Alp er To'nganing qabri Buxorodami?

    Poytaxtimizda Turkiy davlatlar tashkiloti, Turkiy davlatlar geografik kengashi, O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda O'zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi hamkorligida “Turkiy xalqlar tarixida Turkistonning o'rni” mavzusida xalqaro konferentsiya tashkil etildi.

    Unda O'zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan olimlar, oliy ta'lim muassasalari tadqiqotchilari, xalqaro tashkilotlar va ekspert hamjamiyatlarining vakillari o'z ma'ruzalari bilan ishtirok etdi.

    Xalqaro anjumandan ko'zlangan asosiy maqsad Turkiy xalqlarning ming yilliklar avval shakllangan tarixini yanada chuqurroq o'rganish, siyosiy, iqtisodiy, madaniy, geografik o'tmishini talqin qilish, milliy-madaniy o'zligiga tayanib mushtarak tarixini, birlik va qardoshlik g'oyasiga xizmat qilapdigan manbalarni yaratish va kelajak avlod uchun etkazib berishdan iborat.

    Konferentsiya debochasida barcha ishtirokchilar sahnaga milliy liboslarda kirib kelgan yoshlar bilan birgalikda jo'r bo'lib o'zbek jadid shoiri Cho'lpon she'riga bastalangan “Go'zal Turkiston” qo'shig'ini kuyladilar. Qo'shiqni tinglar ekanmiz, buyuk ajdodimiz – qadimiy turk davlati asoschilaridan biri Bilga Xoqonning da'vati yana bir bor yodimizga tushdi: “Ey turkiy elim, o'zligingga qayt, o'zingni angla – yanada yuksalgaysan!”

    Prezidentimiz SHavkat Mirziyoyev o'z ma'ruzalaridan birida ta'kidlaganidek, ushbu ibratli so'zlar bugungi shiddatli zamonda – Turkiy davlatlar tashkiloti o'z faoliyatini tobora takomillashtirib borayotgan bir davrda albatta chuqur ma'noga ega. Tili, dini va yuraklari bir-biriga chambarchas bog'langan qardosh xalqlarimiz ovozi endilikda dunyo bo'ylab yanada baland, yanada kuchliroq yangramoqda.

    Tadbirni Turkiy davlatlar geografik kengashi bosh kotibi Oybek Norinboev, O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori SHerzodxon Qudratxo'ja, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi o'rinbosari Mirvohid Azimov, Istanbul Ticaret universiteti rektori Abdulhamid Avshar, O'zbekiston Rsepublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori Azamat Ziyo kirish so'zi bilan ochib berdilar va mazkur xalqaro anjumanning bugungi kundagi tarixiy ahamiyati qanchalar salmoqli ekanligini ta'kidlab o'tdilar.

    – Turkiy davlatlar tashkiloti hozirgi kunda shakllanayotgan yangi dunyo tartiboti va xalqaro institutlar tizimida o'ziga xos muhim o'ringa ega bo'lib borayotgani quvonarlidir, – dedi Turkiy davlatlar geografik kengashi bosh kotibi Oybek Norinboev. – 160 million aholini qamrab olgan Tashkilotimiz hududi katta siyosiy, iqtisodiy va ilmiy-madaniy imkoniyatlar makoni hamdir. Ayniqsa, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yuzdan ortiq turli tadbirlar o'tkazilib, muhim loyihalar taqdim etilayotgani e'tiborga molikdir. Ta'kidlash o'rinliki, o'tgan asrda yashagan jadid bobolarimizning ibratli faoliyati, ilmiy-ijodiy merosini chuqur o'rganish yuzasidan a'zo mamlakatlarda katta ishlar amalga oshirilmoqda. SHu ma'noda mazkur konferentsiyada ilgari surilgan ilmiy-amaliy loyihalar va muhim mavzular kelgusidagi hamkorligimiz, birdamligimiz uchun asos bo'ladi, degan umiddaman.

    Xalqaro konferentsiya “Turkistonda siyosat va boshqaruv, Turkiy davlatchilik an'analarining asoslari”, Turkistonda ilm-fan va madaniyat yoxud O'rta asr klassik islom madaniyati timsolida Mlvarounnahr”, “Turkistonning me'moriy obidalari va san'ati”, “Turkistonning turkiy va mintaqa xalqlari hayotidagi o'rni va ahamiyati”, “Turkiston va turkiy dunyo” kabi yo'nalishlarda o'z faoliyatini olib bordi.

