Mamlakatimizda ulugʻ ajdodlarimiz merosini keng tadqiq va targʻib etish, ularning nomini abadiylashtirish, oʻsib kelayotgan navqiron avlodni bobokalonlarimizning faoliyati hamda asarlaridan bahramand etib tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Buni shu kunlarda xalqimiz dahosining timsoli, benazir sarkarda va davlat arbobi, sohibqiron Amir Temur tavalludining 685-yilligi munosabati bilan joylarda oʻtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, ilmiy-amaliy anjumanlar misolida ham yaqqol koʻrish mumkin.
Jumladan, joriy yilning 9-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida «Amir Temur: tarixi, saboqlari va hozirgi zamon mavzusida anjuman oʻtkazildi.
Tadbirda Oʻzbek milliy drama teatri aktyori, Oʻzbekiston xalq artisti Tesha Moʻminov, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti Gumanitar fanlar kafedrasi dotsenti Jumaboy Rahimov, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti tarix fakulteti dotsenti, tarix fanlari nomzodi Akbar Zamonov, Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xodimlari, Akademiyaning professor-oʻqituvchilari, harbiy xizmatchilari va kursantlari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirni Akademiya boshligʻining oʻrinbosari polkovnik Abduazim Axmadxodjayev kirish soʻzi bilan ochib, yurtimizda buyuk davlat arbobi, oʻrta asrlar islohotchisi, sarkarda, adolat uchun tolmas kurashchi Hazrati Amir Temur bobomiz tavalludining 685-yilligi ijodkorlari, olimlar va yoshlar tomonidan faxr-iftixor bilan yodga olinayotgani, Sohibqiron Amir Temur – biz uchun oʻzligimizni anglash, milliy anʼana va qadriyatlarimizni tiklash borasidagi ulugʻvor ishlarda xalqimizga maʼnaviy kuch bagʻishlab kelayotgan ulugʻ siymolardan biri ekanligi, bugun hayotimizning barcha jabhalarida adolat va haqiqat qaror topayotgan tarixiy bir davrda Amir Temur – bizning shaʼn-shavkatimiz, gʻurur va iftixorimiz, xalqimiz dahosining timsoli, maʼnaviy qudratimiz ramzi ekanligini, Buyuk sohibqiron Amir Temur bobomiz Oqsaroy peshtoqiga “Adolat – davlatning asosi va hukmdorlar shioridir”, degan hikmatli soʻzlarni yozdirgani xususida soʻz yuritdi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar, Sohibqiron nafaqat oʻz davridagi eng qudratli davlat asoschisi, ilm-fan, madaniyat va maʼnaviyat homiysi, balki osiyo va yevropa qitʼalarida roʻy bergan tarixiy oʻzgarishlarga hal qiluvchi taʼsir koʻrsatib, dunyo rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan shaxs ekanligini, biz hazrat Amir Temurni buyuk bunyodkor deb boshimizga koʻtarib, roʻyi zaminning sayqali boʻlmish Samarqandda, Shahrisabz, Buxoro, Toshkent va Sohibqiron qurgan bepoyon saltanatning boshqa hududlarida bunyod etilgan nodir meʼmoriy obidalar, tengsiz bogʻu-rogʻlar Temurbek bobomizga xos amaliy shijoat samarasi ekanligini, shu bilan birga, betakror faoliyatining asosiy maʼnosi – “Vatan ozodligi, vatanga muhabbat” degan oliy qadriyatlardan iborat boʻlib, Sohibqiron bobomizning ruhiyati istiqlol va hurlik, erkinlik gʻoyalari bilan tabiiy va goʻzal bir ravishda uygʻunlashib ketganligini, u hatto umrining soʻnggi onlarida ham zurriyodlariga qarata “Istiqlol bilan mulku millat, lashkar va raʼiyatni boshqaringiz” deb vasiyat qilganligini, bu vasiyat aynan bizlar uchun – buyuk sohibqironning bugungi kun avlodlari uchun aytilgani, yoshlar, yurtimizning aziz farzandlari bobomizning bizlarga qarata aytgan – “Biz kimmiz, qanday ulugʻ zotlarning zurriyodimiz, bizning ildizlarimiz naqadar chuqur”, degan mazmundagi, bugun ham katta maʼno va hayotbaxsh kuchga ega ekanligini alohida taʼkidladilar.
— Bugungi tadbir, Buyuk sarkarda bobokalonimizning hayoti, harbiy-siyosiy faoliyati, jangovar sanʼati, vatanparvarlik, xalqparvarlik, mardlik va jasorat fazilatlari kursantlarda yana-da shijoatli havas va hayrat uygʻotdi deydi — Akademiya katta oʻqituvchisi Farhodjon Xojayev — Albatta Akademiya kursantlari ham Sohibqiron Amir Temur bobomizga munosib avlod boʻlishga, mard, jasur, yurtni chin dildan suyadigan inson boʻlishga, gʻurur va iftixorga undaydigan maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyatga ega boʻlgan tadbirlardan biri boʻldi.
Tadbir davomida Akademiya kursantlari tomonidan oʻzbek, rus, ingliz tillarida Buyuk sarkarda bobomiz ijodlaridan keltirilgan namunalar, ayniqsa, usha davrni aks ettiruvchi liboslardagi badiiy sahnalashtirilgan spektakl namoyishi tadbir qatnashchilarida iliq taassurotlar qoldirdi.
Tadbir yakunida, mazmunli, sermulohazali, bahs-munoazarlarga boy hamda yana-da koʻproq mutoalaa qilishga undaydigan taqdimot maʼruzalari faol qatnashgan mehmonlarga Akademiya rahbariyatining tashakkurnoma va faxriy yorliqlari topshirildi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, buyuk davlat arbobi va sarkarda Sohibqiron Amir Temurning Vatanga sadoqat, el-yurtni ardoqlash, mardlik, fidoyilik va adolatparvarlik kabi yuksak fazilatlari yosh avlod uchun oʻrnak boʻlib xizmat qilishini inobatga olgan holda, respublikamizning barcha harbiy akademik litseylariga “Temurbeklar maktabi” nomi berilishi, shuningdek, muhtaram Prezidentimizning 2019-yil 28-iyundagi “Oʻsmirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zahirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4375-son qarori asosida, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining “Temurbeklar maktabi” ochilgani ham shu sohada olib borilayotgan islohotlarning uzviy qismidir.
Mazkur islohotlar zamirida bugungi va kelajak avlodlarga Amir Temur hazratlarining harbiy, maʼnaviy merosini yetkazish, eng muhimi, ajdodlarimiz amalga oshirgan buyuk ishlar toʻgʻrisidagi bilimlarimizni chuqurlashtirish va rivojlantirish, zamonaviy ilmiy tafakkurni yana-da jonlantirish va olingan bilimlarni kelajak avlodlarga yetkazish borasida muhim qadam boʻlishi shubhasiz.
Akademiya Matbuot xizmati