O‘zbekistonda kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirish, kitob o‘qish va uning targ‘ibotini zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, o‘zbek va jahon adabiyotining eng sara namunalarini jamlab aholi, jumladan, yoshlar uchun elektron, audio va video variantlarda bepul foydalanish imkoniyatini yaratish "Mutolaa" loyihasidan ko‘zda tutilgan asosiy maqsaddir.
Loyihasi doirasida 1100 dan ortiq kitob (badiiy asar, hikoya, ertak va ilmiy ommabop asarlar)ning audio va elektron variantlari tayyorlanib, mobil ilovaga joylashtirildi. Mazkur loyiha aholi, ayniqsa yoshlar orasida ommalashib, bugungi kunga qadar 277 mingdan ortiq kitobxon ushbu mobil ilovadan foydalanmoqda.
— Elektron audio, video kitoblarning tizimli, sifatli platformasi bo‘lgan bu loyihani ishlab chiqishga 5 oy vaqt ketdi, — deydi "Mutolaa" loyihasi rahbari Sirojiddin Olimov. — Ayni paytda platformadan mingdan ortiq elektron va audio kitoblar o‘rin olgan. Ularning sifatiga alohida ahamiyat qaratamiz. Yoshlarimiz kitob o‘qimayapti, degan muammoga yangicha yondashuv bo‘lgan bu loyiha orqali kitoblarning elektron variantini har bitta insonning telefoniga yetkazmoqchimiz. Kitobni sifatli ovozda eshitish imkoniyatini yanada osonlashtirish maqsad qilingan.
Loyiha doirasida kitobxonlik sohasida yangi yo‘nalish hisoblangan kino-kitob yaratish bo‘yicha dastlabki ish sifatida “Qo‘rqma” kitobi uchun badiiy hujjatli film suratga olindi. Ushbu badiiy filmni xorijiy davlatlarda ham ommalashtirish maqsadida mazkur asar 4 ta xorijiy tillarga (ingliz, rus, turk va ispan) tarjima qilindi.
— Har yili o‘zbek hamda jahon adabiyotidagi eng yaxshi hikoyalar, romanlar asosida 10-15 ta film olamiz, — deydi yozuvchi Javlon Jovliyev. — “Qo‘rqma” kitobi uchun olingan badiiy hujjatli film ana shu asarlar sirasiga kiradi. Maqsad — filmlar orqali yoshlarni kitobga qiziqishini oshirish. O‘zbek adabiyotini chet elda targ‘ib qilish, sara asarlar ingliz, rus, yapon tili kabi chet tillarga tarjima qilinishi ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, mazkur yo‘nalish bo‘yicha “Kichkina Shahzoda” va “Dahshat” asarlariga badiiy hujjatli filmlar suratga olindi.
Loyiha doirasida 2024 yil yakuniga qadar 1 milliondan ortiq kitobxonlarni kashf qilish rejalashtirilgan.
“Mutolaa” loyihasining keng ko‘lamdagi taqdimoti va “Qo‘rqma” asariga ishlangan hujjatli film premyerasi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Loyiha taqdimotida jamoatchilik faollari, adabiyotshunos, yozuvchi, shoirlar, nashriyot vakillari, faxriy mehmonlar ishtirok etdi.
Bundan tashqari, 204 ta tuman markazlarida yoshlar yetakchilari va faol yoshlar bilan birgalikda loyihaning onlayn taqdimoti va “Qo‘rqma” filmi jonli translyasiyasi qilindi.