olishini soʻrashdi. Biroq qachondir haqiqatning gʻalaba qozonishiga ishonchi soʻnmagan Rahima hech qachon bu tuhmatlarni tan olmasligimni aytib turib oladi. Bundan jahli chiqqan va allaqachon insoniy qiyofasini yoʻqotganlar uni 13 kun davomida qorongʻu va zax karserga tashlashadi. Jazoning 14 kuni ham “aybini tan olish” haqidagi chaqiriqqa u rad javobini beradi.
1938-yil 15-oktyabr kuni uni “uchlik” yigʻiniga chaqirishdi. Boshidan oʻtgan barcha koʻrguliklarini aytib, haqiqatni talab qilaman, deb turgan Rahimaga hech kim soʻz bermadi. Hech bir gap-soʻzsiz 5 minut oʻtmay hayʼat uning mol-mulki musodara qilinishi hamda oʻzi OʻzSSR JKning 64, 67-moddalari bilan ayblanib, 8 yilga mehnat tuzatish lageriga (MTL) hukm etilishi haqidagi qarorni oʻqib eshittirdi.
Rahima Islomova jazoni Arxangelsk viloyati Kotlas shahrida oʻtay boshladi. U shu yerda ham oʻzining shijoati bilan faollar safidan oʻrin oladi. Keyingi ikki yil davomida lagerning zarbdorlar taxtasidan tushmadi. Ayni paytda vaqt topib shoʻro davlatining turli rahbar idoralariga 18 marotaba shikoyat arizasi yozadi. Afsuski, bu arizalarning birortasi oʻz manziliga yetib bormadi, hatto eshikdan ham chiqmadi.
1941-yil 17-may kuni mahbusa Rahima Islomova SSSR Oliy Sovetiga ariza yozadi. Rus tilini bilmagani uchun xatni 1941-yil 7-iyun kuni Churagulov tarjimasi bilan manzilga yoʻllaydi. U deputatlarga murojaatini sud menga nohaqlik qildi, deb boshlaydi. Shundan soʻng oʻz hayoti, faoliyati va boshidan kechirgan barcha nohaqliklarni batafsil bayon qiladi. Oʻz fikrini umumlashtirib, “Myen mutlaq aybsizman, gunohsizman. Oʻshanda 19 yoshda edim, hozir 23 yoshdaman. Mana, 3 yilu 4 oydirki qamoqdaman. U yoqda ukalarim qolib ketgan. Deputatlar, axir men Oʻrta Osiyodanman, shimol sovugʻi sogʻligʻimni oldi. Yoshligim bahori alam va nadomatlar ichida qoldi. Iltimos, meni bu zulmat lagerdan chiqaringlar, nohaq hukmni bekor qilinglar”, deydi.
Ushbu ariza asosida Rahima Islomova ishi ham qayta koʻrib chiqishga topshiriladi. U prokurorning 1942-yil avgust oyidagi protesti asosida 1942-yil 18-noyabr kuni ozodlikka erishadi. Rahima totalitar tuzum davrida tahqirlangan, xoʻrlangan, oʻldirilgan, zoʻrlangan minglab onalarimiz, opa-singillarimizdan biri edi. Toʻgʻri, u ajal eshigidan tirik qaytdi. Hatto koʻp yillar kolxoz raisi ham boʻlib ishladi. Biroq shoʻrolar mamlakatining qanchalar tubanligini, uning manfur formali jallodlarini bir lahza boʻlsin unutmadi. Tunlari oʻsha malʼunlarning qilmishlari tushlariga kirib uygʻonsa, qaytib uxlashga qoʻrqib tongni unsiz yigʻlab kutardi.
Tarix sahifalarini varaqlasak, Rahima Islomova kabi nohaq qamalgan oʻzbek xotin-qizlari juda koʻpligiga amin boʻlamiz. Ularning bor-yoʻq aybi bir millatparvar oʻzbek oʻgʻlonining turmush oʻrtogʻi boʻlgani yoki ne-ne niyatlar bilan ilm olib, olima, shoira, jurnalist, shifokor, muhandis boʻlib yetishgani edi. Vatani uchun bor mehru shijoati bilan kurashga otlangan bu mardona ayollarning achchiq qismatlari haqida hikoya qilish ham qanchalar alamli va ogʻir. Ushbu tabarruk kunlarda barcha jabrdiyda ona va opalarimizning gunohlarini Allohim magʻfirat etsin, deya duo qilamiz.
Bahrom IRZAYEV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi
davlat muzeyi katta ilmiy xodimi