Qishloq xoʻjaligi vazirligining telegramdagi sahifasida bu boʻyicha quyidagi maʼlumotlar keltirib oʻtilgan.
Asal vaqtidan oldin, pishib yetilmagan holida yigʻib olinsa va tarkibidagi namlik miqdori meʼyoridan yuqori boʻlsa aynish ehtimoli ortadi. Shunday qilib asalarilar oʻsimliklardan sharbat yigʻib kelishadi va tarkibida 60 foiz namlik boʻlgan nektarni asalga aylantirishadi.
Asal tayyor boʻlgan vaqtda uning namligi yoki undagi suv miqdori 14 foiz — 21 foiz darajaga yetadi va bu meʼyor hisoblanadi. Shundan keyingina asalarilar asal quyilgan uyachani mum bilan qoplashadi. Natijada ushbu asal toʻlaqonli yetiladi.
Agar asalarichi asalni pishib yetilishini kutmasdan yigʻib olgan boʻlsa, undagi namlik miqdori 21 foiz dan koʻp boʻlib, bu asalni aynishiga olib keladi. Asal yigʻib olingandan soʻng 1-3 oy davomida kristallasha boshlaydi va qatlam hosil qilishga kirishadi.
Aynigan asal saqlanayotgan idish yuzasida suyuqlik kundan-kunga koʻpayib boradi va u asosiy massaning yarmigacha yetadi. Keyinchalik yuqori qatlamda koʻpik hosil boʻlib, asal taʼmi buzila boshlaydi. Uning koʻrinishi ham odatiy rangdan farq qiladi. Bu aynigan asal boʻlib, u isteʼmolga yaroqsizdir.