    – 1991 yilda O'zbekiston mustaqillikka erishgani juda quvonchli bo'ldi, – deydi O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo'ja. – Keyin 2008 yilda Turkiy davlatlar Kengashi tuzildi. Lekin afsuski, boshida biz turkiylar bir-birimizdan hayiqdik, bir-birimizdan cho'chidik. Panturkizm degan gaplar aytildi. Panturkizmdan o'zimiz – turkiylar qo'rqdik. Lekin bu iborani boshqalar o'ylab topgandi va u biz uchun atayin qilingandi. Shukrkim, bugun biz Uchinchi Uyg'onish davri ostonasidamiz. Va ayni paytdagi barcha tadorigimiz O'zligimizni anglash va birlashish istagida ekanligi eng katta baxtimiz va imkoniyatimizdir!

    Ilmiy anjumanning birinchi kunida Istanbul universiteti Adabiyot fakul`teti Umumiy turk tarixi kafedrasi o'qituvchisi, tarix fanlari doktori Ali Ahmetbeyo'g'lining “Turklarda davlat tushunchasining shakllanishida Turkistonning ahamiyati”mavzusidagi hamda O'zbekiston FA SHarqshunoslik instituti etakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori Ablat Xo'jaevning “Turklar VI asrda Oltoyda paydo bo'lgan” degan qarashga yangicha yondashuv” deb nomlangan ma'ruzalari ishtirokchilarning tortishuvlari va bahsu munozaralariga sababchi bo'ldi.

    • – Xitoy manbalarida keltirilgan ma'lumotlar tufayli turklar tarixining uzoq o'tmishga oid ayrim sahifalari yoritilganligi hammaga ma'lum, deydi tarix fanlari doktori Ablat Xo'jaev. – Albatta bu bilan xitoy manbalari turkiy xalqlar tarixining barcha qirralarini ochib bera oladi deb bo'lmaydi. Xitoylar o'z davrida o'zlari bilishi lozim bo'lgan masalalarga, ayniqsa turklarning kuchli va zaif tomonlariga e'tibor qaratishgan. Ushbu ma'lumotlar hisobiga hozirgi xitoy, ya'ni xan` xalqining ajdodlari sharqiy turklar (ilk turk, prototurk) bilan bundan 4 ming yil ilgari duch kelishgan. SHunda xitoylar (shya, xan) ushbu turklarni “G'arbiy zamin odamlari” (Shitu chji ren 西土之人) deb atashgan. Bu odamlar kim edi degan savol ochiq qolmoqda.

    Ishtirokchi olimlarning e'tiroficha, Taklamakon cho'li atrofidan topilgan va tabiiy holda qurib qolgan 5-6 yillik jasadlar ham shu odamlarga tegishli bo'lmaganmi degan savol ham kelib chiqadi. Qolaversa bu cho'l atrofidan tosh qurollar ham topilgan. Hozirgi Markaziy Osiyo davlatlari hududidan ham olis o'tmishga tegishli tosh qurollar va boshqa buyumlar topilganligi ma'lum.

    Bahsu munozaralarga boy bo'lgan yana bir ma'ruzani Gazi universiteti Gazi ta'lim fakul`teti Turk tili va ijtimoiy fanlar ta'limi kafedrasi professori Nekati Demir “Alp er To'nga – Turkiy qavmlarning otasi” nomli ma'ruzasi orqali taqdim etdi.

    Ma'lumki, arxeologik topilmalarni hisobga olgan holda saklar/skiflar tarixi miloddan avvalgi 2-ming yillikdan boshlanadi. Biroq, ular bilan bog'liq manbalar juda cheklangan. Ko'pincha afsonalarga asoslangan bo'lsa-da, ular haqidagi ma'lumotlarni miloddan avvalgi VIII asrdan boshlab kuzatish mumkin. Miloddan avvalgi XII asrdan boshlab ular Kaspiy dengizi va Tyan`-SHan` tog'lari orasidagi ulkan hududda hukmronlik qilgan. “Saka” atamasi forscha ko'chmanchilar so'zi bilan sinonim sifatida ishlatiladi.

