Antibiotiklarning yana bir xavfli jihati aniqlandi

    Salomatlik 8 Noyabr 2021 3162

    Illatlarning bora-bora odatga aylanib qolishi yomon. O'zbilarmonlik — shulardan biri. Ayniqsa, biror xastalikka chalinganimizda bu qusur faqat va faqat zararimizga ishlashi, hatto hayotimizni xatarga qo'yishiga misollar ko'p.

    Uyimizdagi dori qutisini ochib mavjud preparatlarni bir ko'zdan kechiraylik. Ular orasida jarohatga qarshi, isitma, qon bosimini tushiruvchi, og'riq qoldiruvchi turli malhamu surtmalardan tashqari, qaysidir guruhga mansub antibiotiklar ham bo'lsa ajab emas.

    Chunki faqat shifokor tavsiyasi bilangina qo'llaniladigan dorilarniyam ba'zida o'zboshimchalik bilan qabul qiladiganlar oramizda topiladi. SHamollash, yo'tal, isitma, teridagi yallig'lanishlar, turli og'riqlar va virusli xastaliklarda shunday preparatlardan o'z-o'zicha foydalanib, ahvoli og'irlashgan yoki o'lim topganlar ham bor, afsuski.

    Vaholanki, antibiotiklardan o'zboshimchalik bilan foydalanish tananing boshqa a'zolari faoliyatini ham izdan chiqaradi. Ayniqsa, jigar va buyrak etishmovchiligi holatlarida juda og'ir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.

    Mana, shvetsiyalik tadqiqotchilar yaqinda antibiotiklarning yana bir xatarli asoratini aniqladilar. Ularning xulosasiga ko'ra, bunday preparatlarni qabul qilgan insonlarda 5-10 yil ichida kolorektal saratonning rivojlanish xavfi oshadi.

    Olimlar olti yil davomida yo'g'on va to'g'ri ichak saratoni bilan kasallangan 40 ming nafar bemorni alohida kuzatuv ostiga oldilar. Tadqiqot davomida ularning o'tgan 10 yil davomida qancha miqdorda va qaysi antibiotiklardan foydalangani o'rganildi hamda tahlil qilindi.

    Ma'lum bo'lishicha, antibiotik qabul qilgan bemorlarda yo'g'on ichakda saraton rivojlanish xavfi yuqoriligi aniqlandi.