Asrlar osha mustahkamlangan qardosh xalqlar doʻstligi

    Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi bilan har yili 30-iyul – Xalqaro doʻstlik kuni sifatida butun dunyoda keng nishonlanadi.

    Prezidentimiz 2020-yil 29-dekabrda Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida ushbu sanani Oʻzbekistonda “Xalqlar doʻstligi kuni” deb belgilashni taklif etgan edi. Bu taklif zamirida jamiyatda barqarorlik, tinchlik va totuvlikni taʼminlash, fuqarolar ongida katta, koʻp millatli yagona oilaga mansublik tuygʻusini mustahkamlash, milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlari faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va yana-da rivojlantirish, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni kengaytirish kabi ezgu maqsadi mujassam.

    Xalqlar doʻstligi kuni — insonlar, xalqlar, davlatlar, umuman olganda jamiyatning turli qatlamlari hamda tuzilmalari oʻrtasida hamjihatlik, bagʻrikenglik, millatlararo totuvlikni mustahkamlash va doʻstlik aloqalarini yana-da rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

    Oʻzbekistonda bugungi kunda 130 dan ortiq millat va elat vakillaridan iborat 34,5 million aholi istiqomat qiladi. Respublika davlat taʼlim muassasalarida oʻqitish oʻzbek, rus, qoraqalpoq, qozoq, qirgʻiz, tojik va turkman tillarida olib boriladi. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi oʻndan ortiq tilda eshittirishlar, mahalliy bosma ommaviy axborot vositalari esa 14 tilda chop etilmoqda. Respublikada 138 ta milliy madaniy markaz va 34 ta doʻstlik jamiyatlari faoliyat yuritmoqda.

    Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazining vazifalari sirasiga “Respublikamizda istiqomat qilib kelayotgan SHHTga aʼzo davlatlar xalqlari hisoblangan rus, qozoq, qirgʻiz, tojiklar orasida millatlararo hamjihatlik va bagʻrikenglikni taʼminlashga qaratilgan davlat siyosatini izchil amalga oshirish, doʻstlik va koʻp millatli yagona oila tuygʻusi muhitini mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash” kiradi.

    Dunyoda oʻzbekning bagʻrikenglik, mehmondoʻstlik va mardlik fazilatlarini tarannum etuvchi, II jahon urushi pallasida soʻnggi burda nonini millat va din ajratmay baham koʻra olgan yuksak insoniy xislatlar ramzi boʻlmish Shoahmad Shomahmudovlar oilasiga bagʻishlangan haykal, “Xalqlar doʻstligi” nomi bilan ataluvchi konsert saroyi, metro bekati, bosh maydon va shohkoʻcha prezidentimizning saʼy-harakatlari bilan qayta tiklandi.

    Bu esa Oʻzbekistonning ahil qoʻshnichilik muhitini, yaʼni “farovonlik kamari”ni shakllantirish borasidagi tashabbusining amaliy ifodasidir.

    Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning aholisi eng koʻp, boy tabiiy zaxiralarga ega va geografik jihatdan qulay joylashgan mamlakati boʻlib, mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida hal qiluvchi oʻrin tutadi.

    Shuning uchun ham davlatimiz olib borayotgan tashqi siyosat, qoʻshni mamlakatlar bilan munosabati qariyb 70 millionlik aholisi boʻlgan butun mintaqa taqdiriga daxldorligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Xalqaro ekspertlar, jahon ommaviy axborot vositalari asosiy eʼtiborini Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mintaqa davlatlari bilan olib borayotgan tashqi siyosatiga qaratayotganining boisi ham aslida shunda.

    Qayd etish kerakki, davlatimiz rahbari 2016-yilning 8-sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisidagi nutqida mamlakatimizning milliy manfaatlarini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega boʻlgan Markaziy Osiyo mintaqasida joylashgan davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlash — Oʻzbekiston tashqi siyosiy faoliyatining asosiy ustuvor yoʻnalishi ekanligini taʼkidlar ekan, “Biz oʻzimizning yaqin qoʻshnilarimiz Turkmaniston, Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻiziston bilan ochiq, doʻstona va pragmatik siyosat olib borishga sodiq qolamiz”, degandi.

    Maʼlumki, 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi vazifalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishda “xalq diplomatiyasi” mexanizmlaridan har tomonlama foydalanish nazarda tutilgan.

    “Farovonlik kamari”ni shakllantirishning muhim omillaridan yana biri, shubhasiz, qoʻshni davlatlar bilan madaniy va gumanitar hamkorlikni, qardosh xalqlar muloqotini, ularning oʻzaro bordi-keldisini kengaytirish hisoblanadi. Ushbu tamoyilni hayotga tatbiq etish maqsadida davlatimiz chegaradosh viloyatlarimiz aholi vakillarining qoʻshni davlatlarga “xalq diplomatiyasi” koʻrinishidagi tashriflari uyushtirildi.

    Masalan, oʻzbek va qozoq xalqlari azaldan yonma-yon yashagan, qavmi qarindosh boʻlgan. Prezidentimiz tashabbusi bilan ikki mamlakat hududlari oʻrtasidagi aloqalarga keng yoʻl ochilgani hamkorligimizni yana-da mustahkamlamoqda. Oʻzbekistondan Qozogʻistonga, Qozogʻistondan Oʻzbekistonga turli darajadagi delegatsiyalar tashrif buyurdi. Joriy yil Toshkent viloyati delegatsiyasi Qozogʻistonda, Qiziloʻrda, Sharqiy Qozogʻiston va Janubiy Qozogʻiston viloyatlari delegatsiyalari Oʻzbekistonda boʻldilar. Bunday tashriflar nafaqat chegara hududlarida yashayotgan aholini, balki butun mintaqa vakillarini quvontirdi.

    2018-yil Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili deb eʼlon qilingan edi. Ushbu sana doirasida madaniyat, sanʼat, adabiyot, ilm-fan, turizm va boshqa sohalarda 100 dan ziyod tadbirlar oʻtkazildi. Teatr va folklor-etnografik jamoalari, estrada xonandalarining ijodiy safarlari uyushtirildi. Olma ota shahrida oʻzbek adabiyoti kunlari, Taraz, Chimkent, Qiziloʻrda, Turkiston shaharlarida oʻzbek kinosi kunlari boʻlib oʻtdi.

    Davlatimiz rahbarining 2018-yil 13-martdagi qaroriga muvofiq qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qoʻnonboyev ijodiy merosini oʻrganish tashkil etildi. Qozogʻistonda buyuk bobomiz Alisher Navoiy tavalludining 577-yilligi keng nishonlandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida strategik sheriklikni yana-da chuqurlashtirish va ahil qoʻshnichilikni mustahkamlash toʻgʻrisida imzolangan qoʻshma deklaratsiyada tomonlar bundan buyon ham ikki davlat hududida istiqomat qilayotgan oʻzbek va qozoq diasporalari uchun ona tili, milliy madaniyati, anʼana va urf-odatlarini saqlash hamda rivojlantirish masalalarida qulay sharoit yaratib berishni oʻz zimmalariga oldi.

    Bunday ahdlashuvga Turkmanistonga tashrif doirasida ham erishildi. Binobarin, joriy yil 4-5-fevral kunlari Buxoro va Xorazm viloyatlari delegatsiyalarining Turkmanistonning Lebap hamda Toshhovuz viloyatlariga tashriflari ham tegishli hududlar maʼmuriyatlari rahbarlari, ishbilarmon va jamoatchilik doiralarining vakillari ishtirokidagi muzokaralarga boy boʻldi.

    Tashrif qatnashchilari qardosh mamlakat hamda xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va hurmatga asoslangan bunday munosabatlarning yuqori darajasidan alohida qoniqish bildirdi. Shuningdek, mintaqalararo darajadagi toʻgʻridan-toʻgʻri hamda yaqin sheriklik aloqalarini, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlarni rivojlantirish muhim ekanligi qayd etildi. Shuni taʼkidlash oʻrinliki, bugungi kunda Oʻzbekistonning turli viloyatlarida qariyb 189 ming nafar turkman qardoshlarimiz istiqomat qiladi. Bu millat farzandlari uchun 47 ta maktabda turkman tilida taʼlim olish imkoniyati yaratilgan.

    Bu kabi doʻstlik rishtalarini mustahkamlovchi tashriflar boshqa qoʻshni mamlakatlar bilan ham amalga oshirilmoqda.

    Chunonchi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov joriy yilning 11-12-mart kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda boʻldi.

    11-mart kuni Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi. Unda qardosh xalqlar oʻrtasida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, ishonch va strategik sheriklikka asoslangan munosabatlarni yana-da mustahkamlash va rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

    Muzokaralar yakunida koʻp qirrali Oʻzbekiston – Qirgʻiziston sherikligining deyarli barcha yoʻnalishlarini qamrab olgan 22 ta hujjat imzolandi.

    Joriy yilning 10-iyun sanasida Tojikiston Respublikasining muhtasham «Koʻhi Borbad» sanʼat saroyida Oʻzbekiston va Tojikiston sanʼat ustalari ishtirokida konsert boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Tojikiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish yoʻlidagi ulkan xizmatlari uchun Tojikistonning yuksak mukofoti — I darajali «Zarrintoj» ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi farmoni oʻqib eshittirildi. Ordenni davlatimiz rahbariga Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon tantanali ravishda topshirdi.

    Davlatimiz rahbari yuksak eʼtibor uchun minnatdorlik bildirib, ushbu mukofot katta hurmat va ishonch ifodasi, xalqlarimiz oʻrtasidagi yaxshi qoʻshnichilik rishtalarini mustahkamlash borasidagi birgalikdagi saʼy-harakatlar eʼtirofi ekanini taʼkidladi.

    Mamlakatlarimiz yaqin qoʻshni, xalqlarimizning muqaddas yeriyu suvi, dini bir, tarixi va taqdiri, tashvishu shodliklari mushtarak ekani qayd etildi.

    Keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlarda ulkan oʻzgarishlar roʻy berib, ularni Oʻzbekiston va Tojikistondagi millionlab odamlar oʻz kundalik hayotida his etmoqda.

    Bu Oʻzbekiston—Tojikiston munosabatlarining yangi modeli, yangi muhitida oʻz aksini topmoqda. Eng muhimi, barcha saʼy-harakatlarimiz va amaliy ishlarimiz xalqlarimiz manfaatlari va orzu-intilishlariga toʻliq mosdir.

    Prezidentimiz ikki mamlakat sanʼat ustalarining konsertlari xalqlarimiz oʻrtasidagi abadiy va samimiy doʻstlikni ifodalovchi yaxshi anʼanaga aylangani, sanʼat xalqlarni yaqinlashtirishda muhim oʻrin tutishini qayd etib oʻtdi.

    Tinchlik va osoyishtalikni asrash, kelajak avlodlar uchun mamlakatlarimizning barqaror va izchil taraqqiyotini taʼminlash — umumiy burchimizdir.

    Dushanbe shahrida boʻlib oʻtgan konsert dasturida isteʼdodli sanʼatkorlar xalqlarimiz madaniyatining boyligi, oʻziga xosligi va shu bilan birga mushtarakligini namoyish etdi.

    Bundan koʻzlangan asosiy maqsad hamkorlik, bagʻrikenglik, millatlararo totuvlikni mustahkamlash va odamlar, davlatlar va umuman jamiyatning turli tuzilmalari oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yana-da rivojlantirishdir.

    Muxtasar aytganda, Oʻzbekistonning qoʻshni mamlakatlar bilan munosabati doʻstona, yaqin qoʻshnichilik, oʻzaro manfaatlarni tan olish hamda har qanday masalani hal qilish uchun muloqotga tayyorlik tamoyiliga asoslanadi. Bunday yondashuv, yaʼni yurtimiz atrofida “farovonlik kamari”ni shakllantirishning pirovard maqsadi mintaqada barqarorlikni mustahkamlash, xalqlarimiz uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish hamda mamlakatlarning barqaror surʼatlarda rivojlanishiga xizmat qiladi.

    Faxriddin OTBOSAROV,

    Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining

    Xalq diplomatiyasi markazi

    Madaniy-gumanitar aloqalar boʻlimi boshligʻi