Davlat kadastrlari palatasi tomonidan auksion savdosida jismoniy shaxs ishtiroki tartibiga bagʻishlab oʻtkazilgan press turda shular haqida maʼlumot berildi.
Qayd etilishicha, Vazirlar mahkamasining 2022-yil 12-fevraldagi qaroriga koʻra, auksionga chiqarilgan obyektlarni sotishga va oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirishga faqat auksionda kamida ikkita ishtirokchi qatnashganda ruxsat beriladi.
Xabarnoma joylashtirilgan paytdan boshlab auksion yakunlangunga qadar ishtirokchi obyektni sotib olish (ijaraga olish) boʻyicha auksion qadamiga bogʻlanmagan va savdo boshlangunga qadar boshqa ishtirokchilarga oshkor etilmaydigan oʻz narx taklifini kiritish mumkin.
Agar auksion jarayonida obyekt narxi qadamga bogʻlanmagan narx taklif etgan ishtirokchi tomonidan taklif etilgan narxdan oshsa, unga platforma orqali xabar yuboriladi va auksion ishtirokchilariga navbatdagi narxni belgilangan tartibda oshirish uchun oʻn daqiqa vaqt beriladi.
Auksionda ishtirokchi tomonidan auksion qadamiga bogʻlanmagan holda berilgan narx auksion kuni inobatga olinadi va bu ishtirokchining auksion obyektini shu qiymatda sotib olish istagini tasdiqlaydi.
Tegishli lot boʻyicha auksion boshlanishidan oʻttiz daqiqa oldin savdo platformasida avtomatik rejimda auksion boshlanishi toʻgʻrisidagi axborot shakllantiriladi va eʼlon qilinadi.
Agar auksion boshlanganda ikki va undan ortiq ishtirokchilarning auksion qadamiga bogʻlanmagan holda taklif etgan narxlari qiymati teng boʻlsa, barcha ishtirokchilarga navbatdagi narxni taklif etishlari uchun vaqt taqdim etiladi va bunda:
- ishtirokchilardan birontasi obyektni sotib olish (ijaraga olish) boʻyicha taklif etgan narxini belgilangan bosqichga oshirish yoʻli bilan sotib olish istagini taqdim etiladigan navbatdagi oʻn daqiqa davomida tasdiqlamasa, obyekt uchun birinchi boʻlib narx taklif etgan ishtirokchi gʻolib deb topiladi;
- agar ishtirokchilardan biri obyektni sotib olish (ijaraga olish) boʻyicha narxni bir auksion qadamiga oshirish yoʻli bilan sotib olishni (ijaraga olishni) tasdiqlasa yoki auksion qadamiga bogʻlanmagan narx taklif etsa, boshqa ishtirokchilarga keyingi narxni tasdiqlash uchun navbatdagi 10 daqiqa vaqt beriladi;
- joriy narx oshirilganidan keyin bironta ishtirokchi joriy narxni bir auksion qadamiga oshirish yoʻli bilan sotib olishni (ijaraga olishni) tasdiqlamasa, sotib olishni (ijaraga olishni) oxirgi boʻlib tasdiqlagan ishtirokchi gʻolib, deb eʼtirof etiladi.
Shu davrgacha eng qimmat sotilgan yer uchastkasi, qayerda va qanchaga sotilgan?
Hozirgi kungacha eng qimmat narxga sotilgan yer uchastkasi Toshkent shahar, Yashnobod tumanida Toshkent MFYda joylashgan boʻlib, ushbu yer uchastkasi auksion savdolarida qariyb 89 milliard 78 million 645 ming 250 soʻmga sotilgan.
Yer uchastkasi auksionida qanchadan qanchagacha odam qatnashadi?
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-fevraldagi qaroriga koʻra, auksion kamida ikki nafar ishtirokchi mavjud boʻlganda oʻtkaziladi. Auksionga chiqarilgan obyektlarni sotishga va oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirishga faqat auksionda kamida ikkita ishtirokchi qatnashganda ruxsat beriladi.
Doimiy ravishda eng qimmat narxlarda sotiladigan hududlar qaysilar, eng arzoni-chi?
Oʻtkazilgan kuzatuv va tahlillarga koʻra, respublikamizning Toshkent shahri hamda Toshkent viloyati doimo eng qimmat narxlarga sotiladigan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumani va barcha viloyatlarning chekka hududlaridagi yer uchastkalari eng arzon narxlarda sotiladi.