    • Alp er to'ngaga oid qanday ma'lumot yoki yangilik bo'lsa to'playman, so'ng yozaman, – deydi Nekati Demir. – Masalan, O'g'uzxon dostoni, Bo'zqurt dostoni, erganakxon dostoni, Turaysh dostoni... Bularning hammasini to'pladim. Shu jarayonda bir narsa e'tiborimni tortdi. elp er To'nga barcha dostonlarning uchida, ya'ni avvalboshida turadi. Dastlab mazkur doston haqida yozishim kerak edi, biroq hamma dostonlar unga bog'liq bo'lgani uchun yana ma'lumotlar chiqib qolsa, mukammal bo'lmaydi deb oxiriga qoldirdim bu ishni... Butun dostonlarni nashr etgach, so'ngra Alp er To'nga haqidagi izlanishlarimni boshladim. Bir kuni uning mozori Buxorada ekanligi haqida eshitib qoldim. O'sha zahotiyoq safarga otlanib, Buxoroga keldim. Tarixchi olim do'stlarim bilan ko'rishdim, suhbatlashdim. Chindan ham Alp er To'nga qabrini shu qutlug' maskandan topdim. Aslida buxoroliklar uning qabri shu erda ekanini bilishar ekan. Faqat bu mozor ularning diqqatini tortmagan. So'ngra men bu yangilikni butun turk dunyosiga ulashdim. Biroq ko'plab evropalik olimlar Alp er To'nga ismli shaxs aslida tarixda bo'lmaganini, u mifologik qahramon ekanini iddao qilishdi. Ular hamisha turklar tarixini erga urish uchun shunday yo'l tutadilar. O'zbekistonlik olimlar bilan maslahatlashib qabrni ochib, bu ulug' qahramonimizni turk dunyosiga ko'rsatmoqchimiz. Hali butun dunyo turklari kelib ushbu qabrni ziyorat qiladi.

    Ma'ruzaga o'z mulohazalarini bildirgan olimlar tadqiqotchi yangi manbalardan foylagangani va o'ziga xos xulosalari bilan ilmiy davra e'tiborini qozona olganini ta'kidlashdi.

    Ikkinchi kundagi ilmiy-amaliy anjuman muhokamalari ham o'ziga xos yangiliklar va mulohazalarga to'la bo'ldi. Unda tilga olingan “Turk dunyosida imigratsiya va o'zlik”, “Turk dunyosining kelajagi uchun inson kapitali, innovatsiyalar va iqtisodiy o'sish o'rtasidagi aloqa”, “Milliy turkiston majmuasi bibliografiyasi”, “Jadidlarning Turkiston ozodligi uchun kurashdagi o'rni” mavzulari atrofida kechgan davra suhbatlari nihoyatda qizg'in kechdi.

    – Turkistonda sho'rolarga qarshi Turkiston muxtoriyati hukumati qo'shiniga dastlab, Kichik ergash bosh bo'ldi, – deydi Qatag'on qurbonlari xotirasi muzeyi katt ailmiy xodimi Bahrom Irzaev. – Kichik ergash 1918 yil 19 – 21 fevralda Qo'qon shahrida bo'lgan urush natijasida mag'lubiyatga uchrab, Bachqir qishlog'iga chekinadi. 26 fevralda Bachqirga qizil gvardiyachilar va arman dashnoqlari hujum qiladi. 27 fevralda bo'lgan janglarda Kichik ergash halok bo'lgach, Katta ergash Farg'ona vodiysida bol`sheviklarning mustamlakachilik tartibiga qarshi kurash boshlaydi. Tez orada harakat butun Farg'ona vodiysi hududlariga tarqaladi. Shu o'rinda Muxtoriyatning 10 yilligi munosabati bilan 1927 yil “Er yuzi” jurnalida bosilgan Rauf Yaqubiyning “Qo'qon Muxtoriyati va ergash” maqolasidagi mana bu so'zlarni keltirib o'tmoqchiman: “1917 yil dekabr` oyining oxirg'i kunlari. Qo'qon eski shahar ko'chalarida jome'sida, bozor va maydonlarida to'p-to'p olomon. Muxtoriyat hukumati, Sho'roi Islom, ergash qo'rboshi... Zamon zamon Sho'royi Islomniki...”

    Konferentsiyada tilga olingan barcha mavzular turkiy xalqlar tarixi va buguni qanchalar bir-biriga chambarchas bog'liq ekanini yana bir bor isbotladi. Anjuman yakunida qardoshlarimizning bir-birlariga aytgan mana so'zlaridan bizning-da qalbimizga yorug'lik indi: “Bugun dunyoning turklari birlashyapti. Turkiylar o'zligini anglashi, tarixini bilishi esa ulkan muvaffaqiyatlarning boshlanishidir!!”

    Muxtasar TOJIMAMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri