Ishtvan Monok Vengriya Fanlar akademiyasi kutubxonasi 1825 yilda tashkil topganligini, kutubxonada 10 mingdan ziyod tarixiy qo‘lyozmalar saqlanishi, ular orasida Sharq qo‘lyozmalari to‘plami o‘zining noyobligi bilan ajralib turishini maʼlum qildi.
Qayd etilganidek, 1951 yili vengriyalik olim va sharqshunos Layosh Ligeti tomonidan asos solingan ushbu to‘plamda O‘rta Osiyo olimlari, shoir va yozuvchilariga tegishli fors va turkiy-chig‘atoy (qadimiy o‘zbek) tilida yozilgan 80 ga yaqin qo‘lyozma saqlanadi.
Jumladan, uchrashuv chog‘ida Sharq qo‘lyozmalari bo‘limida saqlanayotgan Alisher Navoiyning «Muhokamat ul-lug‘atayn» asari qo‘lyozmasi, Navoiy asarlarini o‘rganishni osonlashtirish uchun tayyorlangan XVI asrga oid «Chig‘atoy usmonli lug‘ati», vengriyalik mashhur shoir Arani Yanosh qalamiga mansub «Ajoyib bug‘uning hikoyati» asarining o‘zbek olimi Mulla Isʼhoq Ibrohim tomonidan XIX asrdagi tarjimasining asl nusxasi bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratildi.
Maʼlum bo‘lishicha, O‘rta Osiyo olimlari qalamiga mansub ko‘plab asarlar Usmonli turklar imperiyasi davrida vengriyalik mashhur turkiyshunos olim va sayohatchi Armin Vamberi tomonidan Istanbul orqali Budapeshtga olib kelingan.
«Armin Vamberining eng yaxshi ko‘rgan asarlaridan biri bu Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” (Ikki til muhokamasi) asaridir. Bu muhim qo‘lyozmaning dunyoda faqat to‘rtta asl nusxasi mavjud. Ushbu asarda eski o‘zbek va fors tillarining sheʼriy qudrati o‘zaro qiyoslanadi. Navoiy bu asarida o‘zbek tilining afzalliklarini ko‘rsatib beradi va o‘z zamondoshlarini fors tilida sheʼr yozmaslikka, balki ona tilida - eski o‘zbek tilida ijod qilishga daʼvat etadi», deya taʼkidladi Ishtvan Monok.
I.Monok ushbu asarlarni o‘rganish va tadqiq etish niyatida bo‘lgan barcha o‘zbek mutaxassislariga Akademiya kutubxonasi doimo ochiq ekanligini alohida qayd etdi.
Benedek Peri o‘z faoliyati davomida turkiy adabiyotni tadqiq etib kelayotganligini aytdi. So‘nggi yillarda u Alisher Navoiy ijodini o‘rganish bilan mashg‘ul bo‘lib, bu yo‘nalishdagi maqolalarini ingliz tilida nashr etmoqda. Shuningdek, u hozirgi paytda Boburning “Boburnoma”asarini venger tiliga, Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asarini esa ingliz tiliga o‘girish ustida ishlayotganini maʼlum qilar ekan, kelgusi yilda ushbu tarjimalar bo‘yicha dastlabki materiallar tayyor bo‘lishini aytdi.
«Navoiy asarini ingliz tiliga tarjima qilishimning asosiy sababi buyuk allomaning ijod mahsulini nafaqat Vengriya, balki butun Yevropa bo‘ylab targ‘ib qilishdan iborat» -dedi u.
Uchrashuvda shuningdek, Vengriyaning Etvosh Lorand universitetida o‘zbek tili o‘quv kurslarini joriy etish va O‘zbekistondan tegishli mutaxassislarni jalb qilish imkoniyatlari ham atroflicha muhokama qilindi.